
«Yuve» boshi berk ko‘chaga kirib qolishiga kim aybdor? Ronaldu yoki Pirlo?!
Sports.uz Turin super klubi tushib qolgan vaziyat haqida fikr yuritadi.
Turinda nimalar bo‘lmoqda?
«Yuventus» mavsumni rasvo qilish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni amalga oshirmoqda. Avvaliga, Italiya kubogi yarim finalida «Inter»dan mag‘lubiyat, keyin bir kishi kam «Portu» bilan omadsiz o‘yin. Yaqindagina «Benavento» «zebralar»ni mehmonda engdi. Italiyaning 16-o‘rindagi klubining g‘alabasini tasodifga yo‘yishga shoshilmang!
Pyanichning o‘rniga taklif etilgan Artur boshlab bergan «hujum»ni transfer huquqi TsSKAga tegishli Adolfo Gaych golga aylantirdi. Bu Filippo Indzagi jamoasining 90 daqiqa davomida yo‘llagan yagona zarbasi edi.
Nima uchun Ronalduni tanqid qilishmoqda?
«Portu»ga boy berilgan o‘yindan so‘ng, muxlislar armiyasi portugaliyalikka «hujum» qilishni boshladi. Turin klubi sobiq futbolchilari esa, konfliktni kengayishi uchun o‘zlari sezmay kerosin quyib turdi. Avvaliga Salvatori Skilachchi katta sahnaga chiqdi.
«Joriy mavsum Ronaldu uchun Turindagi so‘nggisi bo‘ladi. To‘g‘risi, uning manziliga aytilayotgan so‘zlarga Krish loyiq emas.»
Ko‘p o‘tmay, ijtimoiy tarmoqlar orqali «Yuve» afsonasi – Paskuale Bruno ham o‘z fikrlarini bildirdi.
«Rahbariyat hammasini rasvo qilmoqda. Ular Sarrini olib kelish maqsadida Allegrini ishdan olishdi. Muarisio atigi bir mavsum faoliyat olib bordi, biroq Ronaldu va jamoadagilar kiyinish xonasida uni hurmat qilmadi. Shu bois, Sarri ham chetga chiqarildi.»
Bunday bosimlarga o‘rganib qolgan Ronaldu tezda javob berdi. Albatta, maydondagi harakatlari bilan. «Kalyari»ga qarshi bahsda hujumchi 3 gol kiritdi. Shu tariqa, o‘z xeyterlarini bir muddat jim bo‘lishga majbur qildi. Bir urinishda Pelening rekordini yangilagan Ronaldu haqida iliq fikrlar OAV tomonidan e’lon qilingani rost. Krish o‘z gollarini nishonlar ekan, qo‘llari bilan qulog‘ini ko‘rsatdi. Shu tariq, u barcha tanqidlarni eshitib turganini ma’lum qilmoqchi bo‘lgan bo‘lsa, ajab emas.
Tan olish lozim, Ronaldu har o‘yinda «Yuve»ni elkasida olib yurishga qodir emas. Oyiga 4,5 million evro maosh olayotgan bo‘lsa-da, uning yoshi o‘tib borayotganini tan olish lozim. Qahramonimiz «Benavento»ga qarshi bahsda bor kuchi bilan harakat qildi. 9 bor raqib darvozasiga zarba yo‘lladi. Hatto qaychi uslubida ham urinib ko‘rdi, biroq barcha urinishlar foydasiz. Ronaldu «Real»da erishga barcha yutuqlari ortida kuchli jamoadoshlari turganini hech qachon yashirib o‘tirmagan. Hozirgi «Yuve»da Ramos singari tug‘ma etakchi, Modrich singari «jangchi» yoki Kroos singari super darajadagi ijrochini uchratmaysiz. Shunday ekan, Krishdan Madriddagi natijani kutish kulgili. Xo‘sh, unda muammo nimada?
Pirlo nima bilan band?
«Yuventus» peshqadam «Inter»dan 10 ochko ortda qolmoqda. Hozir jamoa 4-pog‘onada, biroq 5-o‘rindagi «Napoli» bilan o‘rtadagi farq atigi 2 ochko xolos.11 turdan beri g‘alaba nimaligini bilmay kelayotgan «Benavento» joriy mavsumning ikkinchi o‘yinida ham «Yuventus»ga mag‘lub bo‘lmagani tasodif, deb o‘ylasyzimi?
27 turdan so‘ng, 55 ochko jamg‘argan Pirlo o‘z o‘rnida xotirjam ko‘rinmoqda. Vaholanki, bu ko‘rsatkich so‘nggi 10 yil ichidagi eng yomonlaridan biri. «Portu» bilan yuz bergan voqeadan so‘ng, murabbiyni darrov rahbariyat qo‘llab-quvvatlab fikr bildirdi. Anelli Pirlo boshlagan proekt gullab-yashnashiga ishonchi komil ekanligini baralla aytdi. Jamoa sport direktori Paratichi bildirgan fikr hammasidan o‘tib tushdi.
«Biz o‘z yo‘limizda davom etamiz. Erishgan yutuqlarimizdan mamnunmiz. Birgina mag‘lubiyat sababli, o‘z strategiyamizni o‘zgartirmoqchi emasmiz.»
Turin super klubi nima uchun Pirloga bu qadar ishonch bildirayotgani tushunarsiz. Taktik o‘quvi past, tajribasiz va sovuqqon mutaxassis «Yuve» qilishi shart bo‘lgan vazifani ham uddalay olgani yo‘q. «A seriya»dagi chempionlik poygasi o‘z yo‘liga. Pirlo yaqin 10 yillikda EChL uchun kurashadigan jamoa tuzish maqsadida taklif etilgan edi. Hozirda, «Yuve»ning shaxsiy o‘yin uslubi yoki falsafasi ko‘zga tashlanmayapti. Shunday ekan, agar ketish kerak bo‘lsa, birinchi nomzod Andrea Pirlo. Ronalduning ketishi kun tartibidagi ikkinchi masala.
Fikrlar