3 ochko uchun 3 ta gol yoxud "Bobur arena"da sal qoldi...
"Burgutlar" muhim g‘alabaga erishdi.
“Andijon” Superliga doirasida “Bobur arena”da joriy yilgi oxirgi o‘yinini o‘tkazdi. Turnir jadvalidagi holatdan kelib chiqib, o‘yin ikkala jamoa, ayniqsa “Burgutlar” uchun juda muhim edi. Chunki oxirgi turlardagi muvaffaqiyatsiz o‘yinlardan so‘ng jonkuyar muxlislarni xursand qilish ustuvor vazifa hisoblanardi.
Xabaringiz bor, yaqinda Maksim Shatskix “Andijon” bosh murabbiyligidan ketdi va o‘rniga vaqtinchalik Akmal Shorahmedov bosh murabbiy vazifasiga tayinlandi. Ushbu bahs esa Shorahmedov uchun yangi lavozimdagi debyut bellashuviga aylandi. Shuningdek, o‘tgan turda darvozabon Mohir Komilov Superligadagi debyutini o‘tkazgan bo‘lsa, bu safar yana bir iqtidorli o‘yinchi - Abbos Abdug‘afforov asosiy tarkibga kiritildi va Superligadagi ilk o‘yinini o‘tkazdi.
O‘yin ikkala jamoa uchun qiyin o‘tishi oldindan aniq edi. G‘alabaga tashna bo‘lib turgan maydon egalari tezkor qarshi hujumlarda raqibni jazoladi. Dastlab markazdan Bektemir Abdumannonovning to‘p uzatishidan keyin Doniyor Abdumannopov darvozabon bilan birga-bir vaziyatda zargaronalik bilan raqib darvozasini ishg‘ol qildi. Oradan ko‘p o‘tmasdan nigeriyalik hujumchi Ismoil Akinade ham o‘zining aniq zarbasi bilan "Andijon"ning ikkinchi goliga mualliflik qildi. Goldan ruhlangan “Andijon” va Akinade oradan bir daqiqa o‘tar-o‘tmas yana gol urishga yaqin edi. Bu safar Ismoilning kuchli zarbasi to‘singa tegib qaytdi. Bo‘lim oxirlarida esa navbatdagi tezkor hujumni himoyachi Abdulvohid G‘ulomov bilan gol bilan yakunladi.
“Xorazm” ham vaziyatdan chiqib ketish uchun kurashdi va yakunda 3:0 ni 3:2 gacha aylantirdi. Ayniqsa, ikkinchi bo‘limda raqib jamoa bor e’tiborini hujumga qaratdi. Hozirgi holatda hech kim osonlikcha taslim bo‘lishni istamaydi. “Bobur arena”dagi uchrashuv ham qiziqarli va shu bilan birga jamoalar uchun qiyin kechdi. Mana shunday bahsda “Andijon” o‘zi uchun juda muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi.
Endi “Burgutlar” asosiy e’tiborini OChL 2 ga qaratadi. 26 noyabr kuni “Bobur arena”da sevimli jamoamiz “V” guruhi 5-tur doirasida Turkmanistonning “Arkadag” klubini qabul qiladi.
“Andijon” - “Xorazm” - 3:2 (3:1).
21 noyabr. Andijon. “Bobur arena” stadioni. 4264 tomoshabin.
Hakamlar: Firdavs Norsafarov, Shoxruh Maqsudov, Sherzod A’zamov.
Zaxira hakami: Alisher Abduvohidov
VAR: G‘ayrat Jo‘raev
AVAR: Maksim Nexochin
Nazoratchi: Baxtiyor Tog‘aev
Komissar: Qudrat Madraimov
“Andijon”: Mohir Komilov, Sunnatilloh Hamidjonov (Islom Mamatkazin, 85), Abdulvohid G‘ulomov, Shaxzod Azmiddinov, Kristian Novak, Abbos Abdug‘afforov, Damir Temirov (Ilhom Abdug‘aniev, 58), Bektemir Abdumannonov, Doniyor Abdumannopov (Bekzod Sulaymonov, 71), Usmonali Ismonaliev, Ismoil Akinade (Otabek Jo‘raqo‘ziev, 71).
“Xorazm”: Sardor Qobuljonov (Mashhur Muhammadjonov, 46), Diyor Ortiqboev, Iskandar Shoyqulov, Farruh Ibrohimov, Ravshan Sultonov, Abror Xusinov, Xazratjon Tursunqulov, Jasur Azimov (Aziz Ahrorov, 69), Asadbek Saitxonov (Xumoyunmirzo Iminov, 46), Murod Bobojonov (Shaxrom Samiev, 46), Temur Ismoilov (Sunnatilla Abdullajonov, 67).
Gollar: Doniyor Abdumannopov, 25 - 1:0. Ismoil Akinade, 28 - 2:0. Abdulvohid G‘ulomov, 43 - 3:0. Asadbek Saitxonov, 45 - 3:1. Xazratjon Tursunqulov, 65 - 3:2.
Ogohlantirishlar: Doniyor Abdumannopov, 66. Iskandar Shoyqulov, 90+4.

Izohlar (0)