
"Yubiley mavsumda sovrin yutishga harakat qilamiz, barcha iqtidorlar birinchi navbatda "Andijon"da to‘p surishadi" yoxud klub bosh direktori jamoaning yangi maqsadlari haqida
“Andijon” klubida yuz berayotgan o‘zgarishlardan yaxshi xabardorsiz. Jamoa bosh direktori sifatida Ulug‘bek Mirzaev ish boshlagan bo‘lib, jamoa nufuzini oshirish bo‘yicha samarali harakatlar olib borilmoqda.
Ayniqsa, Superligada munosib qatnashish va o‘z o‘rniga ega bo‘lish maqsadida amaliy ishlar boshlangan. Shu maqsadda “Andijon” jamoasining yangi bosh direktori klub matbuot xizmatining jamoa muxlislarini qiziqtiradigan savollariga javob berdi.
- Ulug‘bek Abdusattorovich, zimmangizga mas’uliyatli vazifa yuklandi va “Andijon” klubi bosh direktori sifatida ish boshladingiz. Aytish mumkin bo‘lsa, bu taklif siz uchun kutilmagan holatda yuz berdimi yoki qachondir bilim va tajribangiz bilan jamoada ishlash niyatida edingizmi?
- Avvalambor, bildirgan tabrik va yaxshi tilaklar uchun minnatdorchilik bildiraman. Shu bilan birga barcha andijonlik muxlislarni 2022 yilgi mavsum muvaffaqiyatli o‘tganligi, “Andijon” jamoasini Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritganligi bilan muborakbod etaman. Alohida aytib o‘tish kerakki, “Andijon” futbol klubi o‘tgan davr mobaynida katta ishlarni amalga oshirdi. Bu loyihaning boshida turgan klub rahbari Jur’atbek Quvvatov bo‘ldi. U kishining mehnatlarini, klubga bergan kuchi, harakati, hammasini biz ardoqlaymiz va hurmat qilamiz. O‘ylaymanki, o‘sha boshlangan muvaffaqiyatli yurishlarini Superligada ham chiroyli davom ettiramiz, degan umiddamiz. Bunga qattiq harakat qilamiz, borki kuchimiz va imkoniyatlarimizni ishga solamiz. Taklif borasida gapiradigan bo‘lsak, bungacha men “Bunyodkor” futbol klubida so‘nggi 4 yil davomida bosh direktor vazifasida ishlab keldim. “Bunyodkor” imkoniyatlaridan kelib chiqib, Superligada qatnashib keldi. Aytaylik, bosh direktor sifatida ilk bor 2019 yildan ishga kirishgan bo‘lsam, o‘sha yili jamoa 3-o‘rinni egalladi. Keyingi yili 4-o‘rin, undan so‘ng 5-o‘rin va bu yil 8-pog‘onani egalladi. “Bunyodkor”ning natijalari biroz orqaga ketdi, deb aytish mumkin. Shu bilan birga Superligadagi boshqa klublarning imkoniyatlari, ularga ajratilgan mablag‘lar bilan solishtiradigan bo‘lsak, “Bunyodkor” jamoasi o‘ziga ajratilgan harajatlar smetasi kattaligidan kelib chiqib, yaxshi o‘rinlarni egalladi, deyish mumkin. Hamma biladiki, 1-, 2-o‘rinlarni band qilgan “Paxtakor” va “Navbahor” klublari bizga etib kelgan ma’lumotlarga qaraganda, bir yilda 75 mlrd so‘m atrofida pul ishlatishdi. “Bunyodkor”da bu yilgi chempionatda 40 mlrdga yaqin mablag‘ sarflangan. Keyin klub rahbariyati “Bunyodkor”da o‘zgarish amalga oshirilishiga qaror qabul qilishdi. Buni barchamiz yaxshi qabul qildik va hurmat bilan yondashdik. Shu payt menga “Andijon” futbol klubidan taklif tushib qoldi. Bu paytda Jur’atbek Quvvatov klub rahbari sifatida faoliyat