Davron Fayziev: Rus sharhlovchilari bilan o‘rtadagi farq u qadar katta emas (1-qism)

CHERY AUTO

– Avvalo, Kardiffda o‘tkazilgan EChL final haqida gaplashsak. O‘yinda ovoz boshlandi... Davron Fayzievning ovozi sal boshqacharoq lekin, to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga chiqildi. Bu kimdandir chiqqan g‘oyamidi yoki..

Men bir narsani ta’kidlab o‘tmoqchimanki, buni avvaldan hech kimga bildirmaslik, e’lon qilmaslik oldindan o‘ylangan g‘oya edi. Nega? Chunki, O‘zbekiston televideniyasi tarixida bunday katta masshtabdagi final o‘yinlari stadiondan hali sharhlanmagan edi. Shu sababli ham, texnik tomondan bu narsa hali yo‘lga qo‘yilmagan edi. Texnika turibdi. Biroq, uning juda murakkab sozlash ishlarini olib borishimiz kerak edi. Shuning uchun bu e’lon qilinmagan edi. Bundan tashqari, bu amalga oshmay qolishi ehtimoli ham bor edi. Shuncha borib, harakat qilganimiz amalga oshmay qolishi ham mumkin edi. Sal muammo bo‘lgan joyi, u yoqdan uzatilgan ovoz bizda raqamli formatda qabul qilinib olinishi kerak edi. Lekin, shu o‘rinda sal muammo yuzaga keldi. O‘z vaqtida buning muqobil varianti qidirildi va ovoz analog sifatida yuborildi. Analog degani bu – oldinga vaqtlarda hali raqamli ovoz uzatish yo‘lga qo‘yilmagan vaqtlarda xuddi telefonda gaplashib sharhlaganday ovoz bo‘lardi. Biz ham o‘sha formatda ishladik. Lekin boshlanishiga fikrimcha, yaxshi bo‘ldi. Chunki, birinchi qadam muvaffaqiyatli tashlandi.

– Stadionda bahs ketdi, lekin ular emas boshqasi. Lekin, qanaqasiga deb o‘ylaysiz-da, 100 foiz o‘rganibdi ovozingizga odam. Lekin, boshqa, yoshroq odamni ovoziga o‘xshab keldi-da...

– Uzatishda muammo bo‘ldi. Baribir, stadionda sharhlaganda yoningizda 70000 muxlis baqirig‘i, boshqa 200 ga yaqin sharhlovchi bor va ular bilan sizni faqatgina kichkinagina oynacha ajratib turibdi. U tovushlar hammasi yig‘ilab turib, odam o‘zini eshitmaydi. Shuning uchun ham, efirda ovozim sal boshqacha chiqqan bo‘lishi mumkin. Chunki, har qanday sharhlovchi ovozni nazorat qiladi, menda buni nazoart qilishga imkoniyat bo‘lmadi, chunki ovozimni eshitmadim ham. Shuning uchun ham boshqacha chiqqan bo‘lishi mumkin.

– Davron aka, “Sport” kanalida sizning ko‘p sharhlaringiz orqali o‘zbek muxlislari orasida tanilganiz. “Sport” dan “UzReport” kanaliga o‘tishingiz borasida ham ozgina to‘xtalib o‘tsangiz...

