
Yaxshiboev endi Evropa Ligasida o‘ynaydi!
Jasur Yaxshiboev 2022 yilda ham Evropa miqyosidagi musobaqada ishtirok etadi. Bu gal hamyurtimiz “ko‘hna qit’a”ning ikkinchi turniri – Evropa Ligasida to‘p tepadi.
O‘z tarixida ilk bor Evropa chempionlar ligasining guruh bosqichida ishtirok etgan “Sherif” bu galgi turnirning haqiqiy sensatsiyasi bo‘ldi. Dastlabki ikki turda “Shaxtyor” va “ Real”ni mag‘lubiyatga uchratgan Moldova chempioni aynan mana shu g‘alabalar evaziga Evrokuboklardagi yurishini davom ettiradi.
Gap shundaki, Jasur Yaxshiboev jamoasi ketma-ket ikki g‘alabadan so‘ng, keyingi uchta uchrashuvni boy berdi. Beshinchi turda Yuriy Vernidub shogirdlari o‘z maydonida “Real” ustunligini tan oldi – 0:3.
“Santyago Bernabeu”dagi dastlabki uchrashuvda “Real” darvozasiga gol urib, “Sherif”ning tarixiy g‘alabasiga poydevor qo‘ygan Jasur Yaxshiboev o‘sha o‘yindagi jarohatidan to‘liq tiklanmagani bois, Tiraspoldagi bahsda ishtirok etmadi.
Guruhdagi qolgan ikki jamoa – “Inter” va “Shaxtyor” to‘qnashuvida Italiya chempioni ukrainaliklar darvozasiga javobsiz bir juft to‘p kiritdi. Aynan mana shu natija moldovaliklarning guruhda uchinchi o‘rin olishi va shu orqali Evropa ligasida ishtirok etishini ta’minladi. Guruhdagi so‘nggi uchrashuvda “Real” va “Inter” birinchi o‘rin masalasi hal qilsa, “Shaxtyor” o‘z uyida “Sherif”ni enggan taqdirda ham so‘nggi o‘rinda qoladi.
- Men yigitlar uchun juda xursandman. Ularning sha’niga biror nojo‘ya gap aytishga til bormaydi. “Real” biz bilan o‘yinga jangovar tarkib bilan kelganining o‘zi ham ular bizni hurmat qilishi va uchrashuvga jiddiy tayyorlanganini bildiradi.
Bunaqa gaplarni hech gapirmaganman, lekin jarimadan kiritilgan birinchi goldagi holatda, menimcha, o‘yin qoidasi buzilmagan edi. Futbolchimiz to‘pga birinchi tegindi va uni tepib yubordi. Raqibga teginga bo‘lsa ham, to‘p tepib yuborilganidan keyin bo‘ldi. “Real” buyuk klub, shuning uchun ham jarima zarbasi belgilandi. Agar bu vaziyat “Real” darvozasi oldida yuz berganida, aminmaki, jarima belgilanmas edi.
Biz bu gal ko‘rsatgan o‘yin sifati Madridda biz “Real”ni enggan uchrashuvdagidan yuqori bo‘ldi. Biz Evrokuboklarda yurishni davom ettirishimiz “Sherif” uchun katta yutuqdir.
Mening shartnomam 2022 yilning yozigacha davom etadi. Hozircha, bor fikru xayolim “Sherif” bilan. Chempionlar ligasi guruh bosqichi bahslari va milliy chempionat yakunlanishini kutaylik. Keyin hammasi aniq bo‘ladi. Yashirmayman, har bir murabbiy yanada jiddiy loyiha va yanada kuchli klub haqida orzu qiladi. Men ham bundan mustasno emasman, - dedi Yuriy Vernidub.
Jasur Yaxshiboevning “Sherif” bilan ijara shartnomasi 2022 yilning yozigacha davom etadi. Agar legionerimizning faoliyatida favqulodda burilish bo‘lmasa, Jasur Evropa Ligasi o‘yinlarida ishtirok etadi.
Fikrlar