
“Zanolo, Eldor va Dibala — biz uchun eng yaxshi trio” yoxud Shomurodov Joze Mourinoga "vyzov" tashladi
"Roma" Joze Mourino qo‘l ostida “ajoyib” hafta o‘tkazdi. Avvaliga A Seriya doirasidagi “Udineze”ga qarshi bahsda mag‘lub bo‘ldi – 0:4, keyin esa Bolgariyaga yo‘l oldi. Rimliklar Evropa ligasi 1-turi bellashuvida “Ludogorets”ga ham imkoniyatni boy berdi – 1:2. Biroq “mo‘’jizalar” shu bilan tugamadi. Mutaxassislarning fikricha, "Roma" bu mavsumda A seriyadagi eng kuchli hujumga ega, ammo ikkita muvaffaqiyatsiz o‘yindagi gollarga na Abraxam, na Dibala, na Zanolo mualliflik qildi, balki portugaliyalik mutaxassis tomonidan zaxiraga “mixlangan” Eldor Shomurodov tomonidan kiritildi. O‘zbekistonlik forvard o‘zini nimalarga qodir ekanligini ko‘rsatishni juda istayotgan edi va buni o‘sha bahsda uddaladi. Chunki “Roma”ning so‘nggi ikki uchrashuvdagi yagona goli aynan Shomurodov nomiga yozilgan.
Mourino Eldorga chiqish eshiklarini ko‘rsatgan
Eldor Italiya futbolida o‘sib borayotgan yulduz sifatida "Roma"ga o‘tdi. O‘zbekistonlik “Jenoa”da bir qancha gollar kiritib, umidli futbolchi sifatida ko‘rildi. Shuningdek, u Temmi Abraxamga potentsial raqib sifatida ham qaralgan edi.
Biroq Shomurodov Mourino futbolida o‘zini topa olmadi, aksiga olib uning asosiy raqibi hisoblangan Abraxam ham ajoyib o‘yin ko‘rsatdi. Ketma-ket gollardan keyin angliyalik futbolchining narxi 100 million evrogacha ko‘tarildi. Shomurodov esa Temmi fonida Rim klubining muvaffaqiyatsiz transferi sifatida ko‘rildi. Lekin shuni ham ta’kidlash kerakki, Eldor zaxira o‘yinchisi sifatida 28 o‘yinda maydonga tushdi va 7 ta samarali harakatni amalga oshirdi. Ya’ni futbolchi jamoasiga qandaydir yo‘llar bilan bo‘lsa-da foyda keltirdi.
Shomurodovning Rimdagi sarguzashtlari yozda yakunlanishi kerak edi. Joze Mourino o‘zbekistonlikning o‘yini “Jenoa” va RPL oralig‘ida ekanligini, shu bois, klubga saviyasi undan balandroq hujumchi olib kelmoqchi ekanligini ochiq aytdi.
“Oxirgi o‘yinda hujumchi o‘rniga yarim himoyachini maydonga tushirganimning sababi bor. Chunki bizning zaxirada yaxshi darajadagi hujumchilar yo‘q. Shomurodovning o‘yini yaxshilanishini kuta olmayman. “Roma”da bunday imkoniyatlar yo‘q”, — dedi Joze.
Shundan so‘ng rimliklar Evropa chempioni Andrea Belotti bilan shartnoma imzoladi va o‘zbekistonlik forvard o‘ziga yangi klub izlay boshladi, biroq yakunda hech narsa bo‘lmadi. Eldor “Roma”da qolishini ma’lum qildi.
Shomurodov — loyihaning bir qismi
A Seriyaning bir nechta klublari birdaniga Eldor uchun “ovga chiqdi”.
Futbolchini “Montsa”, “Bolonya” va “Torino” kabi klublar o‘z safiga qo‘shib olmoqchi ekanligini ma’lum qilib, rimliklarga taklif bilan chiqdi. Jozening o‘zbek futbolchisi haqidagi salbiy fikrlariga qaramay, “Roma” 15 million evrodan kamroqqa sotmoqchi emasligini ma’lum qildi. Oxir-oqibat yuqorida nomi keltirilgan jamoalar Shomurodovni sotib olish fikridan qaytdi.
Keyinchalik, aniqrog‘i transfer oynasi yopilishi arafasida futbolchining agenti Qahhor Mo‘minov hujumchi borasida bayonot berdi. Eldorning vakili futbolchi "Roma"da qolishi va rahbariyat hech qanday jamoa bilan muzokara olib bormayotganini ma’lum qildi. Garchi biroz ishonarsiz bo‘lsa-da, Shomurodov loyihaning bir qismi ekanligi aytildi.
