Ektor Kuper: Osiyo kubogida g‘olib chiqmoqchimiz
Mazkur musobaqa oldidan bugun O‘FA anjumanlar zalida O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabiiyi Ektor Kuper bilan matbuot anjumani bo‘lib o‘tmoqda.
"Avstraliyadagi yig‘indan keyin jurnalistlarda savollar ko‘payib ketdi. Natija ham salbiy bo‘ldi. Bu xatolardan xulosa chiqarib olishimiz mumkin. Osiyo kubogiga etarli darajada tayyorlangan holda etib boramiz degan umiddaman.
Biz o‘rtoqlik uchrashuvi va rasmiy bahslarga bir xil tayyorgarlik ko‘ramiz, lekin bazida natija o‘xshamaydi. Masalan Janubiy Koreyaga qarshi bellashuvda bu ko‘rindi.
Hozir himoyaviy uslubni ko‘pchilik tanqid qildi. Lekin Frantsiya termasi jamoasi ham jahon chempionatida himoyaviy taktikada harakat qildi va natija ko‘rsatdi.
Agar biz nimadadir xato qilsak o‘sha zahoti taktikani o‘zgartiramiz. Masalan Osiyo Kubogida boshqacha uslubda o‘ynashimiz mumkin.
Osiyo kubogiga tarkib tanlashda urg‘u faqatgina noyabrda bo‘lib o‘tgan yig‘inda qatnashgan futbolchilarga qaratilmaydi. Shu paytga qadar tashkil etgan barcha yig‘inlar davomida bir qator futbolchilarni o‘z ko‘z ostimizga olib qo‘yganmiz. Qolaversa, hali oldinda yana bitta o‘quv-mashg‘ulot yig‘inimiz mavjud. Balkim muxlislarimiz, Osiyo kubogiga boradigan tarkibda umuman yangi nomlarni ko‘rishlari ham mumkin bo‘ladi. Maqsadimiz Osiyo kubogida g‘alaba qozonish.
Barcha terma jamoaning o‘z uslubi bo‘lishi kerak. 5-6 xil taktikani qo‘llab bo‘lmaydi. Albatta o‘zgarish bo‘ladi. Yana bir bor aytaman, biz Osiyo kubogiga g‘alaba uchun boramiz. Barcha rejalarimiz o‘xshasa, albatta maqsadga etishamiz.
Shunday vaziyatlar bo‘ladiki, mag‘lubiyatlardan so‘ng barchada kayfiyat tushi ketadi va bu normal holat. Ko‘pchilik ishonmayapti, lekin biz Osiyo kubogida yaxshi natija qayd etishimiz mumkin", - dedi argentinalik mutaxassis.



Fikrlar