– To‘g‘ri, faoliyatimning kattagina qismi “Sport” kanali bilan bog‘liq. Oldin “Yoshlar” kanalidan “Sport”ga o‘tdim, keyin futbol sohasini, umuman sport sohasini rivojlantirishga qo‘limdan kelgancha harakat qildim, do‘stlar orttirdim, yaxshi insonlar bilan ishladim, yaxshi munosabatda bo‘ldik. Xayrlashish jarayoni ham yaxshi bo‘ldi, qaysi ma’nodaki, misol uchun, hech qanaqa o‘rtamizda sovuqchilik o‘tmadi, “UzReport TV”dan taklif bo‘ldi va uni ko‘rib chiqib, bu loyiha menga yoqdi. Men unda o‘zimni ko‘rdim. Bu qarorimni kanal rahbariyatiga tushuntirdim. Ular to‘g‘ri tushunishdi va omad tilashdi. Men ham kanal xodimlariga omad tiladim. Haligacha bu kanalni ko‘raman, kuzataman, qaysidir joylarida jon kuydiraman. Hamkasblarimga qo‘ng‘iroq qilib qandaydir maslahatlar beraman yoki fikrlarimni bildirib o‘tishim mumkin va ular buni to‘g‘ri qabul qilishadi. Aytmoqchimanki, biz judayam iliq, do‘stona xayrlashdik. “UzReport TV”ning birinchi talablaridan biri ham shu bo‘ldiki: “Avval “Sport” kanali bilan gaplashib ko‘ring, agar ular rozi bo‘lishsa, o‘rtadagi munosabatlarni buzish niyatimiz yo‘q. Rozi bo‘lib qo‘yib yuborishsa, biz xursand bo‘lardik”, – deb aytishgandi, rostdan ham borib gaplashsam, to‘g‘ri tushunishdi va shu bilan keyin boshqa kanalga o‘tib ketdim.   

– Avval sizni “Davr”da ko‘rardik, keyin “Sport” kanaliga o‘tishingizga Davlat Turdialievning hissalari ko‘p. Shu haqda ham ikki og‘iz gapirib ketsangiz.

– Gazetalarda Davlat akaga bag‘ishlab ikki-uch marta maqola ham yozganman. Rhmatli Davlat aka shaxsan menga va ko‘pchilik sport sharhloqchilariga ustoz edilar. Misol uchun, kanalda faoliyatimni boshlaganimda ular meni begona deb ko‘rmasdan; yosh bola edim, maktabni endi bitirib, ish qidirib borganman. O‘sha paytda umuman tajribam yo‘q, umuman institutni bitirmaganman, ko‘chadan kelgan bola edim. Lekin, ular qiziqishimni, intilishimni ko‘ra oldilar. Yuraver, balki nimadir o‘rganarsan, deb qabul qilganlir. Men ularni hech qachon esimdan chiqarmayman. Endi bevosita “Yoshlar” kanalidan ketishimning sababiga to‘xtaladigan bo‘lsak, qisman to‘g‘ri, chunki Davlat aka “Sport” kanalida ishlab yurgan payti ko‘p bor taklif qilganlar. Lekin, “Yoshlar” kanalida o‘zimga yarasha o‘rnim bor edi. U payt ham sport sharhlovchisi edim, ham ijtimoiy siyosiy dastur, “Davr” informatsion dasturida boshlovchi edim. Shunday bo‘lgandiki, men deyarli bitta erkak boshlovchi edim. Haftada bir necha kun men olib borardim. Agar men bo‘lmay qolsam, “Davr”ni qo‘proq ayol boshlovchilar olib borishiga to‘g‘ri kelardi. Bu albatta, noqulay vaziyatni yuzaga keltirardi. Ham rahbariyat tomnidan menga ishonch judayam katta edi. Shuning uchun, o‘sha paytdaga direktor Xayrulla Nuriddinovga tushuntirganman; Davlat aka ustozim bo‘ladilar. Bir necha bor tushuntirdim, “Yoshlar” kanalida ham majburiyatlarim bor. O‘zimning boshlovchilik yo‘nalishim ham yoqardi. Chunki, qo‘limdan keladigan ish bo‘lsa, xursand bo‘lib bajaraman. Agar, qo‘limdan kelmasa, qo‘l urmay qo‘ya qolaman. Informatsion dastur boshlovchiligi sezardimki, qo‘limdan kelardi. U ham kasbimning bir yo‘nalishi, yo‘qotishni xohlamasdim. Keyin Davlat aka: “Men “Sport” kanaliga yangi rahbar bo‘ldim, menga hozir yordam kerak. Men bilan elkama-elka turib ishlaydiganlar kerak. Kanal nufuzini ko‘tarishimiz kerak”, – deb chin yurakdan iltimos qilganlaridan keyin “yo‘q” deyolmadim. Keyin Xayrulla Nuriddinovga kirib vaziyatni tushuntirganimda, ular ham to‘g‘ri tushundilar. Ular ham baribir, o‘z ishining fidoiy egasi. Ijodkor sifatida meni tushunib aydilarki: “Bo‘ldi, agar butun e’tiboringni sportga qaratib, ketmoqchi bo‘lsang, men to‘g‘ri tushunaman. Lekin, agar yana informatsion dasturlarda ishlash xohishing paydo bo‘lsa, “Yoshlar” kanalining eshigi ochiq”, – deb ruxsat berdilar. Keyin men “Sport”ga o‘tib, Davlat akaga yordam berib, o‘sha paytda, Davlat aka boshqargan vaqtda, shaxsiy fikrimcha, telekanal ancha o‘sishga erishdi.

