
Zamonlar o‘taveradi – dardimiz esa o‘sha-o‘sha...
2019 yilning 23 may sanasida saytimiz “You Tube” sahifasi orqali taniqli sharhlovchi Mirzahakim To‘xtamirzaev O‘zbekiston MTJ mag‘lubiyati haqida so‘z yuritib, anchagina shov-shuvlarga sabab bo‘lgan mulohazalarni bildirgandi. O‘sha davrda ushbu murojaat turli doiralarda muhokama qilindi va bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Videomurojaatning ikkinchi qismida tilga olingan bolalar futboli va Superliga reglamenti borasidagi gaplarni bir chetga qo‘ya turaylik. Lekin terma jamoamiz haqidagi fikrlar hamon dolzarb. Yaxshisi, quyidagi havola orqali o‘zingiz guvoh bo‘ling.
BU KETIShDA JCh BIZGA ORZU BO‘LADI, FUTBOLIMIZDAGI KO‘ZBO‘YaMAChILIKLAR HAQIDA
Biz esa davom etishimiz lozim. Tibbiyotda xavfsiz kasal bo‘lmaydi, degan ibora bor. Biz o‘z vaqtida e’tibor qaratmagan taqdirda, oddiy tumov ham jiddiy asoratlarni keltirib chiqaradi. Yarani o‘z vaqtida bog‘lab, unga qarshi kurashmas ekansiz, u butun tanaga zarar etkaza boshlaydi. Futbolimizdagi muammolar ham xuddi shu yaraga o‘xshab bormoqda.
Kechagi o‘yinda murabbiy amalga oshirgan qarorlarni muhokama qilish va undan xato topishga biroz iymanadi kishi. Ochig‘ini aytganda, terma jamoamiz boshqaruvidan Kuper janoblari ketgan paytda, shaxsan, Abramov variantini ko‘pchilik qatori ma’qullaganman. Gap Vadim Karlenovich futbolimizga taqdim etayotgan uslubda emas, uni ijro etayotganlarda. Kecha yarim himoyada maydonga tushgan uchala futbolchini ham asosiy tarkibda kutmagandik. Aziz G‘aniev, Otabek Shukurov, Ikrom Aliboev kabi legionerlar va Odil Hamrobekov, Sardor Sobirxo‘jaev singari milliy birinchiligimiz etakchilari turganda Lutfulla To‘raev, Abror Ismoilovning asosiy tarkibda o‘yinni boshlashi ko‘pchilikni hayratda qoldirdi.
Bosh murabbiy o‘yindan keyin tashkil etilgan matbuot anjumanida ikkinchi taymda maydonga tushirgan futbolchilari o‘yinni kuchaytira olmaganini aytib o‘tdi. Allaqachon 0:2 hisobida mag‘lubiyatga uchrayotgan paytda maydonga tushgan futbolchidan nima kutish mumkin?. Ha, o‘rtoqlik o‘yini, bunda murabbiy turfa futbolchilarni sinab olishi lozim. Ammo bu o‘yin baribir FIFA reytingiga ta’sir qilishini inobatga oladigan bo‘lsak, jiddiyroq qarash lozim edi.
O‘yin davomida eronliklar markazda kuchli o‘yin ko‘rsatdi va terma jamoamiz hujumlari qanotga taqalishga majbur bo‘ldi. Aksiga olib, shu kuni Jaloliddin Masharipov umuman yo‘qolib qoldi. Jasur Yaxshiboev esa “faqat choy damlaydigan jin” ekan! Uning Belarus premer-ligasidagi tryuklari, gollariga mahliyo bo‘lib, ushbu liga darajasi anchagina pastligi va “Shaxtyor” Soligorsk Evropa Ligasi saralashining birinchi o‘yinidayoq turnir bilan xayrlashganini unutib qo‘yibmiz.
To‘p to‘xtatishga futbolchilarimiz keragidan ko‘p vaqt sarflamoqda. Shuning uchun, qanotlar osha hujumlarni ko‘chirishda juda sust harakat qildik.
Eldor Shomurodovning ikkinchi qavatdagi o‘yini haqida forslar ham xabardorligi ko‘rinib qoldi. Ammo futbolchilarimiz buni anglab eta olmadi. Havodan uzatilgan birorta uzatmaning Eldorga etib borganini eslolmaymiz. Boshqacha usullardan foydalanish, markazdan kirib borish uchun esa bugungi Lutfulla To‘raevning darajasi pastlik qiladi.
Ha, Oston O‘runov va Odil Ahmedov terma jamoaga yordam berolmagani bor gap. Oybek Bozorov ham jarohati sabab yig‘inga jalb etilmadi. Ha, Lutfulla To‘raev majburiy holatda qabul qilingan qaror, deylik. Ha, shuncha yoshlarni boshqarib turish uchun bitta katta tajribali futbolchi bo‘lishi kerakdir. Biroq hammaning xayoliga kelgan birinchi fikr futbolchining o‘zidan ham o‘tgan va unga qo‘shimcha bosim uyushtirgandek ko‘rindi. U to‘pga egalik qilishi bilan tezroq undan bexato qutilishni o‘yladi. Kutilmagan, kreativ hujumlarni tashkil etish uchun uning zonasida harakat qiladigan futbolchi o‘ziga ishonishi, tavakkal qilishdan qo‘rqmasligi kerak. Buning uchun himoya va darvozabon ishonchli bo‘lishi ham kerak-da! Shu kuni terma jamoamizda 2 ta Eldor harakat qilgan bo‘lsa, birini muxlislar olqishlab, ikkinchisini tanqid qilib charchadi. Birinchi golda Azmunning bemalol mukammal zarba yo‘llashiga himoyachilar imkon berib qo‘yganini ko‘rdik. Ammo Suyunov to‘pga chiqishi oqibatida birinchi marotaba jamoamiz qiyin ahvolga tushib qolayotgani yo‘q. Himoyachilarning xatoga yo‘l qo‘ygani kundek ravshan, ammo shunday paytlarda jamoasini qutqarib qola olmagan darvozabon ishonchli deb hisoblanmaydi. Bizda esa murabbiylar ishonchni oqlay olmayotgan darvozabonni barchaning toqati toq bo‘lib ulgurgandan keyingina almashtiradi.
Jahon chempionatiga 2 yil qolganda yana murabbiyni almashtirish noto‘g‘ri bo‘ladi. Murabbiyning selektsiya masalalariga aralashishga haqqimiz yo‘q. Biz shunchaki OAV vakillari sifatida o‘z fikrimizni bildiramiz. Masalaning mazmuni shundaki, biz yakuniy saralash bosqichi avvalida Saudiya Arabistoni terma jamoasiga qarshi bahslardayoq katta qiyinchilikka uchramoqdamiz. Mirzahakim To‘xtamirzaev 1 yil avval aytgan gaplar hali ham o‘z kuchida: “Bu o‘yin bilan Osiyo mintaqasidan mundialga boradigan 4 ta jamoa orasiga kirmaymiz”.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar