
Yosh bokschimiz tajribali Elnur Abduraimovning nokautlar seriyasini to‘xtatdi!
Rossiya poytaxti Moskva shahrida tashkil etilgan professional boks kechasi natijalari e’lon qilindi. Turli mamlakatlardan kelgan kuchli charm qo‘lqop ustalari ishtirokida o‘tkazilgan musobaqada o‘zbek boks maktabi tarbiyalanuvchilari ham reyting janglarida ishtirok etdi.
Taniqli bokschilarimizdan Elnur Abduraimov professionallar o‘rtasidagi ettinchi jangini 20 yoshli Sherzod Abdurahmonovga qarshi o‘tkazdi. Olti raundlik bellashuvda Sherzod tajribali raqibiga jiddiy qarshilik ko‘rsatdi. Oxirigacha keskin va murosasiz kurashlarga boy bo‘lgan bellashuvda Abduraimov ochkolar hisobida g‘olib chiqdi.
Elnurning oltita uchrashuvdan iborat nokautlar seriyasi, shu tariqa, ettinchi jangda to‘xtadi.
Musobaqaning asosiy jangida Mirzakamol Ne’matov rossiyalik tajribali bokschi Marat Xuzeevga qarshi ringga chiqdi. Kuchli zarbaga ega bokschimizga bu to‘qnashuvni o‘z foydasiga hal qilish uchun 42 soniya kerak bo‘ldi xolos. Professional ringda 39-jangini o‘tkazgan rossiyalik charm qo‘lqop ustasi o‘zbek yigitining mushtidan keyin o‘rnidan tura olmadi.
Mirzakamol Ne’matov ketma-ket to‘rtinchi g‘alabasini nishonladi.
Ta’kidlash joizki, Marat Xuzeevni o‘z davrida mashhur bokschilar bilan ham jang qilib, nom qozongan. Xususan, rossiyalik bokschi amaldagi jahon chempioni Saul Alvares, Aydin Seljuk, Viktor Plotnikov, Reda Zam Zam kabi taniqli charm qo‘lqop ustalari bilan bellashgan.
Bundan tashqari, o‘zbekistonlik bokschilardan Shohjahon Ergashev va Muzaffar Rasulov Xuzeevni nokaut qilgan bo‘lsa, Baxtiyor Jo‘raev imkoniyatni boy berib qo‘ygan edi.
Farg‘onalik Bahromjon Fozilov ham uchrashuvni muddatidan oldin yakunladi. Tojikistonlik Nozimjon Tojiboevga qarshi o‘tkazilgan jangning ikkinchi raundida hamyurtimizning aniq zarbasi ta’sirida tojikistonlik bokschi ringga quladi va oyoqqa tura olmadi.
Bahromjon bir mag‘lubiyat va ikki durangdan so‘ng, ketma-ket ikkinchi nokautini nishonladi.
Havaskor boksda katta tajriba to‘plab, keyin professional faoliyatini boshlagan Sanjar Tursunov ham o‘zbekistonlik boks muxlislarini xushnud etdi. Ikki yildan ko‘proq vat mobaynida ringga chiqmagan Sanjar ancha tajribali raqibga ro‘baro‘ keldi. Belaruslik Yuriy Bixovtsev olti raundlik reyting jangida hamyurtimizga jiddiy qarshilik ko‘rsatdi. Biroq, bu gal yoshlik shijoati tajribadan ustun keldi va Tursunov ketma-ket ikkinchi g‘alabasiga erishdi.
Yana bir bokschimiz Abbos Mahamatyo‘ldoshev to‘rt yillik tanaffusdan keyin yana ringga qaytdi. Moskvada shug‘ullanayotgan hamyurtimizning professional ringdagi faoliyati omadsiz boshlangandi. 2015 va 2017 yillarda ikkitadan uchrashuvda mag‘lubiyatga uchragan Abbos yagona g‘alabasidan so‘ng, faoliyatini to‘xtatgandi.
23 yoshli andijonlik bokschi bu yildan faoliyatini tikladi va beshinchi jangini rossiyalik Nachin Chambolduga qarshi o‘tkazdi. To‘rt raundlik jangda kuchlar teng keldi va hakamlar bir ovozdan durang natija berdi.
Fikrlar