– To‘g‘ri, masalan, o‘ylashimcha “Gol” ko‘satuvining haligacha muqobili chiqqanicha yo‘q. Balki “FIFA” ko‘rsatuvini aytishimiz mumkindir. Lekin, “Gol” ko‘rsatuvi boshqacha edi.  Balki sportga endi kirib kelayotganimiz yoki bolaligimizning eng ajoyib davriga to‘g‘ri kelganidanmi... Lekin, baribir “Gol” ko‘rsatuvining haligacha muqobili chiqmadi deb o‘ylayman.

– “Gol” ko‘rsatuvi Davlat aka o‘sha payti; mana hozirgi kun talabi kamchiliklarni gapirish, ularni to‘g‘irlashga yordam berish, jurnalistning vazifasi. Hozirga kunda shu narsalarga yo‘l ochildi. Davlat aka o‘sha paytda shu narsani ko‘tarib chiqardilarki, “Gol” ko‘rsatuvi orqali tanqidiy bo‘lsa ham yondashib, muammolarni hal qilishga harakat qilardilar va ularning tanqidi shunaqa bo‘lardiki, shunaqa faktlar bilan keltirib berardilarki, ulardan o‘sha paytdagi federatsiya rahbarlari ham hech kim yuz ko‘rmas bo‘lib, xafa bo‘lmasdi. Qaytaga to‘g‘ri tushunishardi, Davlat akani futbol olamida ham, ya’ni futbol ichidagi odamlar orasida ham obro‘si katta edi. Chunki, o‘rinli, konstruktiv tanqid qilardilar. Lekin bitta yaxshi tomonlari bor ediki, masalan, ularning o‘z yo‘nalishlari bor edi, mening o‘z yo‘nalishim bor, yana boshqa sharhlovchining o‘z uslubi bor-a, ular hech qachon mening uslubimda ishlaysan demaganlar. Yaqqol kamchiliklarimiz bo‘lsa, aytishlari mumkin edi. Lekin, sen bunaqa ishlashing kerak, menga o‘xshab qilishing kerak, demasdilar. Shu narsaga xursand bo‘lamanki, har bir odamning o‘z yo‘nalishi, o‘z uslubini shakllantirishiga turtki berardilar, to‘sqinlik qilmasdilar.

– Endi Oliy Liga bahslariga o‘tsak, “Sport” kanalida translyatsiyalar berilyapti, ammo unchalik ko‘p emas. “UzReport” kanalida o‘zbek futbolchiga talgan qandaydir dasturlar yoki ko‘rsatuvlar bo‘lishi mumkinmi, yoki jahon futboli bilan cheklanib qolinadimi?

