
Yaqin kunlarda "Turon" safiga bir qator tajribali futbolchilar kelib qo‘shilishi kutilmoqda
Superliga yangi mavsumiga hozirlik ko‘rayotgan "Turon" jamoasi mashg‘ulotlari poytaxtimiz Toshkent shahriga ko‘chadi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
5 fevral sanasidan davom ettiriladigan yig‘inda klub murabbiylar shtabi futbolchilarning jismoniy imkoniyatlarini yanada oshirish va optimal tarkibini shakllantirish bo‘yicha ish olib boradi.
Rejaga ko‘ra, mazkur o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari davomida bir nechta nazorat uchrashuvlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Xususan, yaypanliklar "Andijon", AGMK, "Yangier", "Metallurg" va "Mash’al" jamoalariga qarshi maydonga tushishadi.
Shuningdek, yaqin kunlarda jamoa safiga bir qator tajribali futbolchilar kelib qo‘shilishi kutilmoqda. Rejalashtirilgan nazorat uchrashuvlari sanalari hamda tarkibga jalb etilayotgan yangi futbolchilar haqida navbatdagi xabarlarimizda ma’lumot beramiz.
Fikrlar