"Yashirib nima qildim, Yaxshiboevning xizmati unchalik katta bo‘lgani yo‘q, ketishni istagani uchun qoldirishga urinmadim" - "Sherif" ustozi SPORTS.UZ muxbiriga intervyu berdi

  • 9 may, 2022, 12:42
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Xabaringiz bor, “Sherif” klubi yana bir bor Moldova chempionligini qo‘lga kiritdi. Ushbu jamoada bizning futbolchimiz – Jasur Yaxshiboev ham faoliyat olib bordi.

Tecno

“Sherif” bosh murabbiyi Yuriy Vernidub jamoasini barvaqt chempionlik shohsupasiga olib chiqdi. Sports.uz muxbiri Yuriy Nikolaevich bilan bog‘lanib, uni chempionlik bilan tabrikladi.

- Yuriy Nikolaevich, ma’lumki, siz ixtiyoringizdagi klubni muddatidan oldin chempionga aylantirdingiz. Bu vazifa qanday bajarilgani haqida to‘xtalib o‘tsangiz?

- Mavsum tugashiga 3 tur qolganida chempionlikni muddatidan oldin qo‘lga kiritishga erishdik. Biz murabbiylar shtabi boshlab qo‘ygan ishimizni oxiriga etkazdik. Ayni paytda dilimni bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan hislar qamrab olgan. Bir tomondan olib qaraganda, chempionlik sururi qalbimni quvonchga to‘ldirsa, ikkinchi tomondan yurtimdagi notinch vaziyat dilimni xira qilmoqda.

- Hamyurtimiz Jasur Yaxshiboev chempionlik unvoni qo‘lga kiritilishida qanchalik hissa qo‘sha oldi? Shu haqda ham fikr bildirsangiz?

- Yashirib nima qildim, Jasur Yaxshiboevning bu yo‘ldagi xizmati unchalik katta bo‘lgani yo‘q. O‘zingiz ham bilsangiz kerak, u Polshaga yo‘l olishni istagandi. Ammo bir qancha muammolar bunga to‘sqinlik qildi. Oxir–oqibat u jamoadan ketishga qaror qildi. Ijara muddati tugadi. Menda uning qarorini qabul qilishdan boshqa chora qolmadi. Shuni ta’kidlashim joizki, Yaxshiboev – juda mahoratli futbolchi. U ketishni istagani bois klubda olib qolishga harakat qilmadim.

vernidub2_1

- Demak, Jasur Yaxshiboev “Sherif”dan rasmiy ravishda ketdimi?

- Uning ketishi bilan bog‘liq masalaning hammasi menga oshkor qilinmadi. Futbolchi jamoani tark etishni istadi, bunga qarshilik qilmadik. Men bu savolingizga shunday javob qaytarishim mumkin xolos.

- Bundan chiqdi, Jasurning “Sherif” qaytish ehtimoli qolmabdi-da?

- Buni ham bilmayman. Yaxshisi, bu xususidagi savol bilan klub rahbariyatiga murojaat qilsangiz bo‘ladi. Mavsumning oxirida jamoani boshqarmadim. Boya aytganimdek, boshlagan ishimizni murabbiylar shtabidagi yordamchilarim oxiriga etkazishdi.

vernidub1_2

- Bilamizki, joriy mavsum Chempionlar ligasi finaliga yo‘l olgan yarim finalda aqlbovar qilmas kambekni amalga oshirgan “Real” turnirni “Sherif”ga qarshi guruh bosqichidagi ilk turda mag‘lubiyat bilan boshlagan edi. Sizningcha, “Liverpul”ga qarshi kechadigan bo‘lajak finalda kim g‘olib chiqishi mumkin?

- Men finalda “Real”ga muxlislik qilaman. Klubga hal qiluvchi bahsni yutishini tilab qolaman.

- Finaldan oldingi fikr-mulohazalaringiz qanday?

- Albatta, “Real” ham, “Liverpul” ham top maqomdagi klublardir. Ammo men yuqorida aytib o‘tganimdek, madridliklarga muxlislik qilib, g‘alaba qozonishlarini tilab qolaman.

- Tasavvur qiling: agar Yurgen Klopp sizdan “Real”ni qanday qilib dog‘da qoldirish mumkinligi haqida maslahat so‘rasa, unga nima degan bo‘lardingiz?

- O‘ylaymanki, Yurgen Klopp bunday iltimos bilan menga chiqmaydi. Chunki u zamonaviy futbolning eng yaxshi murabbiylaridan biridir. Shundoq ham Klopp ixtiyoridagi klub bilan finalda g‘alaba qozonish uchun qanday ishlarni bajarishi kerakligini yaxshi biladi.

vernidub3_1

- Keyingi rejalaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz degandim. Mana, “Sherif”ni chempionga aylantirdingiz. Odatda, murabbiy bir klubda bunday vazifani bajarsa, yangi chorlovlarga tayyor turadi. Demoqchimanki, sizda ham shunday istak bormi yoki bundan keyin ham “Sherif”da ishni davom ettirib, uni yana chempionga aylantirmoqchimisiz?

- Hozirda bu savolingizga javob berishim g‘oyatda mushkul. Ukrainadagi vaziyat sabab biror reja tuzish qiyin, mamlakatda tezroq tinchlik bo‘lishini istayman.

- Yuriy Nikolaevich, o‘zbek futbolini ham kuzatib borishga vaqt topyapsizmi?

- Afsuski, so‘nggi oylarda menda buning uchun umuman imkoniyat bo‘lmayapti.

- O‘zingizni o‘zbek futbolida, aytaylik, “Paxtakor”, “Bunyodkor” singari dongdor klublarda sinab ko‘rishni istagan bo‘larmidingiz?

- Murabbiy uchun yangi chorlovlarni qabul qilish, doim qiziqarli. Ammo hozir bunday orzulardan chekinishga to‘g‘ri keladi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Baxil Alihuja
09/05/2022 13:17
Ахмокона интервью! Кассобга жон кайгуси, эчкига мол кайгуси. Юртида нотинчлик булаётган тренерга Узбек футболи хакида савол бериш гирт тентакни иши! Барча саволлар жуда кулгили ва ахмокона