
Emeri Aaron Remzidan superkahramon yasay oladimi?
Arsen Vengerning bo‘shab qolgan o‘rniga “Arsenal” Unay Emeri olib kelindi va “to‘pchilar” tarixida yangi davr ochiladigan bo‘ldi. Bu so‘nggi 22 yil ichida hecham sodir bo‘lmagandi.
Nafaqat klub muxlislari buni o‘zgacha qabul qilishmoqda, “Arsenal” yarim himoyachisi Aaron Remzi ham bunga optimistik qaramoqda.
Uels safida Meksikaga qarshi o‘tkazilgan o‘rtoqlik o‘yinidan keyin Remzi Emeri bilan ishlash to‘g‘risidagi savolga javob berishiga to‘g‘ri keldi: “Albatta. Men u bilan umuman gaplashmaganman. Ammo o‘ylaymanki, klub uchun bu ayni vaqtidir.”
Remzi amaldagi shartnomasida imzolangan so‘nggi 12 oyni bajarishga tayyorlanmoqda va uning “to‘pchilar” safidan ketishi haqidagi shov-shuvlar urchiy boshladi.
Ammo 27 yoshli futbolchining mulohazalariga ko‘ra, u jamoasiga sodiqligini va Emeri qo‘li ostida ishlab ko‘rishni istayotganini ko‘rmoqdamiz.
Xo‘sh, qanday qilib Emeri Remzini eng yaxshi versiyasiga olib chiqishi mumkin?
Quyida “Arsenal”ning yangi bosh murabbiyi uni yangi saviyaga olib chiqishi mumkin bo‘lgan uch variant haqida so‘z boradi.
- Uni hujumga qo‘shish
O‘tgan mavsumda “Arsenal”ning 21 o‘yinida markaziy yarim himoyachi vazifasidan hujumni qo‘llovchiga aylanganida jamoasiga ijobiy ta’sir o‘tkaza oldi. Remzi hujumlarga qo‘shilishi bilan ko‘proq ta’sir o‘tkazishi mumkin.
Hujumchi ortida Mesut O‘zil bilan birga harakatlanish o‘z o‘yinining barcha jabhalarini ochib berishiga yordam berishi mumkin.
Hujum ortida o‘ynaganda uelslik futbolchi raqib jarima maydonchasi oldida ko‘proq paydo bo‘ladi va gollar urish qobiliyatini ham o‘rganib olishi mumkin. U barcha musobaqalarni hisobga olganda, 12 gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Shundan ettitasi Premer Liga doirasida urilgan. Shuningdek, u bir marotaba xet-trikka erishgan.
O‘sha xet-trik urgan uchrashuvida O‘zil bilan birga “Everton”ga (5-1) qarshi bahsda harakat qilgan edi. O‘zil – Remzi hamkorligi bilan “Arsenal”ni Moskvaning “TsSKA”sini ham yirik 4-1 hisobida mag‘lubiyatga uchrashiga sabab bo‘lgan edi.
Xullas, uni 4-1-4-1 o‘yin sxemasida hujum ortiga o‘tqazish tufayli “Arsenal” va Emeri Remzidan maksimal foyda olishi mumkin.
- Uni asosiy yaratuvchiga aylantirish
Bu yo‘l yangi bosh murabbiy uchun katta chaqiriq bo‘ladi. O‘zilni kamsitmagan holda aytish mumkinki, Remzi bu jabhada ham klubiga katta yordam bera oladi.
Emerining sevimli 4-3-3 o‘yin sxemasida bitta “qora ish”ni bajaruvchi futbolchi bilan harakatlanadi. O‘zil garchi benazir uzatmalar bera olsada, unda himoyaviy fazilatlar etishmaydi.
Granit Jaka yoki ehtimol yangi transfer egasi bilan yarim himoyani tashkil qilgan Remzi raqib jarima maydonchasiga quyiroqdan turib ajoyib uzatmalarni etkazib berishi mumkin.
Premer Liganing poyoniga etgan mavsumida “Arsenal”ning birorta futbolchisi Remzidan (8 uzatma) ko‘p golli uzatmalar oshirmagan. Faqatgina O‘zil u bilan tenglasha olgan, xolos. Biroq Remzi bunga O‘zildan 300 daqiqa kam o‘ynagan holda erishgan.
Remzi shu bilan birga 28 bora xavfli vaziyatlarni vujudga keltirgan.
- Uni Ever Banega rolida o‘ynatish
Boshqa bir taktikada esa, Emeri “Sevilya”da qo‘llagan 4-2-3-1 bo‘lib, Remzini Ever Banega bajargan vazifani topshirish bo‘lishi ham mumkin.
Emeri bilan avval “Valensiya”da keyin “Sevilya”da birga faoliyat yuritgan argentinalik futbolchi hujumkor yarim himoyaning markaziy rolida bo‘lib u hujumchi ortida harakat qilardi.
Bunday hamkorlik mevasi “Sevilya”ning ketma-ket Evropa Ligasi sovrinlari bilan nihoyasiga etgandi. “Arsenal” ham yangi mavsumda Chempionlar Ligasiga chiqish uchun bir variant sifatida bunga ko‘z tiksa kerak. Boisi kuchli to‘rtlikka kirish borgan sari qiyinlashib bormoqda.
“Sevilya”da Emeri qo‘l ostida 94 o‘yinda ishtirok etgan Banega 12 gol urishga erishgan. Shuningdek, o‘z hisobiga 9 golli uzatmani yozdirib qo‘ygan. “Arsenal” muxlislari bundan ko‘ngillari hotirjam bo‘lsa bo‘ladi, Remzi buni undan yaxshiroq uddalaydi.
Erkin G‘aybullaev tayyorladi
Fikrlar