
Hasanboy Do‘smatov: Oltin medallar faqat men uchun yaratilmagan
Indoneziyada bo‘lib o‘tgan Osiyo o‘yinlarida o‘zbekistonlik sportchilar muvaffaqiyatli ishtirok etib, vatanimiz sha’nini munosib darajada himoya qila oldilar. Yakunda O‘zbekiston Osiyo o‘yinlarida medallar to‘plash borasida kuchli beshlikdan o‘rin egallagani ham katta gap. Bu esa yurtimizda sport sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tiborning ifodasidir.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, Osiyo o‘yinlarida andijonlik sportchilar ham O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilishdi. Bir qator sport turlari bo‘yicha qo‘lga kiritilgan muvaffaqiyatlarni alohida e’tirof etsak arziydi. Ayniqsa, Andijonda boks sport turi ancha rivojlangan bo‘lib, Osiyo o‘yinlarida O‘zbekistonga taqdim etgan medallarning salmoqli qismi aynan bokschilarimiz tomonidan amalga oshirilgani ham e’tiborga molikdir. Jumladan oltin, kumush hamda bronza medallarni qo‘lga kiritgan sportchilar orasida andijonliklar ham salmoqli ko‘rinish olishdi. Ayniqsa, bokschilarimizning qo‘lga kiritgan muvaffaqiyatlari ham alohida e’tiborga molikdir. Yaqinda O‘zbekiston Kubogi chorak final doirasidagi “Andijon” hamda “Bunyodkor” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvdan avval viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov Osiyo o‘yinlarida sovrindor bo‘lgan andijonliklar sportchilar va ularning ustozlarini muxlislar qarshisida mukofotlagan holda qizg‘in tabrikladi. Barchaga yaxshi tanish bo‘lgan bokschimiz Hasanboy Do‘stmatov Osiyo o‘yinlarida kumush medalni qo‘lga kiritdi. Aynan ularni taqdirlash arafasida qisqacha Do‘stmatov bilan suhbatda bo‘ldik.
- Osiyo o‘yinlaridan keyin viloyatimi hokimi biz sportchilarni taqdirlash uchun “Andijon” – “Bunyodkor” o‘rtasidagi O‘zbekiston Kubogi chorak final bahsiga taklif etdi, - deya gap boshladi, Hasanboy Do‘stmatov. - O‘z navbatida Andijon viloyati hokimiga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz. Chunki sportga juda katta e’tibor qaratyapti. Shuning natijasida Osiyo o‘yinlarida andijonlik sportchilar katta marralarga erishib, O‘zbekiston sharafini munosib himoya qildilar. Lekin biz bu natija bilan to‘xtab qolmaymiz. Hali oldimizda ko‘plab musobaqalar turibdi. Misol uchun jahon chempionati, undan keyin esa Olimpiada kabi yirik musobaqalar bor. Shunday ekan, biz yangi marralar sari intilamiz.
- Osiyo o‘yinlaridagi sportchilarimizning ishtiroklarini diqqat bilan kuzatib bordik va shu jumladan sizni ham. Xo‘sh, Osiyo o‘yinlaridagi ishtirokingiz borasida nima degan bo‘lardingiz?
- Har bir musobaqa biz uchun juda muhim hisoblanadi. Shu bois Osiyo o‘yinlariga ham jiddiy tayyorgarlik ko‘rgandik. Bu Olimpiadadan keyingi o‘rinda turadigan nufuzli musobaqa hisoblanadi. Shu bois biz qo‘limizdan kelganicha tayyorgarlik ko‘rdik va murabbiylarimizning ko‘rsatmalarini bajarishga harakat qildik. Lekin oxirida omad kulib boqmadi deb aytgan bo‘lardim. Finalda ham g‘olib chiqishni juda-juda istagandim. Balki omad etishmagandir, balki o‘zimizning xatoimiz bo‘lgandir, nima bo‘lsa ham ikkinchi o‘rinni oldim. Ammo bunday holatlar sportda bo‘lib turadi. Nasib qilsa, keyingi jahon chempionati hamda Olimpiadada buni to‘g‘rilab ketamiz.
- Darhaqiqat, finalda raqibingizni engib oltin medalni qo‘lga kiritishingizni kutgandik. Ayting-chi, o‘shanda sizga nima etishmadi?
- Finalda omad etishmadi deb o‘ylayman. Hal qiluvchi bahsda raqibim meni u darajada urgani ham yo‘q, ammo o‘z navbatida men ham raqibimga etarli darajada zarbalar bera olmadim. Bir so‘z bilan aytganda, final jangi teng kurashlar ostida o‘tdi deb o‘ylayman. Reytingda raqibimdan yuqori o‘rinda bo‘lganim bois finalda ham favorit edim. Ammo reytingda o‘zimdan pastki bokschilar bilan tengma-teng bahs olib borsam, bu men uchun mag‘lubiyat bilan teng hisoblanadi. Shu bois men bundan keyin ham oldinga qarab intilishda davom etaman.
- 2016 yilgi Olimpiadada qo‘lga kiritgan oltin medaldan keyin sizga bo‘lgan e’tibor yanada oshib ketgandi. O‘tgan yili Gamburgdagi jahon chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritdingiz. Bu safar esa Osiyo o‘yinlarida ham yana kumushga sazovor bo‘ldingiz...
- Nimaga? 2017 yili Osiyo chempionatida oltin medalni oldim. Sportda oltin medallar faqat men uchun yaratilmagan-ku. Shuning uchun boshqa sportchilar ham harakat qilishyapti, o‘z ustida ishlashyapti. Sportni yaxshi tushungan odam biladiki, doim ham siz o‘ylagan natija kelavermaydi. Bir unday bo‘lsa, bir bunday bo‘ladi. Misol uchun Olimpiadada g‘olib chiqishimdan oldin ham ikki marta jahon chempionatida yutqazganman. Sport shunisi bilan qiziq-da. Har doim ham yutishning ilojisi yo‘q.
- Endi keyingi rejalaringiz qanday?
- Endi bor e’tiborimizni jahon chempionati hamda Tokioda bo‘lib o‘tadigan Olimpiadaga qaratamiz.
Shuhratbek JO‘RAEV suhbatlashdi.
Fikrlar