yuritayotgandi. Mavsum yakunlangach, ma’lum bo‘ldiki, Jur’atbek jamoani topshirdi va shaxsan viloyati hokimi Shuhratbek Qo‘shoqboevich Abdurahmonov o‘z nazoratiga oldilar. Shundan so‘ng menga jiddiy taklif bo‘ldi. Barcha masalalarni o‘ylab ko‘rib, “Andijon” jamoasida ham bir kunmas-bir kun foydamiz tegishi kerakligini inobatga olgan holda bu taklifni qabul qildim. To‘g‘ri, “Andijon” jamoasi katta muxlislar armiyasiga ega. Muxlislik omili Andijonda kuchli. Bu bizga katta dalda beradi. Har doimgidek ishqibozlar jamoani faollik bilan qo‘llab-quvvatlashadi. Bundan tashqari, bugungi kunda alohida aytib o‘tish kerakki, “Andijon” jamoasiga viloyat miqyosida katta e’tibor berilyapti. Ya’ni, viloyat hokimi Shuhratbek Qo‘shoqboevich Abdurahmonov jamoaga nima kerak, qanday smeta zarur, 2023 yilda Superligada munosib qatnashish uchun qanday sharoitlar yaratib berish darkor, barcha masalalarga o‘zi eng shimarib avvalo sharoit yaratib berishga harakat qilyapti. Biz buni seza boshladik. Bunday munosabatdan keyin “Andijon” jamoasi yangi mavsumda chiroyli qatnashishi va chiroyli o‘yinlar ko‘rsatishi kerak. Buni bemalol uddalasak bo‘ladi. Imkonsiz narsaning o‘zi yo‘q. Jamoamiz tarkibini shakllantirishga harakat qilamiz. Albatta, muxlislarimizni xursand qilishga bel bog‘laganmiz.
- O‘zingiz yaxshi bilasiz, futbolda moliyaviy imkoniyat juda muhim rol o‘ynaydi. Klub viloyat hokimi tasarrufiga o‘tdi va shunday ekan, moliyaviy tomondan qo‘llab-quvvatlash jarayoni qay tarzda amalga oshiriladi? Bu masalada qanday rejalar mavjud?
- Hozirda buni ochiq-oydin aytish kerak va bugungi kunda bu hech qanday berkitadigan narsa emas. Superligada bemalol qatnashish uchun futbol klublari kamida 25-30 mlrd mablag‘ bilan yil davomida ta’minlanishi kerak. Lekin yuqori o‘rinlarni ko‘zlamoqchi bo‘lgan klublarda bundan 2 va hatto 3 barobar ortiqroq mablag‘ bo‘lishi lozim. Shuning uchun bu yil Andijon viloyatida futbol yo‘nalishlarida bir nechta ishlarning amalga oshirilishini inobatga olib, “Andijon” jamoasining xarajatlar smetasi 32,5 mlrd so‘m qilib belgilandi. Bundan tashqari, biz maydonimizni ham yaxshilashimiz kerak. Superliga talablariga javob beradigan darajaga keltirishimiz shart. Bunga ham katta mablag‘ ketadi. Bundan tashqari, stadion yoritgichlarining quvvatini oshirishimiz kerak va bu ham mablag‘ talab qiladi. Shularni ham qo‘shib umumiy xarajatlarimizni hisoblab chiqsak, “Andijon” jamoasiga yaratiladigan sharoit va bevosita klub uchun ajratiladigan bir yillik mablag‘lar bizda ham 50 mlrdga yaqinlashib qolyapti. 2023 yilda maydon chimi sifati hamda yoritgichlarni yaxshi holatga keltirib olsak, balki 2024 yilda barcha mablag‘lar faqat jamoa uchun ajratiladigan bo‘lsa, “Andijon”ning o‘sha yili 60 yillik yubileyi ham nishonlanadi. Yubiley mavsum uchun oldimizga maksimal darajada yuqori maqsadlar qo‘yib muxlislarni xursand qiladigan darajada sovrinlar yutishga harakat qilamiz.
