"Arsenal" kimniki? Usmonov va Kronke o‘rtasidagi kurash davom etadi
- Kim Arsen Vengerga chiqish eshigini ko‘rsatib qo‘ymoqchi?
- Hech kim
Bu yilgi kuz mavsumi “Arsenal”ning shundoq ham etib-ortib turgan muammolari orasiga yana bittasini tuhfa qildi: aktsiyalarning nazorat paketi xo‘jayini Sten Kronke Alisher Usmonovga klubdagi 30.4% ulushini 525 million funtga sotishni taklif qilmoqda. Fanatlar Usmonovni bu ishga rozi bo‘lmaslikka jon-jahdlari bilan da’vat etishmoqda. Angliyalik ishqibozlar rossiyalik biznesmen haqida unchalik ko‘p ma’lumotga ega emas, ammo shunga qaramay ularning “tarozi”sida Kronkega nisbatan Usmonov ko‘proq “tosh bosadi”. Sten ular uchun zolimlikning “yuksak namunasi”.
Usmonov ushbu kelishuv haqidagi taklifni darhol rad etdi: “Men va Kronke janoblari o‘rtasida oldi-sotdi masalasida hech qanday gap bo‘lishi mumkin emas. Mening “Arsenal”ga bo‘lgan qiziqishim bir yonib-o‘chadigan kuchsiz cho‘g‘ emas. Mening maqsadim, imkon bo‘lishi bilan klubda ko‘proq ulushga ega bo‘lish. Men har doim “Arsenal”ning ashaddiy muxlisi bo‘lib kelganman va bundan keyin ham shunday bo‘lib qolaman. O‘zimning 30 foizli ulushimni klub muxlislarining qiziqishlarini alangalatuvchi qurol sifatida qo‘llayman. Katta ulushga egalik qiluvchi aktsioner bilan hamkorlik qilishim mumkin, imkon tug‘ilsa, uning hissasini yakka tartibda yoki konsortsium tarkibida sotib olishim ehtimoli ham yo‘q emas. Mabodo mening va “Arsenal” muxlislarining fikriga qarshi chiqadiganlar bo‘lsa, o‘z ulushimni sotish haqida o‘ylab ko‘rishga tayyorman”.

“Arsenal” kimniki?
Hozirgi kunda klub aktsiyalari Sten Kronke (67,05 %), Alisher Usmonov (30,04%) va minoritar (kam foizli) aktsionerlar o‘rtasida (2,91%) taqsimlangan.
Kronke jahon sport biznesida o‘z o‘rniga ega shaxs. Unga qarashli "Sports & Entertainment" kompaniyasi «Denver Naggets» (NBA), «Los-Anjeles Rems» (NFL), «Kolorado Repids» (MLS), «Kolorado Evelansh» (NXL) va «Kolorado Mamont» (NLL –lakross milliy ligasi) klublari, Los-Anjeles va Denverdagi stadionlar, "Altitude Sports and Entertainment" televizion kabel kanali, sportga bag‘ishlangan 19 ta jurnal xoldingi hamda Koloradodagi bir necha radiostantsiyalarga egalik qiladi.

Kronke ingliz futboliga 2007 yilda kirib kelgandi. ITV telekompaniyasidan “Arsenal”ning 9.99% aktsiyasini sotib oladi, bunga qadar ham 1.3 % aktsiya uning qo‘lida edi. Klubga amerikalikning kirib kelishi 1983 yildan beri “Arsenal” vitse-prezidenti lavozimini bajarib keluvchi Devid Din tashabbusi bilan sodir bo‘lgan edi.
Aktsionerlar o‘rtasidagi kurash qachon boshlangandi?
- Ularning klubga kirib kelgan daqiqasidanoq.
2009 yilning bahoriga kelib, “Red and White Holding” 25% ulush bilan klubning eng yirik aktsioneriga aylandi, 20,5%ga egalik qilayotgan Kronke esa undan keyingi o‘rinda turardi. Amerikalik klubdagi hokimiyatining ko‘lamini kengaytirishda davom etdi, sobiq aktsionerlarning ham ulushlarini sotib oldi, natijada uning ulushi 2011 yilga kelib 67,05%ga etdi.
2016 yilda Usmonov Moshirining 30,04% ulushini sotib oldi. (Bundan tushgan 200 million evroni Moshiri “Everton”ning 49,9%ini sotib olishga sarfladi).

