
Yoshlarimiz Shvetsiyadan oltin medallar bilan qaytishdi
Joriy yilning 17-21 iyul kunlari Shvetsiyaning Gyoteborg shahrida imkoniyati cheklangan futbolchilar o‘rtasida "Gothia Cup" turniri bo‘lib o‘tdi.
Dunyoning 60 dan ziyod mamlakati jamoalari ishtirok etgan musobaqaning guruh bosqichini muvaffaqiyatli yakunlagan hamyurtlarimiz hal qiluvchi bahsda mezbon – Shvetsiya terma jamoasiga qarshi maydonga chiqishdi. Uchrashuvda to‘liq ustunlikka erishgan jamoamiz raqiblarini 5:0 hisobida mag‘lub etib, tarixda ilk bor chempionlikni qo‘lga kiritishdi.
Kecha, 22 iyul kuni Shvetsiyadan qaytib kelgan chempion jamoamizni Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vazirligi, Toshkent viloyati Sportni rivojlantirish bosh boshqarmasi vakillari hamda sportchilarning yaqinlari tomonidan tantanali kutib olindi.
"Terma jamoa safida viloyatimizning Oqqo‘rg‘on tumanidagi 78-sonli maxsus maktab-internati tarbiyalanuvchilaridan Shuhrat Jo‘raev, Dilshod Jo‘raev, Denis Nikitin, Dilmurod Azimov va murabbiy Azamat Mo‘minov ham mazkur xalqaro turnirda ishtirok etib, chempionlar safidan joy olishdi",-deydi Toshkent viloyati Sportni rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Rustam Boboqulov.
Fikrlar