
17 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqa yakunlandi
13-17 sentyabr kunlari futbol bo‘yicha 2002-2003 yillarda tug‘ilgan (U-17) qizlar o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 28 yilligiga bag‘ishlangan musobaqa o‘tkazildi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rasmiy sayti xabar tarqatmoqda.
14 jamoa 4 guruhga bo‘lingan holda uchrashuvlarda ishtirok etdi. O‘z guruhlarida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan Qashqadaryo, Toshkent viloyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Toshkent shahri jamoalari yarim final yo‘llanmasiga ega chiqishdi. Yarim finalda Qashqadaryo viloyati qizlar jamoasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi qizlar jamoasini 7:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Ikkinchi yarim finalda Toshkent viloyati va Toshkent shahri jamoasi bahs yuritib, viloyat jamoasi 7:1 hisobida g‘alaba qozondi. Uchinchi o‘rin uchun o‘tkazilgan uchrashuvda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahri jamoalari maydonga tushishdi. O‘yin 1:1 hisobida yakuniga etgach, g‘olib penaltilar seriyasi orqali aniqlab olindi. Penaltilar seriyasida Toshkent shahri jamoasi 4:3 hisobida g‘alaba qozondi. Finalda esa Toshkent viloyati jamoasi Qashqadaryo viloyati jamoasini 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, musobaqa g‘olibi bo‘ldi.
Turnir yakunida g‘olib va sovrindorlar hamda musobaqaning eng yaxshilariga O‘FA tomonidan medallar, kubok va sovg‘alar topshirildi.
Fikrlar