
Frantsiyaning yirik sport anjomlari ishlab chiqaruvchi kompaniyasi O‘zbekistonda faoliyat boshlashi mumkin
Bugun, 2 oktyabr kuni Frantsiyaning sport anjomlari va kiyimlari ishlab chiqaruvchi mashhur «Decathlon» kompaniyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Jerom Antonio da Silva bilan uchrashuv tashkil qilindi. Uchrashuvda Milliy olimpiya qo‘mitasi nomidan Bosh kotib Jasur Matchanov ishtirok etdi.
Bosh kotib uchrashuvni boshlar ekan, o‘zi ham sport bilan shug‘ullangan vaqtida aynan «Decathlon» sport anjomlaridan foydalanganligini alohida qayd etib o‘tdi.
«Sportchi bo‘lganimda men ham aynan «Decathlon» sport anjomlaridan foydalanardim. Kompaniyangiz o‘z sifatli mahsulotlari bilan jahon bo‘ylab nom qozongan. Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqdalar. Buning uchun albatta yaxshi sharoitlar va sifatli sport anjomlari bizda bo‘lishi kerak», – dedi MOQ Bosh kotibi.
Frantsiyalik mehmon bunga javoban kompaniya missiyasi O‘zbekiston ko‘zlagan maqsadga mos kelishi haqida gapirdi.
«O‘zaro maqsadlarimiz bir-biriga mos tushmoqda. Bu ajoyib. Kompaniyamiz 80 dan ortiq sport turi uchun sport inventarlari ishlab chiqaradi. Jahonning 45 mamlakatida 1500 dan ortiq do‘konlarimiz bor. Maqsadimiz sport bilan shug‘ullanish uchun barchaga sharoit yaratib berishdir. O‘zbekistonda ko‘plab jabhalarda islohotlar ketayotganidan xabarimiz bor. Markaziy Osiyo mamlakatlaridan biri bilan hamkorlik qilish istagidamiz. Ayni paytda aynan qaysi davlatda faoliyat boshlash ustida izlanishlar olib bormoqdamiz», – dedi Jerom Antonio da Silva.
O‘z navbatida Jasur Matchanov kompaniya uchun O‘zbekiston eng ma’qul variant ekanligini, mamlakatimizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishning afzalliklari va yana bir qator qulayliklar haqida gapirib berdi.
Uchrashuv yakunida an’anaga muvofiq mehmonlarga Milliy olimpiya qo‘mitasi nomidan esdalik sovg‘asi taqdim etildi.
Fikrlar