Baxtiyor Ashurmatov: AGMKda bir-ikki yil emas, ko‘proq ishlamoqchiman...
AGMK klubiga Baxtiyor Ashurmatovning bosh murabbiy etib tayinlangani haqida xabar bergan edik. Ayni paytda olmaliqliklar yangi murabbiy boshchiligida “Lokomotiv”ga qarshi kechadigan bellashuvga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rishmoqda. Aytish mumkinki, Ashurmatov yana bir bor mustaqil ravishda ishlab murabbiy sifatida o‘zinini ko‘rsatish imkoniyatiga ega. Buning uchun esa AGMK Baxtiyor A’zamovich uchun yaxshi tanlov bo‘ldi. SPORTS.uz sayti muxbiri ushbu mutaxassisning Superliga klubiga bosh murabbiy etib tayinlanganidan keyingi dastlabki fikrlari bilishga qiziqdi.
AGMKdan tushgan taklif men uchun yaxshi chorlov bo‘ldi
- Bu taklif kutilmaganda klub rahbariyati tomonidan bo‘ldi. Shundan so‘ng mazkur taklif ustida “Buxoro” klubi bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoev bilan maslahatlashdik. Natijada olmaliqliklarning taklifini qabul qildim. Bu borada Ulug‘bek ham mening mustaqil ravishda ishlashim uchun omad tiladi. Ikki yil davomida Baqoevga yordamchi murabbiy bo‘lib ishladim. Qo‘limdan kelganicha ko‘maklashishga harakat qildim. Shu vaqt davomida “Buxoro” jamoasining o‘z o‘yin uslubini shakllanishida bosh-qosh bo‘ldik. Albatta, OKMKdan tushgan taklif men uchun yaxshigina chorlov bo‘ldi. Olmaliqliklar oldindan etakchi klublarga munosib qarshilik ko‘rsata oladigan jamoa edi. Bu yil ham yomon jamoa tuzishmagandi. Ammo futbolda doim g‘alaba bilan mag‘lubiyat yonma-yon yuradi. Shu sababli birinchi davrada jamoaning omadsiz o‘yinlari ko‘proq bo‘ldi. Hozir esa murakkab vaziyat. Lekin klub rahbariyati, murabbiylar shtabi va futbolchilar hammamiz birgalashib bu vaziyatdan chiqib ketishimizga va oldimizga qo‘yilgan vazifani bajara olishimizga ishonamiz. Bu yo‘lda biz murabbiylar va futbolchilar yurakdan mehnat qilishimizga to‘g‘ri keladi. Ha, bu – futbol va oldindan bir narsa deb bo‘lmaydi. Lekin biz oxirigacha kurashamiz.
Kumikov kuchli mutaxassislardan biri
- Rosti, Viktor Kumikov men hurmat qilgan murabbiylardan biri. U kuchli mutaxassislardan biri hisoblanadi. Qolaversa, Kumikov o‘z uslubiga ega. Shu bilan birga ushbu murabbiy bilan munosabatlarimiz ham yaxshi. Albatta, bu – futbol. OKMKga kelishimdan oldin Viktor Kumikov klubdan ketishga qaror qilgan ekan. Shu bois rahbariyat menga taklif bilan chiqishganida bunga rozi bo‘ldim. Chunki bu erda bo‘sh ish o‘rni mavjud edi. Birinchi navbatda rahbariyat meni jamoa a’zolari bilan tanishtirdi. Ko‘zlangan maqsad va vazifalar haqida aytib o‘tildi. Klubdagi barcha o‘yinchilarni bilaman va ular ham meni bilishadi. Biz futbolchilar bilan o‘zaro gaplashib oldik. Klub o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani bajarishi va muxlislarni xursand qilishi uchun har bir uchrashuvda jon-jahdi bilan o‘ynab oxirigacha kurashish haqida yigitlar bilan kelishib oldik.
Endi mahalliy yoshlarga ham e’tiborni kuchaytiramiz
- Murabbiylar shtabiga bungacha o‘rinbosarlar jamoasida ishlab kelgan A’zam Sherg‘oziev o‘tkazildi. Endi o‘rinbosarlar tarkibiga ham ko‘proq e’tibor berishimiz kerak. U erda yana bir mahalliy murabbiy ishlayapti. Endi mahalliy yoshlarga ham e’tiborni kuchaytiramiz. Oxirgi paytlarda OKMKning asosiy tarkibiga o‘rinbosarlar jamoasidan kam futbolchi etkazib berilayotgandi. Buni jamoaning asosiy muammolaridan biri deb hisoblayman. A’zam Sherg‘oziev Olmaliq futbolini yaxshi biladi va o‘zi ham ushbu klubda to‘p surgan. U bilan o‘zaro birgalikda ishlashimiz hammamiz uchun foydali bo‘ladi. Shuningdek, murabbiylar shtabiga Zohid aka Nurmatov ham qo‘shildi. Darvozabonlar murabbiyi bo‘lib ishlab kelgan Anton Mayeranov o‘z lavozimida qoldi. Hozircha ushbu murabbiylar shtabi bilan ishni davom ettiramiz.