- Bosh murabbiy o‘zgarishiga ham munosabat bildirib o‘tsangiz. Jamoani Superligaga olib chiqa olgan Viktor Kumikov Qozog‘istonga ketdi va o‘rniga Aleksandr Xomyakov tayinlandi. Umuman aytganda, Kumikovni qoldirish imkoniyati mavjudmidi? Xomyakov variantiga ham o‘z fikringizni aytsangiz.
- Viktor Kumikovning shartnomasi yakunlangan bo‘lishiga qaramasdan biz uni jamoada olib qolishga harakat qildik. Biroq qisqa qilib aytadigan bo‘lsak, Viktor Balyutovich Qozog‘iston jamoasi bilan kelishuvga erishgan, dastlabki kelishuvlar xulosasi bo‘yicha shartnomaga ham imzo chekib bo‘lgan. Oxirgi suhbatimizda Qozog‘iston jamoasi bilan deyarli kelishuvga erishdik va yakuniy suhbatga etib borishim kerak, deb aytib o‘tgan. Shuning uchun u men noto‘g‘ri ish qilib ketmadim, Qozog‘iston klubiga ketishim haqida uch oy oldin gap ochganman, bu xabar orqali klubning oldingi rahbarini ogohlantirganman va mening o‘rnimga murabbiy tayinlab turinglar deb ma’lum qilganman, degan gaplarni aytdi. O‘shanda Aleksandr Xomyakov variantida to‘xtalinganida balki Kumikov ham buni qo‘llab-quvvatlagandir. O‘sha paytda Aleksandr Andreevich Andijonga tashrif buyurib, Viktor Kumikov bilan birga ma’lumot almashib, jamoa o‘yinini tahlil qilib, futbolchilar bilan yaqindan tanishib yurgan. Shuning uchun biz ham uzoqqa borib o‘tirmadik. Bosh murabbiyni tashqaridan qidirib yurmadik. Gar Xomyakov shu erda jamoani o‘rganishni boshlagan bo‘lsa, hozirgi holatda “Andijon” uchun uning variantini yaxshisi deb hisobladik. Buni rahbarlarimiz qo‘llab-quvvatlashdi. Natijada Aleksandr Xomyakov “Andijon” bosh murabbiyiga aylandi. Lekin hozirgi holatimizdan kelib chiqib, bu tanlovda adashmadik. Bu borada bir nechta mutaxassislar bilan gaplashdim. Ularning ham fikriga ko‘ra Xomyakov shakllangan mutaxassis. “Andijon”da ishlagan va klubni yaxshi biladi. O‘zbek futbolidan ham yaxshi xabardor. Uning talablari katta emas. Har qanday sharoitlarga ko‘nikib ishlashi mumkin. Minimal imkoniyatdan maksimal natija qayd etishga harakat qiladigan murabbiy. Shuning uchun hozirgi holatda Xomyakov nomzodini “Andijon” uchun optimal deb hisoblayman.
- Yangi bosh murabbiy oldiga qanday vazifa qo‘yildi?
- Aleksandr Xomyakov oldiga qo‘yilgan vazifa shundan iboratki, xabaringiz bor, kelasi mavsumda Superlida hatto 10-o‘rinni olgan klub ham pro ligaga tushib ketishi mumkin. Shundan kelib chiqib, biz bunday rahbarlar, homiylar va muxlislar faolligi hamda bu kabi e’tibor yuqori bo‘layotgan sharoitda kamida turnir jadvalini ikki qismga bo‘ladigan bo‘lsak, birinchi qismidan joy egallashga harakat qilamiz.
- Selektsiya masalasida qanday o‘zgarishlar yuz beradi?