– “UzReport” futbol amvzusini yoritishni boshlagan vaqtidan beri o‘z oldiga maqsad qo‘ygan. Men u paytlar u erda ishlamasdim. Lekin keyinchalik tanishib chiqqanimda shu narsaga amin bo‘ldimki, ularning bitta ishlash printsipi bor, hammasi qonuniy, litsenziyalangan bo‘lishi kerak. Masalan, telemahsulot bu har mahsulotning katta bir turi hisoblanadi. U ham hujjati bilan sotib olinadi va ishlanadi.  “UzReport”ning asosiy printsipi – mana shunday zamonaviy qoidalar asosida ishlash. Ya’ni hozirgi kunda O‘zbekiston chempionati va umumman o‘zbek futboli mahsuloti, kontent asosan,huquqiy jihatdan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, ya’ni “Sport” kanaliga tegishli.  Ularda qanaqadir O‘zbekiston Futbol federatsiyasi bilan kelishuvlar bor. Shunday ekan, “UzReport” bunga qandaydir aralashib, yoki o‘z tomoniga og‘dirishga intilmaydi. “Sport” kanalining egalik huquqini hurmat qilgan holda, bunga da’vogarlik qilmaydi. Shu sababli ham, hozir bizda ancha yillardan buyon Evropa futbolini jonli tarzda yoritishda bo‘shab yotgan vakuum paydo bo‘ldi. “UzReport” telekanali o‘sha bo‘shliqni to‘ldirishga harakat qildi va ayni paytga qadar o‘z yo‘nalishidan chetlashayotgani yo‘q. Shuning uchun, ham hozirda bizda unday rejalar yo‘q. Chunki, baribir O‘zbekiston chempionatini davlatning asosiy kanallaridan biri hisoblanadigan “Sport” kanali qo‘lidan kelgan yoritib bormoqda. “UzReport” bunga hech qanday da’vogarlik qilmaydi.

– Mana, Davron aka, siz bevosita “Sport” kanalida ishlagan vaqtlaringizda Oliy Liga bahslariniyam, terma jamoa o‘yinlarini sharhlardingizda, “UzReport” kanaliga o‘tgach, evrofutbolni yoritishda butu O‘zbekiston sizni tinglab ovozingizga o‘rgangan. Savolim shuki, o‘zbek futbolini sharhlash, masalan, sizga Oliy Ligani o‘yinlarini sharhlash osonroqmi yoki Evropa futbolimi?

– Nima desam bo‘ladi... Murakkablik jihatidan O‘zbekiston chempionati, yoki terma jamoa o‘yinlari biroz qiyinroq. Nega? Hatto, terma jamoa o‘yinlari bilan chempionatimiz o‘yinlarining ham o‘zaro farqi bor. Chempionat o‘yini eng qiyin. Chunki, informatsiya yo‘q. Odam internetga kirib, deylik qaysidir futbolchi yoki qaysidir jamoa haqida to‘liq va batafsil ma’lumot ololmaysiz. Bevosita klub matbuot xizmati bilan bog‘lanib, ulardan ma’lumot olib, jiddiy tayyorgarlik bilan kirmasangiz, O‘zbekiston chempionatini sharhlay olmaysiz. Sharhlaysiz, faqat to‘pning ketidan yugurib yurasiz. Lekin, bu sharh emas muxlislarning o‘zi ham zerikib ketadi, umuman eshitgisi ham kelmaydi. Men o‘zimda qandaydir vijdonim yo‘l qo‘ymasdiki,  90 daqiqani shundoq kirib, to‘pning ketidan yugurib, vaqt o‘tkazishni o‘zimga ep bilmasdim. Shuning uchun qo‘ng‘iroq qilib, jamoa a’zolari bilan uchrashib, ma’lumot olishga harakat qilardim. Bu ham bir mehnat talab qilardi. Eng qiyin sharhlash bu – O‘zbekiston chempionati. Agar professional nuqtayi nazardan yondashsangiz shunaqa. Agar bunaqa yondashmasangiz, bu judayam oson. Bu birinchidan, ikkinchidan, terma jamoaning o‘yinga tayyorlanish ham qiyin.  Inforomatsiya bo‘ladi, chunki, istaysizmi, yo‘qmi, terma jamoa bilan bog‘liq kichkina yangilik ham kuzatib borasiz, kerak bo‘lsa, mashg‘ulotlariga ham borasiz, hamma narsani bilasiz. Ma’lumot bor, qiyin tomoni – emotsional tomon. Terma jamoa o‘yinlarini sharhlaganda yuragimiz yonib turadi. Bu payt siz sharhlaganda 90 daqiqa davomida yuz minglab so‘z va iboralar ishlatasiz. Ularning har bir donasiga ham alohida javobgarsiz. Hissiyotlaringiz jo‘sh urgan paytda o‘zingizni nazorat qilib, terma jamoada obektiv etkazib berish qiyin. Evropaning oson tomoni ikkala jamoaning ham sizga qandaydir yaqinlik joyi yo‘q, informatsiya to‘lib yotibdi, hatto o‘sha debyut qilgan 16 yoshar bola haqida ham qaerda tug‘ilgani, qaysi akademiyadan chiqqani, necha yoshda birinchi jamoaga chaqirilganigacha ma’lumot etarli. Evropa nisbatan osonroq.

