
17 yoshli futbolchi Neymardan zo‘r chiqib qoldi
“Palmeyras”ning 17 yoshli hujumkor futbolchisi Estevao Villian kelasi yoz “Chelsi”ga kelib qo‘shilishi belgilangan. Londonliklar bu transfer uchun 34 million evro to‘ladi.
Iste’dodli o‘yinchi ayni paytda Braziliya chempionatida porlamoqda. Estevao jamoasining “Krisiuma”ga qarshi o‘tkazgan bellashuvida gol urib, 5:0 hisobidagi g‘alabaga hissa qo‘shdi.
Ekspertlar Villian qayd etayotgan statistikaga e’tibor qaratdi. 17 yoshli o‘yinchi 22 ta uchrashuvda gol+pas tizimida 16 ochko (9 ta gol va 7 ta assist)jamg‘ardi. Xuddi shu ko‘rsatkichni 2009 yili Neymar 17 yoshligida qayd etgan. O‘shanda Braziliya futbolining yangi iqtidori 10 ta gol va 6 ta golli pas muallifi bo‘lgandi.
Estevaoda bu ko‘rsatkichni yangilash imkoni bor. Chunki Braziliya chempionati hali davom etadi.
Villian asli o‘ng qanot hujumchisi hisoblanadi. “Chelsi” mutasaddilari bu futbolchini hujumlar tashkil etadigan pleymeyker vazifasini bajarish uchun olib kelmoqchi.
Estevaoni garchi Neymar bilan solishtirish urfga kirgan bo‘lsa-da, uning o‘zi Vinisius Juniorga havas qilishini ta’kidladi.
Fikrlar