- Hozirdan aniq ism-familiyalarni ayta olmayman. Bu berkitish emas, biz bir nechta futbolchilar bilan muxokaralar olib boryapmiz. Lekin deyarli barcha o‘yinchilarning shartnomalari 31 dekabrgacha. Shu bois shartnomalari tugagunga qadar ular o‘z klublarida mashg‘ulotlarda qatnashishyapti. 15 dekabrdan yig‘inimiz boshlangan bo‘lsa, 28 dekabrgacha davom etadi. O‘sha kuni nazorat uchrashuvi o‘tkazishni rejalashtirganmiz. Shundan keyin yangi yil bayrami uchun o‘yinchilarga dam olish e’lon qilinadi. Ikkinchi tayyorgarlik bosqichi doirasida 3 yanvardan jamoamiz yig‘iladi. O‘shanda shartnoma imzolanadigan va 2023 yilda jamoamiz safida to‘p suradigan futbolchilar qatnashishadi. Hozircha mahalliy va xorijlik o‘yinchilar bilan muzokaralar olib boryapmiz. Yangi mavsumdan legionerlar limiti 5+1 ga oshirildi. Shuning uchun oldimizda jamoa o‘yinini quradigan bir nechta model turibdi. Asosiy e’tiborni 6 nafar legionerga qaratib, ularning atrofida jamoa tuzish yoki mahalliy yaxshi saviyadagi o‘yinchilar bilan shartnomalar imzolab, aynan ularning atrofida jamoa tuzish kabi yo‘nalishlarni ko‘rib chiqyapmiz. Shu sababdan hozirda qo‘rquv yo‘q. Hammani xabari bor, o‘zbek futbolchilarining narxlari keskin oshib ketgan. Ilgari ichki bozorda bunday bo‘lmasdi. Mahalliy o‘yinchilar endi katta narxlar so‘rashyapti. Hatto hayron qolamanki, o‘zbek futbolchilari so‘rayotgan narxlar oldida xorijlik saviyasi past bo‘lmagan futbolchilarning narxlari ulardan pastroq. Shu boisdan balki biz 5+1 limitidan to‘liq foydalanishimiz ham mumkin. Buni vaqt ko‘rsatadi. Yaqin ikki hafta ichida aniqlik kiritamiz.
- “Andijon” 15-28 dekabr oralig‘ida o‘z qarorgohida shug‘ullanishni boshladi. Jamoaning yangi mavsum uchun undan keyingi tayyorgarlik rejasi qanday?
- Birinchi ikki haftalik yig‘inimiz “Andijon” qarorgohida boshlangan. 28 dekabr kuni “Navbahor-farm” jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvi rejalashtirilgan. Ikkinchi tayyorgarlik bosqichimiz 3 yanvardan Dukentda boshlanadi. 4-kuni tibbiy ko‘rikdan o‘tiladi. 17 yanvargacha jamoa o‘sha erda mashg‘ulot o‘tkazadi. Bu yig‘in doirasida kamida 2 ta, balki 3 ta o‘rtoqlik uchrashuvi tashkil qilinadi. Uchrashuvlar Toshkent shahrida bo‘ladi. Keyingi bosqichni 20 yanvardan boshlashni rejalashtirganmiz. Agarda rejalarimizga keskin o‘zgarishlar kiritilmasa, jamoa keyingi uch haftani, ya’ni, 20 yanvardan 9 fevralga qadar Turkiyaning Antaliya shahrida o‘tkazadi. Bu bizning eng muhim va hal qiluvchi yig‘inimiz hisoblanadi. Balki bu erga etib kela olmagan xorijlik futbolchilar Turkiyada qo‘shilishlari mumkin. Antaliyadan qaytgach, Superliga boshlanishiga ikki hafta vaqt qoladi. 1-tur bahslari 24, 25, 26 fevral kunlariga mo‘ljallanyapti. Mavsumga oxirgi tayyorgarlikni Andijonda olib borishni xohlayapmiz.
- Yana bir masala shundaki, doim Andijon viloyatidan iqtidorli yoshlar etishib chiqadi. Ammo ular ko‘pincha boshqa klublarga ketib qolishadi. Endilikda viloyatdagi barcha futbol maktablari, akademiyalarni yaxlit tizim sifatida birlashtirib, ularni avvalo “Andijon” futbol klubiga xizmat qiladigan darajaga keltirish borasida rejangiz qanday?