– “UzReport” bevosita Rossiyaning “NTV+”, hozirgi “Match TV” telekanali bilan hamkorlik qiladi. Kanal bugungi kunda ushbu telekanallardagi mashhur sharhlovchilarni O‘zbekistonga taklif qilyapti. Nima deb o‘ylaysiz, rus sharhlovchilaridan nimalarni o‘rgandingiz?

– (Biroz o‘ylanib) Shaxsan men hamma, misol uchun, o‘zimizda sharhlaydigan hamkasblarimizdan o‘zimdan yosh bo‘lsa ham, endi boshlagan sharhlovchi bo‘lsa ham diqqat bilan eshitamanki, shundanam nimadir olishga harakat qilaman. U ham nimadir yangilik kiritishi mumkin. Shuning uchun ham ulardan ham, rossiyalik sharhlovchilardan ham ko‘p narsa olishga harakat qildik. Ko‘pchilik o‘ylaydiki, bizning sharhlovchilar rossiyaliklarning oldida ancha past darajada deb. Lekin, ular bilan yaqin muloqotda bo‘ldim, gaplashdim, fikrlarini eshitdim, bir necha kun davomida birga bo‘ldik. Olib yurdik. Buxorolarga olib bordik. Suhbat jarayonida shuni tushundimki, farq u qadar katta emas, shunchaki, bu kanallar brendga aylanib qolgan. Shu kanalda chiqdimi, sharhladimi, bo‘ldi u sharhlovchi, uning darajasi baland. Yana bir jihati shuki, ular to‘xtamaydi. Bizda futbolchilarning eng katta kamchiligini aytishadiku, ma’lum bir darajaga chiqqach, to‘xtaydi. Balki, bu gap bizlarning sharhlovchilarimizga ham tegishlidir. Ma’lum bir darajaga chiqqandan keyin to‘xtaydi. Bo‘ldi, etadi, mening darajam bor, ishim bor, deydi-da to‘xtaydi, bo‘ldi. Ulardabunaqa narsa yo‘q. Ularda raqobat shu qadar kuchliki, sal xato qildimi, sal reytingi tushib ketdimi, hali bizda ham yo‘lga qo‘yilsa kerak bu narsa, har bir sharhlovchining o‘z reytingi bor. Bu bizda yo‘q. O‘sha reyting tushib ketdimi, yo‘q, bo‘ldi chiqib ketadi. O‘sha raqobatni his qilgan holda, ular doimiy ravishda o‘shz ustida ishlaydi. Farq –shu. Lekin futbol bo‘yicha bilimi, misol uchun, endi rus va o‘zbek tillarini solishtirib bo‘lmaydiku, lekin, baribir so‘z boyligi, dunyoqarashi bo‘yicha bizning sharhlovchilar ham masalan, Mirzahakim akani aytishimiz mumkin, Murod akani aytishimiz mumkin, yoshlardan Dilshod To‘xtabekovni aytishimiz mumkin, o‘ylashimcha, u qadar farq katta emas. Faqat, hammamizga tekkan kasal birox xotirjamlikka berilish. Ular bilan gaplashib shu narsaga ishonch hosil qildimki, hech qachon xotirjamlikka berilmaslik kerak