
Bivol chempionlik jangining so‘nggi raundida Barrerani nokautga uchratdi
Bugun Nyu-Yorkda tashkil qilingan boks kechasining andekart janglaridan birida yarim og‘ir vazn toifasining WBA chempioni Dmitriy Bivol (12-0-0, 10 KO) himoya jangini o‘tkazdi.
Mazkur jangda chempion ushbu kamarga asosiy da’vogar kubalik Sallivan Barrera (21-1-0, 14 KO) bilan kuch sinashdi.
Mazkur jangning ilk raundlarida bokschilar galma-gal ustunlikni qo‘lga olishdi. Biroq oltinchi raunddan so‘ng rossiyalik chempion faollashdi. Bu esa 12-raundga kelib o‘z samarasini berdi va u raund boshida o‘ng qo‘lda bergan kuchli, aniq zarbasi evaziga raqibini nokautga uchratdi.
27 yoshli Dmitriy Bivol 2016 yilda WBA vaqtinchalik jahon chempionligini qo‘lga kiritgan edi. Shundan so‘ng u ikkita muvaffaqiyatli himoya jangini o‘tkazdi. O‘tgan yili oktyabrda u to‘liq chempionlikni rasmiylashtirdi. Noyabrda esa yangi chempionlik kamarining ilk himoya jangida avstraliyalik da’vogar Trent Broadxyorstni 1-raundda nokautga uchratgan.
36 yoshli kubalik Sallivan Barrera shu vaqtga qadar professional faoliyatida bir marta – amerikalik Andre Uordga mag‘lub bo‘lgan.
Fikrlar