
Xorijlik ekspertlar qaysi bokschilarimiz Parijda chempion bo‘lishini aytdi!
Parij shahri mezbonlik qilayotgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida birin-ketin sport turlari bo‘yicha musobaqalar boshlanmoqda.
Sport sohasi mutaxassislari sportchilarning to‘rtyillikning eng nufuzli musobaqasidagi ishtirokini tahlil qilib, muxlislarni o‘z xulosalari bilan tanishtirib borishi odatiy holga aylangan.
Dunyoga mashhur Sports Illustrated nashri ekspertlari Parij Olimpiadasining boks musobaqalariga oid tahlillari natijasini e’lon qildi. Ular etti vaznda erkaklar o‘rtasida va oltita og‘irlik toifasida xotin-qizlar o‘rtasidagi bellashuvlarda oltin medalni qo‘lga kiritishi mumkin bo‘lgan charm qo‘lqop ustalari ro‘yxatini tuzib chiqdi.
E’tiborli tomoni shundaki, nufuzli nashr ekspertlari bu galgi Olimpiya o‘yinlarida ham o‘zbek boks maktabi tarbiyalanuvchilarining imkoniyatini eng yuqori baholadi.
Tahllillarga ko‘ra, o‘zbekistonlik bokschilar erkaklar o‘rtasidagi bahslarda Olimpiadaning jami beshta medalini qo‘lga kiritishi kutilyapti.
Xususan, Sports Illustrated nashrining yozishicha, Hasanboy Do‘smatov, Abdumalik Xalakov va Bahodir Jalolov Parij Olimpiadasida ham shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tariladi. Bu boks ustalarining bari amaldagi jahon chempionlaridir. Hasanboy 2016 yilgi olimpiya chempioni va o‘sha musobaqada texnikasi eng zo‘r ishtirokchiga beriladigan Vel Barker kubogini qo‘lga kiritgan.
Do‘smatov hamon bu sovrinni o‘zida saqlab turibdi.
Bahodir Jalolov Olimpiya o‘yinlarining amaldagi chempioni sifatida o‘z unvonini yana bir bor himoya qilish uchun ringga chiqadi.
Shuningdek, xalqaro ekspertlar O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan jahon chempion Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jaevdan kumush, og‘ir vaznli bokschimiz Luzizbek Mullojonovdan bronze medal kutmoqda.
Sports Illustrated taxminlari bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi bahslarda qolgan oltin medallarga Sofyan Umia (Frantsiya), Sevon Okadzava (Yaponiya), Arlen Lopes (Kuba), Xulio Sesar La Krus (Kuba) ega chiqishi mumkin.
Xotin qizlar bellashuvida Buse Chakiroglu (Turkiya), Xuan Syaoven (Tayvan), Irma Testa (Italiya), Beatris Ferreyra (Braziliya), Yan Lyu (Xitoy) va Tammara Tibo (Kanada) kabi sportchilarning imkoniyatlari yuqori baholanmoqda.
Boks bo‘yicha O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi Parij ringlarida o‘zlariga ro‘baro‘ keladigan dastlabki raqiblarini bilib oldi. Ular bilan tanishing:
Boks bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi bahslar qur’a tashland. Vakillarimizning dastlabki janglari bilan tanishing:
-51 kg: Hasanboy Do‘smatov - Xesus de Lopes (Puerto-Riko)
-57 kg: Abdumalik Xalakov - Nebil Ibrahim (Shvetsiya) va Vasim Abusal (Falastin) bahsi g‘olibiga qarshi.
-63,5 kg: Ruslan Abdullaev - Martines Ramires (Meksika)
-71 kg: Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jaev - Omar Elavadi (Misr)
-80 kg: To‘rabek Habibullaev - Ef Marsyal (Filippin)
-92 kg: Lazizbek Mullojonov - Aziz Abbes Mohiddin (Italiya)
+92 kg: Bahodir Jalolov - Omar Mohamed Shiha (Norvegiya)
Eslatib o‘tamiz, o‘zbek sportchilari Olimpiya o‘yinlarida eng ko‘p oltin medalni aynan boks musobaqalarida qo‘lga kiritgan. Hozirga qadar ular beshta oltin, ikkita kumush va sakkizta bronza medalga ega chiqqan.
O‘zbek bokschilaridan Muhammadqodir Abdullaev (“Sidney-2000”), Hasanboy Do‘smatov, Shahobiddin Zoirov, Fazliddin G‘oyibnazarov (“Rio-de-Janeyro-2016 ”) va Bahodir Jalolov (“Tokio-2020”) Olimpiya o‘yinlari g‘olibi bo‘lgan.
Fikrlar