ekan. O‘zi mening xarkaterimda shu narsa borki,  to‘xtab qolsam, o‘zimning sharhimni ko‘rolmay qolaman, eshitolmay qolaman. Sharhimni eshitganda, aynan nima bo‘layapti, chetdan eshitganda, odamda umuman boshqa fikr paydo bo‘ladi. Qani o‘sish bo‘layaptimi, yoki pasayishmi. Pasayish bo‘lsa, ishimdan qonimayman va keyin ichimda qandaydir siqilish boshlanadi, qanaqadir o‘zgartirishim, nimadir yangilik kiritishim kerakmi yo qanaqadir iboralar kiritish kerakmi, tempni oshirishim kerakmi yo aksincha tushirishim kerakmi, zeriktirib qo‘yayotganday his qilaman o‘zimni va shu narsani masalan, bitta ikkita rus sharhlovchilarida ko‘rdim. His qildimki, demak, ularning xayolida ham shu narsalar bor ekan. Shunday ekan, ulardan ham ko‘p narsa o‘rgandik. Endi men ishga kelishimdan oldin telekanalda bironta tajribali sharhlovchi bo‘lmagan. Ular ikkita sharhlovchini efirga qo‘yishgan. Ular: Jasurbek G‘aybullaev va Otabek Jo‘raev. Ular sharhlovchi emas. Ular endi boshladi bu kasbni va ularga o‘rgatadigan odam bo‘lmagan. Nega? Chunki, hamma sharhlovchilar “Sport” kanalida. Boshqa kanaldan olib turib, “bizga o‘rgatib ket”… U narsa bo‘lmaydi. Baribir, xohlaymizmi, yo‘qmi, ikkita kanal bir xil mavzuni yoritgandan keyin o‘rtada sog‘lom raqobat paydo bo‘ladi. Ular nima qilishdiki, bo‘lmasa Rossiyadan olib kelib o‘rgatamiz, ular bilan bir necha efirlarni birga o‘tkazadi, ko‘radi va sal bo‘lsa-da sharh nima ekanligini tushunib etadi. Maqsad shu bo‘lgan va sezgan bo‘lsangiz, men o‘tganimdan keyin misol uchun, Sanjar Rizaev, Alisher Uzoqov paydo bo‘ldi... Otabek Jo‘raev va Jasur aka ham sal-pal kirishib olishgandan keyin rossiyaliklarning kelishi kamaydi. Oxirga vaqtlarda deyarli kelishmayapti desayam bo‘laveradi. Oxirgi marta Lozunov bilan Elavin kelib ketdi. U ham bo‘lsa, Elavin kelib o‘rgatdi, master-klass o‘tdi, ikki hafta shu erda yashadi. Lozunov esa uzoq muddatga kelmadi. Kelib, o‘yin sharhlab, qaysidir ma’noda jurnalistlar bilan uchrashuvlar tashkil qilishga kelib ketdi. Endi o‘zimizda ham professionallar bor. Biz ular bilan kerak vaqtda hamkorlik qilamiz, maslahatlashamiz. Lekin, bizda ham o‘z jamoalarimiz shakllandi desak ham bo‘laveradi.

– “Futbol do‘stlik uchun” loyihasi bo‘lib o‘tdi. Bu dastur bo‘yicha ham alohida to‘xtalib o‘tsangiz.