2017 yil may oyida Usmonov klubning mutlaq egasiga aylanish istagida Kronkening ulushi uchun 1 milliard funt taklif qilganligi, biroq amerikalik buni rad etganligi haqida mish-mishlar tarqab ketgandi.
Kronke va Usmonov orasidan ola mushuk oralashiga sabab nima?
Birinchi navbatda, Alisher Usmonov Kronke tomonidan tuzilgan moliyaviy modelni keskin qoralaydi. Uning fikricha, klub topgan foydasining barchasini sarflab yuboryapti. Rossiyalik biznesmen “Arsenal”ni shohsupaga olib chiqish, uni rivojlantirish uchun katta miqdorda pul tikishga tayyor ekanligini ta’kidlaydi.
“Men “Arsenal”ni iqtisodiy qiyinchiliklardan xoli, iqtidorli top-futbolchilarni sotib olishga qodir byudjetga ega klub sifatida ko‘raman. Klubni har tomonlama rivojlantirish uchun imkoniyatimiz etarli”, — degandi Usmonov 2012 yildagi direktorlar kengashida.

“Arsenal”ning “cho‘ntagi qappaygani” rostmi?
2003 yildan beri klub moliyaviy muvozanatni yaxshi saqlab kelyapti, bir yilda bir necha o‘n milliongacha daromad ko‘radi. Umumiy foydaning 55%i oylik maosh uchun ajratiladi. (Bu borada eng kam ko‘rsatkich “Manchester Siti”, “Manchester Yunayted” hamda “Tottenxem”da)
Klub o‘z daromadining to‘rtdan uch qismini bahslar o‘tkaziladigan kunlarda qo‘lga kiritadi. Bunda muxlislarining hissasi katta: biletlar va abonementlar, klub do‘konidagi turli buyumlar xarid qilish, bufetdagi tamaddilar... Matchday paytida mo‘maygina pul topadigan klublarning muxlislar hisobiga topadigan daromadi byudjetning 20%ini tashkil etadi. Yangi stadionga ega bo‘lgan «Manchester Siti»da esa — 13%.
“Arsenal” o‘z raqiblariga tijoriy shartnomalar masalasida boy berib qo‘ymoqda. Homiylar, marchendayzing, reklama, xorijiy turnelari va yirik miqyosdagi o‘yinlar — bularning bari klubga atigi 80 million funt keltiryapti. Boshqa top-klublarda bu ko‘rsatkich 100dan ancha oshib o‘tadi: o‘tgan mavsumda “Chelsi” 120 million, “Liverpul” 160 million,“Manchester Siti” 178 million, “MYu” esa 268 million funt daromadga ega bo‘ldi.
“Guardian” ekspertlari bunday past ko‘rsatkichni Venger shaxsi bilan bog‘lashmoqda. Ularning fikricha, homiylar Venger qo‘l ostidagi klub porloq kelajakka ega emas deb hisoblashadi.
Birgina quvonarli jihati, Kronkening rahbarligi yillarida klub o‘z qarzlaridan butkul qutuldi.

“Arsenal”ga yana da’vogar bormi?
2017 yil yoz oylarining yakunida Afrikaning eng boy kishisi nigeriyalik Aliko Dangote klubni sotib olish istagi borligini ma’lum qilgan edi. Uning Lagosda neft qazib olishdan keladigan daromadi 13 milliard dollar deb baholanadi. Aliko Vengerning bir qancha talablariga ham javob bera oladi.
“Ishonchim komil, Usmonov va Kronke bir kun kelib klubni tark etishadi. O‘zlari uchun manfaatliroq bo‘lgan boshqa taklif ularni klubdan ketish haqida o‘ylashga unday boshlaydi. Men kutaman. Nima bo‘lishidan qat’i nazar, klubni sotib olaman. Sotib olganimdan so‘ng birinchi bo‘lib Vengerni murabbiylikdan olaman”, — deydi Dangote.
Usmonovning bahosiga ko‘ra, klub aktsiyalarining umumiy paketi 2 milliard funtga teng. "Forbes" esa sal kamroq narxni ko‘rsatyapti.
Saodat Abdurahmonova tayyorladi

Fikrlar