
"Yangi mavsumda eng yuqori darajada o‘yin ko‘rsatamiz" yoxud Nikola Lazarevich "Qizilqum"ni qanchalik o‘zgartira oladi?
Saytimiz o‘quvchilari yaxshi bilishadiki, “Qizilqum” klubiga serbiyalik Nikola Lazarevich bosh murabbiylik qiladi. Bu xususida Sports.uz saytida xabar berdik.
29 yanvar kuni 44 yoshga to‘ladigan mutaxassis Navoiyda ishga kirishdi. U klubi bilan mavsum oxiriga qadar mo‘ljallangan shartnoma imzoladi. Shundan so‘ng, Lazarevich Sports.uz muxbirining savollariga javob qaytardi.
- “Qizilqum” klubi bosh murabbiyiga aylandingiz. Aslida sizni bu erlarga qanday “shamollar uchirdi"?
- O‘tgan yili ham bu masala yuzasidan ular bilan suhbatlashgandik. Lekin o‘shanda bu ishlar oxiriga etmay qolgandi. Bu safar esa aniq taklif keldi va men rozi bo‘ldim. Aytishim mumkinki, biz tezda kelishuvga erishdik. Shu o‘rinda jamoa rahbariyatiga ham minnatdorchilik bildiraman. Ishonamanki, o‘rtamizdagi hamkorligimiz juda yaxshi chiqadi.
- Xorijdan kelgan murabbiy sifatida O‘zbekistonda birinchi bor ishlaysiz. Lekin nima uchun bir yillik shartnoma imzoladingiz? O‘ylagan rejalaringizni amalga oshirish uchun ushbu muddat siz uchun etarlimi?
- Murabbiylik ishi shundayki, u ertaga qaerda bo‘lishini hech qachon oldindan bila olmaydi. Ko‘p narsa natijaga bog‘liq. Shu bois shartnomalardagi shartlar borasida kelishayotgan chog‘imizda muddat masalasida uzoq o‘ylab o‘tirmadim.
- Unday bo‘lsa ayting-chi, klub rahbariyati oldingizga qanday vazifa qo‘ydi?
- Klub rahbariyati bilan juda ko‘p masalalarni maslahatlashdik. Binobarin, yangi mavsumga doir ishlarni ham gaplashib oldik. Bemalol aytishim kerakki, rahbariyat oldimizga yuqori vazifani qo‘ydi. Ya’ni, o‘zimiz ishtirok etadigan turnirlarda yaxshi natija uchun kurashish va o‘yinimizni o‘tgan yilgidan ko‘ra yanada kuchaytirish vazifasini qo‘ydi.
- “Qizilqum” tarkibi yangilanyapti. Tarkib qanday bo‘lishini istaysiz? Bosh murabbiy sifatida qaysi legionerlarni jamoangizda ko‘rmoqchisiz?
- Ha, tarkib o‘zgaradi. Ammo u qadar katta o‘zgarishlar yuz bermaydi. Klub bungacha bir nechta o‘yinchilar bilan shartnomalar imzolab bo‘ldi. Ular o‘zbekistonlik va shu bilan birga legionerlar bilan ham. Bizda to‘ldirishimiz kerak bo‘lgan yana bir-ikkita pozitsiyalar qoldi. O‘ylaymanki, Turkiyadagi yig‘inimizga qadar tarkibimizni to‘ldirib olamiz. Tarkib masalasida biz jamoa direktori Hamidjon Aktamov bilan maslahatlashamiz. Bu inson bilan gaplashishni boshlaganimizdan beri fikrlarimiz bir joydan chiqyapti.
- Ayting-chi, shartnoma tuzilayotganda sizni ko‘proq nima o‘ziga tortdi?
- Birinchi navbatda O‘zbekiston chempionatining sifati va darajasini aytgan bo‘lardim. Men hali ham o‘zbek futbolini Osiyodagi eng yaxshilaridan biri degan fikrdaman. Bu erda klublarning barqarorligi va rahbarlarning ambitsiyalari o‘ziga xos.
- Murabbiy sifatidagi qaysi o‘yin uslubi sizga yoqadi. Xo‘sh, yangi mavsumda “Qizilqum”da qanday o‘yinni qurmoqchisiz?
- “Qizilqum” klubining o‘yin uslubi va falsafasi haqida gapirishga hali erta. Ammo shuni aytishim mumkinki, “Qizilqum” yangi mavsumda eng yuqori darajada o‘yin ko‘rsatishga harakat qiladi.
- Yangi jamoangizning o‘tgan yilgi o‘yinlarini ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. Uning imkoniyatlarini qanday baholaysiz?
- Ha, ko‘rdim. Bu ham meni o‘ziga jalb qilgan vaziyatlardan biri. Klub rivojlanishda va yuqori natijalarga erishishi uchun davom etadi. Chempionatning har bir uchrashuvida chiroyli o‘yin ko‘rsatish ham biz uchun juda muhim.
- O‘zbek futbolidagi plyus va minuslar nimalardan iborat?
- Fikrimcha, yangi mavsum ham juda kuchli kechadi. Chunki sifatli va kuchli jamoalar etarlicha topiladi. Ko‘plab klublar chempionlikka da’vogarlar hisoblanmoqdalar. Raqobat ham yuqori darajada bo‘ladi. Shuningdek, o‘zbek futboli saviyasini oshirish yo‘lida mehnat qilayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyining ham sa’y-harakatlarini yodda tutish kerak. Shaxsan men uchun har doim o‘zbek futboli borasida ijobiy taassurotlarim bo‘lgan.
- Jamoaning 39 yoshli darvozaboni Ignatiy Nesterovning keyingi taqdiri nima bo‘ladi? U klubda qoladimi yoki...
- Ignatiy Nesterov yaqinda qaytadi va jamoa safiga qo‘shiladi. Ana shunda biz barchasini muhokama qilib olamiz. Fikrimcha, hozir bu masalada gapirishga hali erta. Uning yoshiga kelsak, bu yakuniy qarorimizga sabab bo‘la olmaydi.
- Bungacha oxirgi ishlagan klubingiz Saudiya Arabistonining “Al-Taavun” jamoasi edi. Bilishimcha, ular Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etadi...
- Umuman olganda, Saudiyadagi faoliyatimdan qoniqish hosil qildim. U erda futbol tashkilotchiligi juda yuqori darajada. O‘tgan yili Saudiya Arabistoni Kubogida yutqazib qo‘ydik. Ammo klub Osiyo Chempionlar ligasi saralash bosqichida ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Agar guruh bosqichiga chiqishsa, bundan faqat xursand bo‘laman.
Fikrlar