
2020 yilda transfer narxi arzonlab ketganlar ("Top-10")
2020 yil ortda qoldi. Yil sarhisobini qilish uchun hozir juda qulay palla. Bugun 2020 yil davomida transfer summasi keskin kamayib ketgan futbolchilarni yodga olamiz. Ular orasida Messi, Grizmann va Pogba singari taniqli futbolchilar mavjud!
10. Aleksandr Lyakazett (€ 70 mln —> € 35 mln)
"Arsenal" jamoasi tarixidagi eng qimmat futbolchilardan biri sanalgan Lyakazett 2020 yilda klubni tark etishi mumkin edi. Ammo u jamoa bilan qolishni afzal ko‘rdi. Katta ehtimol bilan, hozir frantsuz shu qarori uchun afsus chekyapti. Aleksandr tobora top darajadagi hujumchilar qatoridan uzoqlashib bormoqda.
9. Pol Pogba (€ 100 mln —> € 65 mln)
Pogba anchadan beri "Manchester Yunayted"ni tark etmoqchi, biroq vaziyat bunga imkon bermayapti. Endi esa, uni sotib olish ishtiyoqidagi jamoa topilmayapti. Bu orada amaldagi JCh g‘olibining transfer narxi ham kamayib bormoqda.
8. N'Golo Kante (€ 100 mln —> € 60 mln)
Kante ham pandemiyadan so‘ng, o‘z o‘yinini yo‘qotib qo‘yganlardan biri. Bir paytlar butun er sharini ushlab turuvchi tayanch yarim himoyachisi sanalgan Kante hozir avvalgi darajasida emas. Bunga uning ruhiy holati sabab bo‘lmoqda. Transfer summasidagi 40 millionga arzonlab ketishi ham o‘yinidagi pasayish bilan chambarchas bog‘liq!
7. Antuan Grizmann (€ 120 mln —> € 80 mln)
Antuan ham so‘nggi bir yil ichida o‘z transfer narxini 40 million evroga pasayib ketishiga sabab bo‘ldi. "Barselona" safidagi omadsiz o‘yinlari sababli futbolchiga murabbiylar ishonch bildirmay qo‘ydi. Hatto, Kuman ham Antuanni avvalgi darajasiga chiqara olmadi. Hozircha, uning faoliyati qanday ko‘rinish olishi katta savol ostida qolmoqda.
6. Lionel Messi (€ 140 mln —> € 100 mln)
Messi hali-hamon o‘z transfer summasini 100 milliondan tushirib yubormadi. Uning yoshida bunday ko‘rsatkichni qayd etish shunchaki fantastika! Qahramonimiz qishda o‘zi uchun yangi jamoa izlashni boshladi. Uning transfer summasi bejiz 40 millionga arzonlab ketmadi. Leo o‘z faoliyatidagi eng omadsiz va bo‘sh mavsumni o‘tkazmoqda. U La Liganing 14 ta o‘yinida atigi 7 ta gol kiritdi, xolos. Shu o‘rinda, u "Barselona" safida kiritgan gollari sonini 644 taga etkazib oldi. Bu mutlaq rekord degani! Agar shu omilni inobatga olmasak, Messini xursand qiladigan boshqa voqea sodir bo‘lmadi.
5. Kepa Arrisabalaga (€ 60 mln —> € 15 mln)
Sayyoramizning eng qimmat darvozaboni maqomida Londonga ko‘chib kelgan Kepaning ahvoliga "maymunlar yig‘lamoqda" desak, adashmagan bo‘lamiz. Birin-ketin qo‘pol xatolardan so‘ng, Frenk Lempard uning o‘rnini Mendi bilan to‘ldirib qo‘ydi. So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Kepani birorta klub ijaraga olishni ham istamayotgan ekan.
4. Raxim Sterling (€ 160 mln —> € 110 mln)
Sterling bir necha mavsumlardan beri barqaror o‘yin namoyish etib kelmoqda, biroq joriy mavsumda uning o‘yinlari hech kimni hayron qoldirgani yo‘q. Bundan tashqari, Sterlingga bo‘lgan talab ham keskin kamayib ketdi.
Rahimning gollari va assistlarining soni kamayishi "Transfermarkt" nashri tomonidan e’tiborga olindi. Oqibatda, Sterlingning transfer summasi 110 million evroga tushib ketdi.
3. Dele Alli (€ 90 mln —> € 38 mln)
Alli bundan 2-3 yil avval Britaniyadagi eng iqtidorli futbolchi edi. Uning kelajakda superyulduz bo‘lishi hech kimda shubha uyg‘otmagan bo‘lsa-da, hozir uning ahvoliga havas qilib bo‘lmaydi. Dele Joze Mourino bilan chiqisha olmayapti. Shu bois, uning Londonni tark etish ehtimoli ham yuqori. Qahramonimizning transfer narxi 52 million evroga arzonlab ketdi. O‘yin darajasi ham ancha pastlagani rost.
2. Kristian Eriksen (€ 90 mln —> € 35 mln)
Qog‘ozda ideal transfer sanalgan Eriksen amalda hech qanday naf bergani yo‘q. Konte uni "Inter"ga moslay olmadi. Daniyalik futbolchi bundan bir mavsum ilgari "Real" nishonida edi, hozir unga xaridor izlashmoqda. Deyarli bir mavsum zaxirada o‘tirgan Eriksenni hozir milanliklar boshqa jamoaga jo‘natib yuborish harakatiga tushib qolgan.
1. Eden Azar (€ 120 mln —> € 60 mln)
Belgiyalik futbolchi ro‘yxatimizda birinchi o‘rinni egallashini taxmin qilish qiyin emasdi. Madridga ko‘chib o‘tgach, jarohat sababli, deyarli bir yarim mavsumni o‘tkazib yuborgan vingerning transfer narxi ham naqd 60 million evroga arzonlab ketdi. Ispan nashrlarining ma’lum qilishicha, Azar shu darajada tushkunlikka tushib qolganki, hatto yana jarohat olishdan qo‘rqib mashg‘ulotlarda ham ter to‘kmayapti.
Fikrlar