U-23 Osiyo kubogi. O‘zbekiston — Xitoy: o‘zaro uchrashuvlarda qanday natijalar qayd etilgan?

  • 16.01.2026 13:09
  • Abdukarim Atayev
  • 0
  • Futbol

Saudiya Arabistoni yashil maydonlarida davom etayotgan 23 yoshgacha futbolchilar oʻrtasidagi Osiyo kubogi musobaqasi hal qiluvchi pallaga kirib keldi. Guruh bosqichi yakuniga yetib, 16 jamoadan 8 tasi musobaqani tark etdi. Guruhlarda 1 va 2- oʻrinlarni egallagan jamoalar endi chorak final bosqichida kurashni davom ettiradi.

Oʻzbekiston yoshlar terma jamoasi “C” guruhini peshqadam sifatida yakunlab, chorak final yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi. Xitoy esa “D” guruhida Iroq (0:0), Avstraliya (1:0) va Tailand (0:0) terma jamoalariga qarshi bahslarda 5 ochko jamgʻarib, keyingi bosqichga yoʻl oldi.

Oʻzbekiston — Xitoy: oʻzaro uchrashuvlar

Oʻzbekiston va Xitoy U-23 terma jamoalari Osiyo kubogi doirasida shu kunga qadar uch bor rўbaro kelgan boʻlib, barcha uchrashuvlarda jamoamiz gʻalaba qozongan.

1. 2013 yil U-22 maqomida ilk bor tashkil etilgan turnirda jamoamiz guruh bosqichida Xitoy bilan toʻqnash kelgan. Krimets va Sergeev kiritgan gollar evaziga raqib magʻlub etilgan. Oʻzbekiston 2:1 Xitoy

2. 2018 yil Ravshan Haydarov boshqaruvidagi U-23 terma jamoamiz Xitoy mezbonligida oʻtgan Osiyo kubogida chempionlikni qoʻlga kiritgan. Guruh bosqichida mezbon Xitoy Alijonovning yagona goli evaziga magʻlub etilgan. Xitoy 0:1 Oʻzbekiston

3. 2020 yil Tailandda boʻlib oʻtgan U-23 Osiyo kubogida Oʻzbekiston va Xitoy “C” guruhidan oʻrin olgan. Qobilov va Toʻxtasinov gollari evaziga jamoamiz ishonchli gʻalabaga erishgan. Oʻzbekiston 2:0 Xitoy

Shuningdek, jamoalar oʻrtasida xalqaro oʻrtoqlik uchrashuvlari ham muntazam oʻtkazib kelinadi. Soʻnggi bor 2025 yil noyabr oyida Xitoyda tashkil etilgan xalqaro turnir doirasida tomonlar oʻzaro toʻqnash kelib, bahs 0:0 hisobida yakunlangan.

Mazkur bosqichda gʻalaba qozongan jamoa yarim finalda Vetnam — BAA uchrashuvi gʻolibiga qarshi maydonga tushadi. Ushbu bahs 20 yanvar kuni boʻlib oʻtadi.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston — Xitoy oʻrtasidagi chorak final uchrashuvi 17 yanvar kuni Toshkent vaqti bilan soat 16:30da Jidda shahridagi “Prince Abdullah Al Faisal Sports City” stadionida start oladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!