
"4 oy ichida jamoani ideal darajaga keltirib bo‘lmaydi, klubdan ketishimni sezib turgandim" - "Andijon"ning sobiq ustozi muxlislarga nimani murojaat qildi?
Bilasiz, kuni kecha “Andijon” klubida bosh murabbiy o‘zgardi. Otabek G‘ulomxo‘jaev iste’foga chiqdi. Uning o‘rnini Yorqin Nazarov vaqtincha boshqarib turadigan bo‘ldi.
Albatta, G‘ulomxo‘jaevning “Andijon”dagi beshta turdan keyin ishdan ketishi ko‘pchilik uchun kutilmagan yangilik bo‘lib eshitilgan bo‘lsa ajab emas. O‘z navbatida, murabbiy sports.uz muxbiriga klubdan ketishi yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi.
Iste’fosi xususida
- “Andijon”dan ketishimni o‘zim ham bilib turgandim. Baribir vodiyda natijaga juda talab kuchli. Shu tomonlama norozilik tug‘ilgan bo‘lishi mumkin. Iste’foga normal qaradim. Har doim bu murabbiy bilan yonma-yon yuradi. “Mash’al” bilan uchrashuvdan keyin ham klub rahbarining oldiga kirib, agar iste’foga chiqarish niyatingiz bo‘lsa, buni to‘g‘ri qabul qilaman, deb aytganman. Shuning uchun Kubok bahslaridan so‘ng, klubdan ketganim haqidagi qarorga to‘g‘ri munosabatda bo‘ldim. O‘zim bunga tayyor turgandim. Bu borada hech kimga e’tirozim ham yo‘q. Sizga rostini aytaman: “Qo‘qon-1912”, “So‘g‘diyona” va “Lokomotiv”ga qarshi o‘yinlardan keyin chempionatda biroz tanaffus yuzaga keladi. Ushbu bellashuvlarda yaxshi natija ko‘rsatgan taqdirimizda ham ishdan bo‘shash haqida ariza yozmoqchi edim. Faqat meni hayron qoldirgan holat shu bo‘ldiki, jamoadan ketganimdan keyin vitse-prezident intervyu berib, murabbiyga jamoani shakllantirish uchun imkoniyat hamda vaqt berildi, deb aytgan. O‘tgan yili ikki oy ishlab, “Andijon”ni Superligada olib qolganimizni hisobga olmasak, bu yil yanvar oyidan yig‘in boshladik va aprel oyigacha to‘rt oy o‘tgan. Butunlay yangitdan tuzilgan jamoani to‘rt oy ichida ideal darajaga keltirib bo‘lmaydi. Biz jamoaga cho‘ntagimizga qarab o‘yinchilar olganmiz. Lekin gap pulda ham emas. Tarkibga qo‘shilgan futbolchilar munosib o‘yin ko‘rsatishga qodir. Ularning kelajagi bor va keyinchalik jamoaga daromad keltiradigan o‘yinchilar yig‘ilgan. Faqat sabr bilan vaqt kerak edi. Lekin shakllantirish uchun manaman degan murabbiyga ham to‘rt oy kamlik qiladi. Hattoki, Klopp, Gvardiola kabi murabbiylar ham bu vaqt ichida hech nima qila olmaydilar. Mayli, buni ham hisobga olamiz. Hali aytdim-ku, vodiyda muxlislar juda talabchan va doim g‘alabani talab qilishadi. Agar mening ketishim “Andijon” uchun yaxshilikka xizmat qilib, ertaga yutishni boshlasa, bundan faqat xursand bo‘laman. Ammo klub rahbari Jur’atbek Quvvatovga bildirgan ishonch uchun rahmat aytaman. U kishining suhbatida aytilgan barcha gaplarga qo‘shilaman. Jamoaga xorijdan mutaxassis olib kelish niyati borligini va birgalikda ishlashimiz haqida ham gap borgan. Mening klubdan ketishim to‘satdan yuz bergani yo‘q. Klub infrastrukturasida futbol borasida tajribasi bor insonlar bo‘lishi kerak. Bu bilan hozirgi ishlayotganlarni ëmon demoqchi emasman. Faqat ularni ënida har bir yo‘nalishda hech bo‘lmasa maslahat beradigan tajribali inson bo‘lishi kerak. Bejizga aytishmaydi-ku, futbolda mayda-chuyda ishlar bo‘lmaydi, deb. Ana shunday paytda tajribasi bor, futbolda “pishgan” inson kamchiliklarni vaqtida bartaraf qiladi va bu jamoaga negativ ta’sir qilishining oldini oladi.