6-o‘rin uchun 5-6 ta jamoa kurashyapti
- Bu yil Superliga o‘yinlari juda qiziqarli o‘tyapti. Kutilmagan natijalar ham ko‘p bo‘lyapti. Shu bois biz oldindan taslim bo‘lmoqchi emasmiz. Har qanday holatda ham oxirigacha kurashmoqchimiz. Aytishadi-ku, imkoniyat har doim bor. Faqat hamma gap undan qanday foydalana olishimizda. Agar tayyorgarligimizni yanada kuchaytirib, yozda jiddiy ishlasak keyinchalik o‘zimizga kerakli ochkolarni jamg‘arishimiz mumkin va kuchli oltitalikka kurashish imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Chunki e’tibor bergan bo‘lsangiz turnir jadvalida zichlik yuzaga kelgan. 6-o‘rin uchun “Metallurg”, “Nasaf”, “Qo‘qon-1912”, “Qizilqum, OKMK, “So‘g‘diyona” harakat qilyapti. To‘g‘risi, bitta o‘rin uchun 5-6 ta jamoa kurashadi desak ham bo‘laveradi. Tan olish kerakki, yuqori o‘rindagi klublar ancha oldinlab ketishgan. O‘rtadagi katta ochkolar farqini yo‘q qilish juda qiyin. Yuqori o‘rindagi klublar ham qarab turishmaydi. Umuman olganda, chempionatimizning ikkinchi qismi yanada qiziqarli o‘tadi deb o‘ylayman. Biz ozgina imkoniyatdan ham foydalanishimiz kerak. Buning uchun esa oldimizda turgan birinchi o‘yinimiz – “Lokomotiv”ga qarshi uchrashuvdan boshlab har bir bellashuv muhim ahamiyatga ega. Endi oxirigacha kurashmasak bo‘lmaydi. Mavsum oxiriga borib kimning qancha ochko jamg‘argani hisob-kitob qilinadi.
Tarkibda o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin
- Albatta, klubda selektsiya ishlari davom ettiriladi. Chunki bu har bir jamoada ro‘y beradigan vaziyat. Klub mavsumda qanday qatnashishidan qat’iy nazar selektsiya ishlari davom ettirilaveradi. Lekin hozirdan biror nomzod o‘yinchi haqida gapira olmayman. Chunki oldinda “Lokomotiv”ga qarshi o‘yinimiz bor. Shundan keyin yana murabbiylar shtabi bilan maslahatlashib tarkibdagi ayrim futbolchilar bilan xayrlashishimiz mumkin. Shuningdek, o‘zimizga kerak bo‘lgan yangi o‘yinchilarni taklif qilishimiz mumkin bo‘ladi va shunga qarab ular bilan muzokaralar olib boramiz.
AGMKda bir-ikki yil emas, ko‘proq ishlamoqchiman
- Murabbiylik sohasida past-balandliklar bo‘ladi. Qaysidir jamoada oldimizga qo‘yilgan maqsadga erishdik yana qaysidir jamoa bilan erisha olmadik. Faqat murabbiylik faoliyatimdagi kamchilik shuki, bitta klubda ko‘p ishlamaganim bilan bog‘liq. “Navbahor”ni og‘ir vaziyatda jamoani qabul qilib olgandik. O‘shanda u erda raqobatbardosh klubni shakllantirishga muvaffaq bo‘lgandik. “Buxoro”da ham Ulug‘bek Baqoev bilan birgalikda yaxshi jamoani tuzishga erishdik. Umid qilamanki, AGMKda bir yoki ikki yil emas, undan-da ko‘proq faoliyat olib borsam, shunda bu yo‘nalishni to‘g‘ri deb aytsam bo‘ladi. Lekin hozircha murabbiylik yo‘nalishlarimning o‘ziga yarasha kamchiliklari bor. Albatta, bundan to‘g‘ri xulosa chiqarib Olmaliqda vijdonan ishlab, muxlislarning mehrini qozonishga harakat qilamiz.
Endi buxorolik va namanganlik muxlislar ham AGMKga ishqibozlik qilishadi
- So‘zimning oxirida “Buxoro” jamoasi rahbariyatiga, ayniqsa, Ulug‘bek Baqoevga, shuningdek, buxorolik ishqibozlarga minnatdorchilik aytgan bo‘lardim. Ular bilan bir oila bo‘lib qiyin yo‘lni bosib o‘tdik. Shu bois ularga rahmat aytaman. Menga AGMKdan taklif tushishida o‘ylaymanki, “Buxoro” jamoasining hissasi katta bo‘ldi. Biz klub va Baqoev bilan do‘st bo‘lgan holda hayrlashdik. Endi o‘ylaymanki, AGMKga nafaqat olmalikliklar, balki Buxoro va namanganlik ishqibozlar ham muxlislik qilishadi. Aynan ularning qo‘llab-quvvatlashlari bilan oldimizga qo‘yilgan maqsadga erisha olamiz. Olmaliqlik muxlislarga tilagim shuki, ular har doim jamoaga ishonishsin va doim qo‘llab-quvvatlashsin. Biz yigitlar bilan birgalikda ularning ishonchini qozonish uchun har bir uchrashuvda qo‘limizdan kelganicha mehnat qilamiz. Umid qilamanki, stadionga muxlislarimizning tashrifi ham ko‘payib boradi.
Shuhratbek Jo‘raev suhbatlashdi.

Fikrlar