Dubaydan gapiramiz…(FOTO)
Ertaga bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston hamda Ummon terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv biz uchun jiddiy ahamiyat kasb etishi bois bugun yana bir guruh muxlislar guruhi BAAga etib keldilar.
Ma’lumki, bugun o‘yindan oldingi matbuot anjumani o‘tkaziladi. Shu bois uchrashuv bo‘lib o‘tadigan «Sharja sport klub» stadioniga yo‘l oldik. Dubaydan Sharja tomon yo‘l olar ekanmiz, shaharda Osiyo Kubogi muhitini sezdirib turadigan biror-bir banner, rekalama yoki shunga o‘xshash narsalarni ko‘rganimiz yo‘q. Toki Sharjadagi stadionga etib borgunimizga qadar shu holat davom etdi. «Sharja sport klub» stadioni BAA chempionatida «Sharja» jamoasining uy stadioni hisoblanib, ancha ixchamgina joylashgan. O‘z bag‘riga 12 ming muxlisni sig‘diradi. Ertagalik o‘yin uchun stadionni tayyor holatda deyish mumkin. Uning atrofi to‘laligicha Osiyo Kubogi emblemalari bilan burkangan. Bizning dastlabki ishimiz o‘z akkreditatsiyalarimizga ega bo‘lish edi va shu maqsadda avvalo stadiondagi akkreditatsiya markaziga yo‘l oldik. Bir guruh o‘zbekistonlik ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda o‘zimizga tegishli bo‘lgan akkreditatsiyalarni qo‘lga kiritganimizdan so‘ng media markaziga bordik. U erda esa tabiiyki ish qizg‘in edi. Quvonarlisi, O‘zbekistondan kelgan jurnalistlar ummonliklarga qaraganda ko‘pchilikni tashkil etardi.
Shuni ham aytish joizki, OFK tomonidan jurnalistlar uchun hamma sharoitlar yaratilgan. Shuningdek, stadionni ham obdon ko‘zdan kechirdik, u erda ishchilar oxirgi tayyorgarlik ishlarini olib bormoqdalar. Maydonning sifati esa a’lo darajada. O‘yinoldi matbuot anjumani uchun hamma narsa tayyor qilib qo‘yilgan.
Shuhratbek Jo‘raev.





















Fikrlar