Zidan Frantsiya terma jamoasi bosh murabbiyi bo‘ladi
Afsonaviy futbolchi va murabbiy Zinedin Zidan 2026 yildgi jahon chempionati yakunlangandan so‘ng Frantsiya terma jamoasini boshqaradi. Bu haqida jurnalist Fabrizio Romano o‘zining X tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
Avvalroq xabar qilinganidek, Frantsiya terma jamoasi jahon chempionati yarim finalida Ispaniyaga 0:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Endi jamoa uchinchi o‘rin uchun maydonga tushadi. Turnir yakunlangach, 14 yildan buyon terma jamoaga boshchilik qilib kelayotgan Didye Desham o‘z lavozimini tark etadi.
Hozir 54 yoshda bo‘lgan Zidanning so‘nggi ish joyi Ispaniyaning "Real" klubi bo‘lgan. U madridliklarni 2016–2018 yillar hamda 2019–2021 yillar orasida boshqargan. Uning qo‘l ostida "Real" uch marta Chempionlar ligasida g‘olib chiqqan, ikki marta Ispaniya chempioni va ikki bor mamlakat Superkubogi sohibi bo‘lgan.
Futbolchi sifatida Zidan Frantsiyaning "Kann", "Bordo", Italiyanning "Yuventus" hamda "Real" klublarida to‘p surgan. "Real" tarkibida 2003 yilda Ispaniya chempioni bo‘lgan, 2002 yilda esa Chempionlar ligasi finalida Germaniyaning "Bayer" jamoasi darvozasiga hal qiluvchi golni urgan (2:1). "Yuventus" bilan birga ikki marta Italiya chempioniga aylangan.
Frantsiya terma jamoasi safida Zidan 108 o‘yin o‘tkazib, 31 gol urgan va 29 golli uzatma amalga oshirgan. U 1998 yilda jahon chempioni, 2006 yilda jahon vitse-chempioni, 2000 yilda esa Yevropa chempioni bo‘lgan.

Fikrlar