
"Dakar-2017" karvoni yo‘lga tushmoqda yoxud qudratli texnikalar jangi
Joriy yilning 2-14 yanvar kunlari uch mamlakat - Paragvay, Boliviya, Argentina hududlari bo‘ylab eng mashhur ralli-marafon "Dakar - 2017" poygalari bo‘lib o‘tadi. Poyga ixlosmandlariga yaxshi ma’lumki, ilgari bu poygalar Evropa va Afrika qit’asi bo‘ylab o‘tkazilgan va Parij-Dakar shaharlarini bir-biriga bog‘lagan.
Qit’aviy poygalar Afrikadagi notinchliklar tufayli 2008 yili o‘tkazilmadi va keyingi yildan Janubiy Amerika mamlakatlarida tashkil etib kelinmoqda.
Bu yilgi musobaqada poygachilar uch mamlakatdan o‘tuvchi qariyb 9000 kilometr masofani bosib o‘tishlariga to‘g‘ri keladi. Bu masofaning yarmi sportchilar uchun umuman notinish joylarni o‘z ichiga olgan. Poyga 2 yanvar kuni Paragvay poytaxti Asunsondan boshlanib, 14 yanvar kuni Argentina poytaxti Buenos Ayres shahrida yakunlanadi.

"Dakar-2017" rallisi ishtirokchilari jami 12 bosqichda o‘zaro kuch sinashadi. Qoidaga ko‘ra, poygalar mototsikllar, avtomobillar, kvadrotsikllar va yuk mashinalari ishtirokida tashkil etiladi.
Motopoygalarda jami 145 nafar poygachi g‘oliblik uchun kuch sinashadi. "Dakar-2016" g‘olibi Tobi Prays chempionlik unvonini himoya qiladi. Stefan Svitko, Pablo Kuntanilla, Elder Rodriges, Adrien van Beveren va Xuan Barreda Bort singari motopoygachilarning ham imkoniyati yuqori baholanmoqda.

Kvadrotsikllar poygasida 42 ta poygachi ro‘yxatdan o‘tdi. Qizig‘i shundaki, o‘tgan yilgi poygalarda dastlabki ikki o‘rinni egallagan aka-uka poygachilar Markos va Alexandro Patronneli bu gal startga chiqmaydi.

Yuk mashinalari bahsida ellikdan ziyod ekipaj kuch sinashadi. Raqobat asosan "KAMAZ" va IVECO rusumidagi mashinalar o‘rtasida kechishi kutilmoqda. G‘oliblikka Ayrat Mardeev, Eduard Nikolaev, Federiko Villagra va Jerar De Roy boshchiligidagi ekipajlar da’vogarlik qiladi.

90 taga yaqin ishtirokchi bellashadigan avtomobillar poygasi ham qizg‘in bo‘lishi aniq. Ayniqsa, "Dakar" poygalarida g‘olib chiqqan Stefan Petransel,Sebasten Leb, Nossir Al-Attiya, Jiniel de Vilers kabi pilotlarning ishtiroki ko‘plab muxlisu mutaxassislar ishtirkoida bo‘ladi.

Fikrlar