Jamoaning yaqin kelajagi
- Umuman olganda, jamoaga ëshlarni emas, balki O‘zbekistonning turli klublarida o‘ynagan tajribali futbolchilarning 7-8 tasini olgan bilan ularni ham shakllantirishga ancha vaqt talab qilinadi. Oxir-oqibat yil o‘tadi, ular esa katta pul evaziga keladi. Endi shakllanishga ulgurmasdan kelasi yilga boshqa klublardan taklif bo‘lishi bilan ketadi. Ëshlarni tanlashimizdan maqsad esa ularning shartnomasi kam chiqim, kamida 2-3 yillik va ular shu vaqt davomida ancha jamoaviy shakllanib ulgurishadi. Qo‘rqmasdan orasiga har yili ikki-uchta tajribali o‘yinchini qo‘shib rotatsiya qilsa bo‘ladi va yaqin kelajakda bu o‘zini moliyaviy tomondan oqlab, klubga foyda keltiradi. Chunki buni zamirida Andijonda “Sho‘rbuloq”da juda yaxshi tizim yo‘lga qo‘yilgan akademiya bor. Hozirgi kunda yaxshi murabbiylarga ham ega, ayniqsa, 2005 hamda 2007 yillarda tug‘ilgan bolalar orasida juda ham ko‘p iste’dodlar bor va bu guruhlar bilan tajribali murabbiylar ishlamoqda. Sekin-asta o‘rinbosarlarga jalb qilib, bosqichma-bosqich asosiy tarkibga qo‘shib borilsa, o‘z mevasini beradi. “Paxtakor”, “Nasaf”, “Bunëdkor” buni yaqqol ko‘rsatib bermoqda. “Nasaf”ga qarang, Husayn Norchaev va yana bir qator futbolchilarga imkon berishmoqda. “Paxtakor” Chempionlar ligasida 2 ta 2003 yil tug‘ilgan futbolchini maydonga tushirib ulgurdi. Bittasi - Po‘lat Xoldorxonov gol urishga ham erishdi. Biz nimaga qo‘rqishimiz kerak, iste’dodlarni maydonga tushirishga?! Hurmatli “Andijon” muxlislari, sizlarni hurmat qilgan holda aytaman, jamoada qaysi murabbiy ishlashidan qat’i nazar, natija o‘z-o‘zidan darhol kelmaydi. Buning ortida og‘ir mehnat va kattakon sabr ëtadi. Ayniqsa, ëshlar bilan shakllanaëtgan jamoada. Har yili har xil tajribali ëshi katta o‘yinchilar kelib ketgani bilan hech nima o‘zgarmaydi. Ayniqsa, natija yaxshilanib qolmaydi. Rahbariyat tizimni o‘zgartirishga harakat qilmoqda. Sizlar bu ësh jamoani qo‘llab-quvvatlang. Bular o‘z so‘zini aytadi va mevasini beradi.
O‘zidan keyingi murabbiylar haqida
- Yordamchilarimni klubda qolishiga kelsak, barchamiz birgalashib bu tarkibni yig‘ganmiz. Iste’fo menga nisbatan bo‘ldi, sizlar esa bu erda qolib, jamoani har bir o‘yinga maksimal darajada tayyorlab, muxlislarni xursand qilishinglar kerak, deb tushuntirdim. Ularni yutug‘i – bu mening yutug‘im. Bundan keyin ham “Andijon”ning har bir o‘yinini kuzatib, jamoaga muxlislik qilaman.
Qaerda xatoga yo‘l qo‘ygani to‘g‘risida
- Murabbiylar bilan o‘yinlarimizni rosa tahlil qildik. Xatoga kelsak, fevralning oxirigacha ma’lum bir futbolchilar bilan ishlab, ularni tayyorlab kelayotgandik. Jasur Jaloliddinov, Martin Boake, Plamen Dimov, Nizomiddin Ziyovutdinov, Doniyor Ismoilov, xullas 7-8 nafar jamoa o‘zgani tashkil qiladigan yigitlar mart oyida qo‘shildi. Agarda o‘sha futbolchilar tarkibimizga yanvardan qo‘shilganida qiynalmasdik. Yutqazgan o‘yinlarimizga kelsak, “Qizilqum” va “Metallurg” bilan uchrashuvlarda futbolchilarimiz ajoyib o‘yin ko‘rsatishdi. Faqat natija bo‘lmadi. To‘g‘risi, 15-16 ta o‘yinchidan 11 talik tarkibni to‘liq aniqlashtirib ololmadik. Ahamiyat bergan bo‘lsangiz, bizda o‘yindan-o‘yinga tarkibimizda bir qator o‘zgarishlar bo‘laverdi. Balki murabbiy sifatida biroz tajribasizligim pand bergandir. Chunki bugun xato qilgan futbolchining o‘rniga keyingi safar boshqasini tushiraverdim. Biz buni murabbiylar bilan yaxshilab tahlil qildik. Yordamchilarim endi hammasini yaxshi tushunishyapti. Ammo “Andijon”da yomon jamoa yig‘ilmagan. Faqat futbolchilar g‘olibona ruhni his qilib olishlari lozim. Har doim yutqazsak o‘zimni-o‘zim tanqid qilaman. Lekin mana shunday xatolarning ortidan o‘sib-o‘rganamiz.
Yangi takliflar
- Hozirdan bir nima deya olmayman. Lekin “Andijon”dan iste’foga chiqqan kunimdan boshlab Superliga klublaridan qo‘ng‘iroqlar boshlandi. Hamma klubda bosh murabbiy ishlayapti. Men kimnidir o‘rniga bormayman. Klub strukturasida ko‘rishni istaymiz, deb murojaat qilayotganlar bo‘lyapti. Faqat qaysi jamoalar ekanini aytmay turaman. Men hali kimgadir aniq javob aytganim yo‘q. Murabbiylik sohasida baribir izlanish kerak. Menimcha, shu oy o‘rtalarida hammasi hal bo‘lib qolsa kerak. Shu fursatdan foydalanib, “Andijon” muxlislariga katta rahmat. Jamoamiz yutqazgan paytda ham ideal darajada qo‘llab-quvvatlagani uchun 18-cektorga va umuman barcha ishqibozlarga minnatdorlik bildiraman.
Fikrlar