
Yana katta futbol qaytmoqda - poytaxt mezbonligidagi Superligani sog‘indingizmi?
Chempionatimizda karantin tufayli yuzaga kelgan ikkinchi tanaffusdan so‘ng yana o‘yinlarni davom ettirish arafasidamiz. Ostonamizda esa 10-tur bellashuvlari kutib turibdi. Istaymizmi-yo‘qmi, Superligadagi navbatdagi uzilish jamoalarning rejalariga o‘zgartirish kiritdi va futbolchilar yana boshqatdan o‘yin amaliyotiga qaytishga harakat qilishyapti. Bu borada murabbiylarga ham yana qo‘shimcha ish ko‘paydi.
Qolaversa, 10 avgustdan transfer oynasi ochilgach, jamoalar tarkibida keldi-ketdilar amalga oshyapti, murabbiylar bir tomondan qo‘l ostidagi yigitlarni bo‘lajak o‘yinlarga tayyorlashga urinayotgan bo‘lsa, ikkinchi tarafdan selektsiya ishlarini ham parallel ravishda olib bormoqdalar. Shu ma’noda aytganda, murabbiylar ayni qizg‘in ish ustida turishibdi. Yana o‘tgan safargidek, majburiy tanaffus qaysidir klublarga foyda, yana qaysidir jamoalarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Aytaylik, “Nasaf” birinchi karantindan keyin o‘zini o‘nglashi qiyin kechdi. AGMK, “Metallurg” kabilar esa bundan unumli foydalanishdi.
Ko‘ramiz, chempionatimizda yuz bergan ikkinchi tanaffus kimga qanday ta’sir ko‘rsatarkin? Anig‘i shuki, chempionatimiz cho‘zilib ketayotgani va pandemiya sababli PFL birinchi davraning qolgan to‘rtta turini markazlashgan holda Toshkentda o‘tkazishga qaror qildi. Shundan so‘ng ikkinchi davra borasida PFL yana klub rahbarlari va murabbiylari bilan alohida yig‘ilish o‘tkazadi. Bu endi keyingi masala, oldimizda turgan asosiy vazifa esa tezroq o‘yinlarni o‘tkazib olishdir. Shu bois e’tiborimizni yana Superliganing qolgan turlariga qaratamiz.
17 avgust (dushanba)
“Nasaf” – “So‘g‘diyona”
Ko‘pincha jizzaxliklar uchun “Nasaf” noqulay raqib sanaladi. Bu holat jamoalarning o‘zaro o‘yinlar statistikasida ham ko‘rinib turibdi. Hozirga qadar klublar 40 marotaba to‘qnash kelishgan. Tabiiyki, katta ustunlik qarshiliklar tarafida. 31 ta o‘yinda g‘olib chiqishgan va 7 ta bahsda “So‘g‘diyona”ning qo‘li baland kelgan. Qizig‘i, ularning ishtirokidagi bellashuvda durang juda kam kuzatilgan. Faqat ikki bor kuchlar teng kelgan xolos. Ahamiyatlisi, “So‘g‘diyona” oxirgi bor “Nasaf”ni 2008 yilgi mavsumda mag‘lub etgan. O‘shanda Jizzaxdagi uchrashuvda 2:1 hisobi qayd etilgandi. Shundan beri faqat “Nasaf”ning qo‘li baland kelmoqda. O‘tgan yilgi oxirgi bahsda esa 1:1 natijasi kuzatilgan. Agar statistika bo‘yicha fikr yuritadigan bo‘lsak, o‘z-o‘zidan Ro‘ziqul Berdiev jamoasining imkoniyatlari yuqori ko‘rinadi va amalda ham shunday. Ochig‘i, ikkala jamoaga ham qiyin bo‘lishi aniq. “Nasaf” esa dastlabki karantindan keyin ancha-muncha ochkolarni boy bergach, turnir jadvalida o‘ziga yarashmagan o‘rinda yuribdi. Shunday ekan, Berdiev oldingi xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqarganini “So‘g‘diyona” bilan uchrashuvda ko‘rishimiz mumkin.
