“Yuventus”da o‘ynagan Zeytullaev Shomurodovga qanday maslahat berdi?

  • 11 yanvar, 2021, 17:21
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Italiyada Eldor Shomurodovning mashhurligi tobora oshib bormoqda. “Jenoa” tarkibida muhim figuralardan biriga aylanib borayotgan o‘zbek futbolchisi boshqa klublarning e’tiboriga tushib ulgurganiga ham hech qanday shubha yo‘q.

Tecno

Hozir ko‘p mutaxassis va muxlislar Eldor Shomurodovga “Yuventus” e’tibor qaratgani to‘g‘risidagi yangilikni izohlash, bu xabarga nisbatan o‘z fikr-mulohazalarini bildirish bilan mashg‘ul.

131895634_4147684591909096_383121433571040860_o

Xususan, Italiya yashil maydonlariga birinchi bo‘lib qadam qo‘ygan o‘zbekistonlik futbolchi Ilyos Zeytullaev ham “Yuventus”ning Eldor Shomurodovga qiziqayotgani haqidagi shov-shuvlarga o‘z munosabatini bildirdi.

- Bu xabarni eshitib, juda quvondim. Chunki bu O‘zbekiston uchun muhim voqea. Bizning futbolchilarga grand klublardan qiziqish bo‘layotgani haqidagi xabarlar har doim ham chiqavermaydi.

Men o‘z hamyurtimga, umuman olganda, har qanday xorijlik futbolchiga Italiya chempionatiga kelib, bu erda o‘rnashib ketish naqadar qiyin va murakkab ekanini yaxshi bilaman.

Men Eldorga qanchalik qiyin bo‘lishiga qaramay, har bir mashg‘ulot, har bir uchrashuvda o‘zini ko‘rsatishini maslahat beraman va shuni tilayman. Shukrki, hozir u buning uddasidan chiqmoqda. Oxirgi o‘yinlarda zo‘r o‘ynayapti, jismoniy va psixologik tomondan o‘zini tiklab olgan, u haqida ijobiy fikrlar yangramoqda.

Men mutaxassis yoki insayder emasman, lekin tajribamdan kelib chiqib aytishim joizki, bu hayotda hamma narsa yuz berishi mumkin.  “Yuventus” qiziqayotgani haqida tashqariga ma’lumot chiqdimi, demak bu borada klub ichida gap bo‘lgan, chunki turinliklar Alvaro Morataga o‘rinbosar qidirayotgani aniq.

Eldor – juda iqtidorli futbolchi. Agar u hozir ko‘rsatayotgan darajada yuqori sifatli o‘yin namoyish qilsa, kuchli klublarga o‘tish imkoniyati ham bo‘ladi.

Hozir, Shomurodov uchun “Jenoa”dagi joyini mustahkamlab olishi va hozirgiday yaxshi o‘yin namoyish qilish juda muhim. Shunda unga “Latsio”, “Milan”, “Inter” va “Yuventus” kab klublardan takliflar bo‘ladi, turli variantlar yuzaga keladi.

Mening shaxsiy fikrim shuki, Eldorga grand klublar qiziqa boshlagani uning mashaqqatli mehnatlari samarasidir. Sening agentlaring eng zo‘ri bo‘lishi mumkin, lekin o‘zing futbol o‘ynay olmasang, ularning hech qanday foydasi tegmaydi, chunki agentlar o‘rningga maydonga tushmaydi, - deydi Ilyos Zeytullaev.

15485855

Ilyos Zeytullaev 2001 yili “Yuventus”ning yoshlar jamoasiga qabul qilingan. Turinliklarning asosiy jamoasi tarkibida Italiya kubogi doirasida ikki marta maydonga tushdi. Bir necha marotaba rasmiy uchrashuvlar qaydnomasiga kiritilganiga qaramay, Ilyos “Yuventus”ning asosiy jamoasida o‘zini ko‘rsatish imkoniga ega bo‘lmadi.

2005 yili “Yuventus”ni tark etgan o‘zbekistonlik futbolchi, keyinchalik “Redjina”, “Krotone”, “Jenoa”, “Vichentsa”, “Verona”, “Peskara”, “Virtus Lanchano”, “Torino” a’zosiga aylandi. Xorvatiyaning “Goritsa” klubi tarkibida olti uchrashuvda maydonga tushdi.

Ilyos Zeytullaev 2001-2007 yillar davomida O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida o‘nta uchrashuvda ishtirok etib, raqiblar darvozasiga ikkita gol kiritgan.

Ma’lumotlarga qaraganda, Zeytullaev ayni paytda “Kupello” klubining o‘smirlar jamoasiga murabbiylik qilmoqda.

“Jenoa” muxlislari Shomurodovning “Yuventus”ga o‘tishiga qarshi: Bizda Ronaldu ham o‘zini ko‘rsata olmasdi!

Shomurodovni “Yuventus”ga joylay oladigan mutaxassislar bor!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!