«Manchester Siti» transfer oynasini «portlatish»ga majbur! Short-listda kimlar bor?
APL g‘olibligi uchun asosiy da’vogar bo‘lib turgan «Siti» qatorasiga 19 ta o‘yinda g‘alaba qozondi, ammo hamma pozitsiyalarda ham ish a’lo darajada ketmayapti. Aslida Gvardiola shogirdlari har bir o‘yinda o‘rtacha 2,5 tadan kam gol kiritmaslikka odatlangan. Joriy mavsumda bu ko‘rsatkich 2 ga tushib ketdi.
Bunga markaziy hujumchilarning passiv o‘yini sabab. Aguero jarohati bois, bir nechta o‘yinlarni o‘tkazib yubordi. Endi yozda erkin agentga aylanish haqida bosh qotirmoqda. Gabi Jezus top forvard emas. 17 ta o‘yinda 4 gol kiritgan hujumchi bilan uzoqqa borib bo‘lmasligini Pep yaxshi biladi. Shunday ekan, klub kelasi mavsumda kuchli markaziy hujumchi sotib olishga majbur bo‘ladi.
COVID-19 sababli ko‘plab grand klublar iqtisodi katta talofat ko‘rdi. Mutaxassislarning ma’lum qilishicha, bu zarba bir necha yillar davomida o‘z ta’sir kuchini yo‘qotmaydi. «Manchester Siti»ni bu voqealar bezovta qilmasa kerak. Abu Dabidagi milliarder istagan futbolchini «shaharlikka» aylantirishga qodir. 2020 yilning iyul oyida «Siti»ga qo‘yilgan ikki yillik taqiqni olib tashlandi. Oqibatda, yoz oxiriga qadar jamoa Ruben Diash, Natan Ake va Ferran Torres uchun 120 million evro sarfladi.
Aslida, Pep o‘z o‘yin uslubi bilan sof markaziy hujumchisiz harakat qilishga o‘rganib qolgan. Bunday futbolda Aguero kuchli texnika egasi bo‘lgani uchungina jon saqlab qoldi. Shunga qaramay, uning ketishi tobora aniqlashib bormoqda. Agar argentinalik futbolchi jamoani tark etsa, o‘rnini kim bilan to‘ldirish mumkin? Shayx Mansurning moliyaviy imkoniyatlarni inobatga olgan holda, asosiy da’vogarlar bilan tanishtirib o‘tamiz.
Leonel Messi

Argentinalik hujumchi 34 yoshni «urib» qo‘ygan bo‘lsa-da, bir yo ikki mavsumni super darajada o‘tkazishga qodir. Bir necha yillardan beri EChL oltin medallarini orzu qilayotgan Gvardiolaga shuning o‘zi kifoya. Klub muxlislari ham Angliya chempionligiga o‘rganib qoldi. Endi ular ham xalqaro maydondagi sovrinni istamoqda.
Leo va Pepning yana hamkorlik qilishi, «Siti» targ‘ib etayotgan o‘yin modelini to‘xtatib bo‘lmas mashinaga aylantirib yuborishi mumkin. Messi so‘nggi pas va hujumni uyushtirishda benazir. Shuningdek, kuchli yarim himoyachilar qurshovida u yanada erkin to‘p surishi mumkin.
Bu transferni amalga oshirish juda qimmatga tushadi, biroq Messi bu zamonaviy futbolning ramzi sanalgan ikkita sportchining biri. Bu yurish «Siti»ning grandlar qatoriga qo‘shilishi uchun oldinga tashlangan qadam bo‘ladi.
Erling Xoland

Yaqin 10 yil ichida sayyoramizning eng kuchli markaziy hujumchisi bo‘lish uchun asosiy da’vogar! Chinakam gol mashinasi. Joriy mavsumda u Bundesliganing 17 o‘yinida 17 bor raqib darvozasini ishg‘ol etdi. EChLda 5 bor o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi.
Endigina 20 yoshga qadam qo‘yganiga qaramay, u sovuqqon va xotirjam. Bundan tashqari, qahramonimiz gol kiritishdan boshqa jihatlarini ham yaxshilab borishga urinmoqda. Texnikasi kuchli, jismonan baquvvat, so‘nggi zarbani bera oladigan Erling Pepning barcha kriteriyalariga javob bera oladi.
Ikkinchi qavatda ham o‘z o‘yinini yaxshilayotgan yigit hali o‘zining eng yuqori darajasiga ko‘tarilgani yo‘q. U istalgan futbol modeliga mos keladi.
Mish-mishlarga qaraganda, Xoland 2022 yilning oxirida Dortmund klubini 75 million evro evaziga tark etmoqchi. Agar «Siti» Agueroning qo‘yib yuborsa, tezroq Xoland uchun kurashga qo‘shilishi lozim. Aks xolda, bu transfer summasi 150 million evrogacha ko‘tarilishi mumkin.
Xarri Keyn