Ob’ektiv qaraydigan bo‘lsak, Shomurodovning "Roma" asosiy o‘yinchisiga aylanish imkoniyati "Dinamo"ning O‘zbekiston Superligasida g‘alaba qozonish imkoniyati bilan deyarli bir xil. Ayni damda Temmi Abraxam klubning hujumidagi asosiy futbolchi bo‘lib qolmoqda. Andrea Belotti Rimga kelish uchun zaxira futbolchisi bo‘lishga ham tayyor ekanligini ma’lum qildi. Paulo Dibala esa hujum ortida harakat qiladigan futbolchi hisoblanadi. Qolaversa, argentinalikning o‘zi ham nazariy jihatdan hujumchi sifatida o‘ynay oladi.
Aslida Shomurodov Mourino uchun “Roma” hujum chizig‘idagi uchinchi yoki to‘rtinchi variant. Shu bilan birga, old chiziqdagi barcha futbolchilarning uzoq muddatli shartnomasi bor. Murabbiy o‘zbekistonlik o‘rniga yarim himoyachini maydonga tushursa, jamoa uchun foydali bo‘lishini ochiq aytmoqda.
Muxlislarning Eldorga bo‘lgan munosabati o‘zgardi
Shomurodov Rimda hech qachon qattiq tanqidga uchramagan. Biroq shuni ham aytib o‘tish kerakki, yozda barcha muxlislar futbolchini jamoadan ketishiga qarshi emas edi.
Oxirgi bir hafta ichida Eldor haqidagi gaplar sezilarli daraja ijobiy tomonga o‘zgardi. Shoma “Ludogorets” bilan o‘yinda yaxshi imkoniyatga ega bo‘ldi. Mutaxassislarning fikricha, Belottiga qaraganda ancha samarali harakat qilgan Shomurodov boshi bilan ajoyib gol urdi. Shundan keyin muxlislar ijtimoiy tarmoqlar orqali Eldorni faqatgina olqishlashdi.
“Ehtimol, murabbiylar shtabi Eldorga imkoniyat bermayotgandir?! Agar unga imkon berilsa, Shoma Italiyada yangi Kvaratsxeliyaga aylanishi mumkin!”.
“Eldorning to‘p bilan qilayotgan muomalasi va maydon bo‘ylab harakati Abraxamdan ham, Belottidan ham yaxshiroq”.
“Zanolo, Eldor va Dibala — biz uchun eng yaxshi trio”.
“Mourino Shomurodovga imkoniyat bermayapti. Murabbiy yaxshi saviyadagi futbolchini zaxiraga “mixladi”. O‘tgan yili u "Venetsiya"ga qarshi o‘yinda gol urdi va pas berdi, ammo shunda ham Joze unga ishonch bildirmadi. Nega?”.
Garchi barcha OAV Bolgariyadagi o‘yinda “Roma”ning eng yaxshi futbolchisi deya Eldorni e’tirof etgan bo‘lsa-da, rimliklar ustozi u haqida hech narsa demadi.
Shomurodov o‘z imkoniyatini qo‘lga kiritdi
Shomurodov Bolgariyadagi goli evaziga keyingi o‘yinlar uchun o‘z imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Joze Mourinoning faoliyatida qattiq tanqiddan so‘ng zaxira futbolchisi bo‘lgan va keyin jamoaning asosiy o‘yinchisiga aylangan ko‘plab misollar bor. Ehtimol, kechagi golidan keyin qolgan uchrashuvlarda unga ko‘proq imkoniyat berilishi mumkin.
Mavsum boshida Eldor butunlay o‘yin amaliyotisiz qoladigandek tuyulardi, ammo kechagi o‘yinidan so‘ng unga nisbatan fikrlar ijobiy tomonga o‘zgardi. Shu bois, u kamida qishgacha Rim loyihasining bir qismi bo‘lib qoladi. Ehtimol, qishki transfer oynasi paytida Shomurodov yana bir qancha takliflar olar?! Agar shunday bo‘ladigan bo‘lsa, u katta ehtimol bilan Italiyaning boshqa jamoasiga o‘tadi. Chunki u hali kuchli beshlik chempionatlaridagi sayohatini davom ettira oladi.
Jamshidbek Mahmudov tayyorladi
Fikrlar