“Bunyodkor” – “Metallurg”
Qizirqali o‘yin bo‘lishi aniq. “Bunyodkor” Vadim Abramov boshchiligida hujumkor va tavakkalona o‘yin ko‘rsatib kelmoqda. Andrey Shipilov esa “Metallurg”ni anchayin tajribaliroq jamoaga aylantira olganini ko‘rib turibmiz. Bu albatta murabbiyning topqirligi bilan bog‘liq. Katta ehtimol bilan “Bunyodkor” – “Metallurg” uchrashuvi murabbiylarning ham o‘ziga xos janggiga aylanadi. Ayniqsa, taktik tomondan qo‘llaniladigan uslublar ko‘p narsani hal qilishi mumkin. Bo‘lajak bahs jamoalarning 29-to‘qnashuviga aylanadi. Hozircha esa katta ustunlik bilan “Bunyodkor” oldinda. Boisi, ular 21 ta bahsda “Metallurg”ni mag‘lub etishgan. O‘z o‘rnida bekobodliklarda bunday imkoniyat 3 marta bo‘lgan xolos. Yana 4 ta bellashuv durang bilan intiho topgan. Oxirgi uchta o‘yindan beri “Bunyodkor”ning qo‘li baland kelmoqda. Eng qizig‘i, o‘sha bahslarda “Metallurg” hatto gol ham ura olmagan.
AGMK – “Lokomotiv”
Bu yil AGMKning “ishtahasi karnay”. Superligamizda hali mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan birgina jamoa aynan olmaliqliklar bo‘lib turibdi. Jamoa ustozi Mirjalol Qosimov o‘zi xohlagandek ikkita teng kuchli tarkibni yig‘a olgani ham nihoyat ushbu mavsumda qo‘l kelmoqda. “Lokomotiv” bilan uchrashuv oldidan ko‘pchilik AGMKning imkoniyatini yuqori baholashyapti. To‘g‘ri, ikkinchi karantindan jamoalar qanday holatda chiqishini hozirdan aniq aytish qiyin. Ammo Olmaliq jamoasida g‘olibona ruh saqlanib qolganini taxmin qilsa bo‘ladi. “Lokomotiv”da esa bunday emas, bizningcha. Shundoq ham o‘tkazilgan 9 ta turda temiryo‘lchilar o‘zlariga sira o‘xshamadi, qolaversa tarkibda jiddiy yo‘qotishlarga uchramoqda va bu holat hozir ham davom etmoqda. O‘z-o‘zidan bosh murabbiy Andrey Fyodorovning oldiga boshqa-boshqa muammolarni keltirib chiqarmoqda. Lekin statistikada vaziyat aksincha. Shu kungacha jamoalar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan 23 ta uchrashuvda “Loko” katta ustunlik bilan oldinda. Ular olmaliqliklarni 15 marta mag‘lub etishning uddasidan chiqishdi. AGMK esa faqat 4 bor g‘alaba qozondi. Yana 4 bellashuvda tomonlar durangga rozi bo‘lishgan. Oxirgi marta 2018 yilgi mavsumda Olmaliq jamoasi “Loko”ni 1:0 hisobida mag‘lub etgan.
18 avgust (seshanba)
“Qizilqum” – “Buxoro”
Hali g‘alaba nimaligini bilmay kelayotgan jamoalar o‘rtasidagi o‘yin. Rasmiy jihatdan mezbon “Qizilqum”, ammo barcha o‘yinlarning Toshkentda o‘tkazilishi natijasida deyarli viloyatdagi klublarni mezbon yoki mehmon nomiga ajratish ham shart emas. Shuni hisobga olsak, “Qizilqum” va “Buxoro”ning imkoniyatlari 50x50. Ikkalasida ham jiddiy o‘zgarishlar bo‘layotganini ko‘ryapmiz. Navoiyliklar safiga nomdor, tajribali futbolchilar qo‘shilayotgan bo‘lsa, buxoroliklarda ham murabbiylar o‘zgargan, jamoaga yangi qon quyilyapti. “Qizilqum” ham, “Buxoro” ham g‘alabaga tashna bo‘lib turishibdi. Demak, o‘yinga bo‘lgan qiziqish yuqori bo‘ladi va shiddat ham shunga yarasha. Qizig‘i, so‘nggi 8 ta uchrashuvdan buyon “Qizilqum” raqibini mag‘lub etishni uddalay olmayapti. 2015 yilgi mavsumda “Buxoro”ni taslim etishgan. Shundan beri yo durang, yoki buxoroliklar g‘alaba qozonib kelishmoqda.
“Qo‘qon-1912” – “Paxtakor”
Agarda bu o‘yin Qo‘qonda o‘tganida bormi, balki vaziyat boshqacharoq kechishi mumkin edi. Uchrashuv markazlashgan holda Toshkentda o‘tishi, baribir o‘z-o‘zidan “Paxtakor”ning imkoniyatini oshirishi turgan gap. “Qo‘qon-1912” esa joriy mavsumda ayniqsa, o‘z maydonida ancha tajovuzkor o‘yin ko‘rsatib g‘alabalar qozonib kelayotgandi. Safardagi uchrashuvlarda esa aksincha holat kuzatilayotgandi. Qiziq, navbatdagi bellashuvda qo‘qonliklarni nimalar kutayotgan ekan? O‘z-o‘zidan ayonki, “Paxtakor” ushbu juftlikda favorit. Boz ustiga ikkala klub o‘rtasida bo‘lib o‘tgan 28 ta uchrashuvning 16 tasida “Sherlar”ning qo‘li baland kelgan. “Qo‘qon-1912”ga esa bu borada 5 marta omad kulib boqqan. Shuningdek, 7 ta o‘yinda g‘olib nomi aniqlanmay qolgan. Qo‘qonliklar 2003 yilda “Paxtakor”ni 3:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan va o‘sha g‘alaba hozirgacha ular uchun oxirgisi bo‘lib turibdi. O‘z vaqtida “Paxtakor” sharafini himoya qilgan “Qo‘qon-1912” bosh murabbiyi Baxtiyor Ashurmatov sobiq jamoasiga qanday syurpriz tayyorlab qo‘yganini 18 avgust kuni bilib olamiz.
“Mash’al” – “Andijon”
G‘alaba nimaligini bilmay kelayotgan “Andijon” “Mash’al”ga qarshi o‘ynaydi. Jamoalarning oxirgi to‘qnashuvi 2016 yilgi mavsumda kuzatilgan bo‘lib, unda muborakliklar raqibini 5:0 hisobida tor-mor keltirgandi. Umuman aytganda, o‘zaro uchrashuvlardagi ustunlik “Mash’al”ning foydasiga. 30 ta o‘yinning 18 tasida “Andijon”ni engishgan. Shuningdek, 9 marta yutqazishgan va 3 bor durang kuzatilgan. E’tiborlisi, 2010 yilda “Andijon”da kechgan uchrashuvda 1:1 hisobi qayd etilgan va shundan beri ushbu jamoalar ishtirokidagi bahsda durang qayd etilmay kelmoqda. Yaqinda “Andijon” bosh murabbiyi Viktor Kumikov Sports.uz saytiga bergan intervyusida tezroq g‘alabasiz seriyaga barham bermoqchiligini va “Mash’al”ga qarshi bahsda buni uddalashmoqchiligiga sha’ma bergandi. Qolganini vaqt ko‘rsatadi.
19 avgust (chorshanba)
“Surxon” – “Navbahor”
Ushbu qarama-qarshilik ham qiziqarli kechishi aniq. “Surxon”da esa bir qator sobiq “navbahor”chilar to‘p surayotganidan xabaringiz bo‘lsa kerak. Jahongir Mehmonov, A’zam Aliev, Dilshod Jabborov, Aleksandr Kasyan kabi futbolchilar uchun ushbu to‘qnashuv yanada ahamiyatlidir. Qolaversa, Ravshan Haydarov “Surxon” bosh murabbiyi etib tayinlangach, bir bor yutqazdi va bir marta g‘alaba qozondi. Namanganliklarga qarshi bahs esa Haydarov uchun ham qaysidir ma’noda imtihon desak bo‘laveradi. Ikkala klubning ham oldiga qo‘yilgan maqsadi bor. “Navbahor” esa kuchli uchlik uchun kurash olib boryapti. Ammo “Surxon”da ham tajribali o‘yinchilar va murabbiy bor. Ushbu to‘qnashuv esa jamoalarning 27-qarama-qarshiligidir. “Navbahor” termizliklarni 18 marta yutishgan. “Surxon”ning bu borada 5 marta omadi chopgan va yana 3 ta bellashuv durang bilan tugagan. Qizig‘i, “Surxon” so‘nggi marotaba 2003 yili “Navbahor”ni mag‘lub etgan. Ko‘ramiz, termizliklar 17 yillik noxush an’anaga barham bera olarmikin?
Fikrlar