– Zo‘r loyiha bo‘ldi ochig‘i, birinchi bor bunda O‘zbekiston delegatsiyasi ham qatnashdi. “Football Friendship” loyihasining maqsadi bolalar futboli orqali keyinchalik kelajakda butun dunyoda futbolni tinchlik, do‘stlik qositasi qilish va birlashtirish, munosabatlarni yaxshi tomonga o‘zgartirish – asosiy g‘oya shu. Bunga juda katta pul safrlandi. FIFA, “Gazprom” kompaniyasi oldin ham bir necha bor o‘tkazilgan bo‘lsa-da, bu safargisi eng kattasi bo‘ldi. Chunki, bu loyiha 64 ta davlatni qamrab oldi va ularni ichida birinchi bor O‘zbekiston ham qatnashdi. U erda 64 ta davlatdan 1 tadan futbolchi bola chaqiriladi. U erda 6 ta jamoa bo‘lsa, O‘zbekiston, AQSh, Yaponiya, Serbiya, Nigeriyadan kelgan bolalar bir jamoa bo‘lib o‘ynaydi. Narigisida yana boshqa jamoa... Umuman, dunyo jamoalari yuzaga keldi desayam bo‘laveradi. Shu bilan birgalikda, baribir, do‘stlik g‘oyasini hammaga etkazishda qaysi kasb yana katta rol o‘ynaydi? Jurnalistika! Bundan tashqari kelajakda jurnalist bo‘lishni orzu qilgan yana bitta 12 yoshli bolakay bor. U ham O‘zbekistondan, o‘sha turnirda qatnashdi. Misol uchun, mana shu musobaqani yoritish uchun muxbir va futbol olami vakili sifatida meni taklif qilishdi. Men media sohasidagi futbol vakili sifatida bordim va shunaqa chiroyli tadbir tashkil etishdi, hammasi bolalar uchun ularning bir umr esida qoladigan bayram bo‘ldi. Biz ham maza qildik. Bolalar undan-da maza qilishdi. Ular bizdan bir hafta oldin borib, tayyorlanib, mashg‘ulot o‘tkazishdi. Futbolchi mashg‘ulot o‘tkazdi, jurnalist forumlarda qatnashdi. Tasavvur qiling, bizning delegatsiya federatsiya vakili Shavkat Imomov bilan birga 5 kishi. Bunaqa delegatsiyalardan 64 davlat bor. Judayam katta mehmonxona ularning ko‘pini qabul qilib, ham madaniy tadbirlar o‘tkazildi, ham sport tadbirlari o‘tkazildi. Ham Konfederatsiyalar Kubogiga olib borishdi. Hammasi chiroyli tarzda tashkil qilindi.-

– Bu loyiha 4 yilda bir marta bo‘ladimi...

– Yo‘q, har yili bo‘ladi. Xudo xohlasa, endi har yili O‘zbekiston ham qatnashadi. Ular u erga borishdan oldin bu bolalar O‘zbekistonning eng mashhur shaxslari bilan uchrashishdi. Masalan, sport olamidan Ravshan Ermatov, shou-biznes vakillaridan Sevara Nazarxon, biznes sohasidan “Korzinka” do‘konlar tarmog‘i rahbari Zafar Hoshimov, siyosatchilardan yana kimlar bilandir uchrashib, hammasiga do‘stlik g‘oyasini targ‘ib etuvchi bilaguzuklar berishgan va ular taqib, biz do‘stmiz deb, sekin-sekin tayyorlanib borib, bizning futbolchimizga qur’a tashlash marosimida darvozabon pozitsiyasi tushib qoldi. Futbol federatsiyasi hamma maktablar orasida tanlov o‘tkazdi. Unda 12 yoshga kirgan, darvozabon, o‘zbek, rus, ingliz tilini bilish kerak degan talab qo‘yildi. Unda, O‘zbekiston terma jamoasi, “Lokomotiv”, “Paxtakor”, “Bunyodkor” klublari darvozabon murabbiylari qatnashib, sralashdi. Keyin biz borib, ularning kirishuvchanlik, intervyu berishda o‘zini yo‘qotib qo‘ymaydimi va shu kab jihatlarini tekshirib ko‘rdik. Shunda bitta bola chiqdi-da, ham darvozabon sifatida, ham muloqot qilishda o‘zini ko‘rsatdi. Haqiqatdan, iqtidorli bola ekan. Rossiyaga borganda ham rosa boshqa davlatdan kelgan bolalar yoqtirib, o‘sha bola hammani ko‘nglini oldi. Shu bilan musobaqa yaxshi o‘tdi. Keyin Germaniya–Chili o‘rtasidagi final uchrashuviga tushdik. Hamma ushbu o‘yinga o‘zining milliy elementlari bilan bordi. Yaxshi taassurotlar bilan qaytib keldik.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!