«Shporlar» o‘z sardorini qo‘yib yubormoqchi emas. Shu bois, uning transfer summasini 150 million evro etib belgilab qo‘yishdi. Hozirgi paytda bu summa «Siti» uchun ham og‘irlik qilishi aniq.
Yozda Xarri 28 yoshni qarshi oldi. Futbolchi shu yoshga qadar hali birorta sovrinni boshi uzra ko‘targani yo‘q. Juda alamli. Uning jamoa bilan tuzgan shartnomasi 2024 yilda o‘z yakuniga etadi. Agar futbolchi shartnoma so‘nggiga qadar «Tottenxem»da qolsa, uzog‘i bilan Angliya kubogida zafar quchishi mumkin, xolos. Bundan ortig‘ini faqat orzu qilish mumkin.
«Siti» Keyn hozir super formada ekanligini yaxshi biladi. Transfer tezda foyda berishi aniq. Bu vaziyatda Daniel Levi bilan suhbat uyushtirish zarar qilmaydi. Agar transfer summasi 80-90 million evro atrofida baholansa, Keyn va «Siti» hamkorligi katta foyda keltirishi aniq.
Xarri stabil hujumchi. Aynan shunday ijrochining yo‘qligi bir necha yillardan beri muhim bahslarda “Man Siti”ga pand berib qo‘ymoqda. Keyn jamoani har jabhada kuchaytirishi mumkin.
Kilian Mbappe

Barcha Kilianni Madrid klubiga o‘tishi haqida fikr bildirmoqda, ammo bunga ishonish mushkul. «Real» yangi stadion qurilishi va pandemiya sababli moliyaviy qiyinchiliklarni boshidan o‘tkazmoqda. Vaziyatdan «Siti» unumli foydalanib ketishi mumkin.
22 yoshli hujumchining Parij jamoasi bilan tuzgan shartnomasi 2022 yilda yakunlanadi. Mbappe - jahon chempioni. U shunchaki bir mavsum yaxshi to‘p surgan futbolchi emasligini isbotlab bo‘ldi. Ronaldu va Messidan keyin «oltin to‘p»ni qo‘lga kiritish uchun birinchi da’vogar bo‘lib turgan yigit uchun 100-150 million evro talab etilishi tabiiy.
Boz ustiga, Kilian Liga-1da yangi darajaga chiqa olmasligini yaxshi biladi. U APL yoki La Ligada to‘p surishi shart. Boshqachasiga «oltin to‘p» uchun birinchi raqamli da’vogar bo‘lmaydi. Umuman olganda, «shaharliklar» bu transferdan har jabhada foyda qilishi mumkin. Kilian universal. U qanotlarda va markazda bir xil naf beradi. Kerak paytda tezlik namoyish etishi ham mumkin. Qo‘shimchasiga, qarshi hujum chog‘ida u chinakam qurolga aylanadi.
Joau Felish

Tan olish lozim, Felish «Atletiko»ning o‘yin uslubiga sira mos emas. «Benfika»da erkin ijod qilishga o‘rganib qolgan yigitdan sof hujumchi «yasash»ning imkoni yo‘q ekanligini Simeone ham anglab etdi. Shu bois, u Luis Suaresni tarkibga qo‘shib oldi.
21 yoshli yigit o‘zi uchun sarflangan 126 million evroni hali oqlamadi, biroq uning potentsiali juda yuqori. Uning qanotdan markazga yorib kirishi, dribling va chaqqonligi «Siti»ga qo‘l kelishi mumkin. Pep portugaliyalik futbolchini bemalol yangi darajaga olib chiqa oladi.
Felish markaziy hujumchi bo‘lishiga qaramay, maydon markaziga yaqin nuqtada to‘p surishi mumkin. «Yolg‘on to‘qqizlik» sxemasi uchun Felish ideal hujumchi. Hozir «Atletiko» himoyaviy futbolga urg‘u bergani uchun biz Joauni to‘liq imkoniyatlarini chamalay olmayapmiz.
Uning «Etixat»ga ko‘chib o‘tishi yangi super yulduzning paydo bo‘lishiga sabab bo‘lishi hech gap emas.
Fikrlar