Angliya qayg‘uda: “Lester” xo‘jayini aviafalokatda halok bo‘lgani tasdiqlandi
Angliya chempionati 10-turida “Lester” jamoasi o‘z maydonida “Vest Xem” futbolchilarini qabul qilib, 1:1 hisobida durang o‘ynadi.
Uchrashuvdan keyin “Lester” egasi Vichay Shrivaddxanaprabxaga tegishli vertolyot King Power stadioni avtoturargohiga quladi. Natijada havo kemasi yonib ketdi va katta alanga yuzaga keldi.

Bir muddat o‘tib klub voqea yuzasidan rasmiy bayonot bilan chiqdi va Vichay Srivadxanaprabxa halokat oqibatida vafot etganini tasdiqladi. Vertolyot bortida, shuningdek, King Power kompaniyasi vakillari Nursara Suknamai va Kaveporn Punpare, uchuvchi Erik Shvaffer va yo‘lovchi Izabela Roza Lexovits bo‘lgan. Ularning barchasi hayotdan ko‘z yumdi.

Voqea tufayli “Lester” ertaga bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan “Sautgempton”ga qarshi Kubok o‘yinini boshqa kunga o‘tkazishni iltimos qilgan.

60 yoshli Vichay Srivadxanaprabxa King Power Duty Free tarmog‘i asoschisi va direktori. Uning moliyaviy holati 3,3 milliard dollarga baholanmoqda. U 2010/11 yilgi mavsumda “Lester”ni 39 million funt evaziga sotib olgan. O‘shanda jamoa Chempionshipda to‘p surardi.
2014 yilda “Lester” uzoq vaqtdan keyin yana APLga qaytdi va 2015/16 yilgi mavsumda Angliya chempionligini qo‘lga kiritdi. 2017 yilda tailandlik biznesmen Belgiyaning quyi divizionida to‘p suruvchi “Leven” klubini xarid qilgandi.

Srivadxanaprabxa oilali, 4 farzandning otasi. Uning o‘g‘li Ayyavatt – “Lester” vitse-prezidenti. U o‘yinga kelmagan, demak vertolyotga ham o‘tirmagan.
Odatga ko‘ra, “Lester” xo‘jayini uy uchrashuvlarini vertolyotda, maydon markazidan tark etardi. Afsuski, bu safar so‘nggi parvoz bo‘ldi.

Fikrlar