- Juda to‘g‘ri masalani ko‘tardingiz. Viloyat rahbaridan iltimos qildim va Shuhrat Qo‘shoqboevichni g‘oyalari ham bor ekan. Aytdiki, Andijondagi barcha sport maktablari va hatto to‘garaklari hamma-hammasi oxir-oqibat “Andijon” futbol klubi manfaatlari uchun ishlashi kerak. Biz yaxlit tuzilma tashkil etyapmiz. Bu tuzilmani viloyat rahbari tasdiqlab berdilar. Yaqinda ushbu masalada futbol maktablari rahbarlari bilan alohida yig‘ilish bo‘ladi. Endi bundan buyon barcha iqtidorli futbolchilarning “Andijon” klubiga kelinishini ta’minlash bilan mashg‘ul bo‘lamiz. Barcha iqtidorlar birinchi navbatda “Andijon”da to‘p surishadi. Undan keyin, aytaylik jamoamiz darajasi, saviyasidan o‘tib keta oladigan futbolchi chiqib qoladigan bo‘lsa, bunday o‘yinchilarni o‘zimiz boshqa klublarga tavsiya qilishimiz mumkin.
- PFL tomonidan yangi taklif qilinayotgan formatga munosabatingiz qanday?
- Fikrim ijobiy. O‘zPFL tomonidan klubimizga xat kelib tushganida formatga hech qanday qarshiligimiz yo‘qligini aytdik. Boisi, chuqur o‘rganib chiqdimki, formatga qarshi chiqishga o‘zimda biror asos topa olmadim. Format juda qiziq ishlab chiqilgan. Bunda oxirgi turgacha kurash qattiq kechadi. Kichik o‘zgarishimizni aytdik va buni PFL yaxshi qabul qilibdi. Asosiy formatga e’tiroz bildirmadik, faqat oxirgi pley-off o‘yinlarida 10-o‘rin egasi o‘z maydonida o‘ynasin deb belgilab qo‘yilgan. Biz ana shunday holatlarda maydon egalarini neytral stadionda yoki qur’a tashlash orqali o‘tkazilishini aytdik.
- Muxlislarning jamoadan umidlari katta. Ularga qanday gapingiz bor?
- Andijonlik muxlislar mamlakatimizda birinchi raqamli ishqibozlar hisoblanishadi. Buni ko‘pchilik biladi. Mashg‘ulot davomida fan-klub rahbari Nodirbek To‘ychiev bilan ko‘rishdik. Bu inson Andijon futboli uchun ko‘p ishlarni qilyapti. Jamoani targ‘ib qilish, qo‘llab-quvvatlash, umuman klubning muammolari bilan yashaydi. Bunday muxlislar juda ko‘p. Nodirbek To‘ychiev atrofidagi muxlislarni ismlarigacha bilaman. Yangi mavsumda ishqibozlar bilan hamjihatlikda juda yaxshi ishlaymiz. Hozirning o‘zidayoq aytishim mumkinki, Turkiyadan sharflar, barabanlar, bayroqlar va yana shunga o‘xshash narsalar buyurtma qilinyapti, dizaynlarini ishlab chiqdik. Antaliyadagi yig‘inimiz davomida qaytishda jamoa muxlislari uchun barcha narsalarni o‘zlari bilan olib kelishadi. Bu bilan jamoamizni ham ishqibozlarimiz bilan birga ekanligini namoyish qilamiz. Ular jamoani qo‘llab-quvvatlashdan charchashmasin. Muxlislarimizni ijobiy natijalar va o‘yinlar bilan xursand qilamiz.
- Samimiy suhbat uchun rahmat.
- Sizga ham rahmat. Har doim Andijon futboli shuhrati baland bo‘lsin. “Andijon” klubi va viloyat futboli shuhratini qanchalik ko‘tarsak, o‘ylaymanki, bundan barcha xursand bo‘ladi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar