
Kuchayotgan “to‘pchilar” yoxud “Arsenal” tarixidagi qimmatbaho transferlar
Londonning “Arsenal” klubi kuni kecha “Lion” hujumchisi Aleksandr Lyakazettni 45 mln funt(53 mln evero)ga sotib olib, o‘z tarixidagi eng qimmatbaho transferni amalga oshirgani haqida xabar bergan edik. Shu munosabati bilan biz “to‘pchilar” tomonidan amalga oshirilgan qimmatbaho transferlarni eslab o‘tishga qaror qildik.
O‘zil: "Arsenal"ga Lyakazettdek hujumchi kelganidan xursandman
Umuman olganda, “Arsenal” so‘nggi vaqtlarda anchagina yirik transferlarni amalga oshirib kelmoqda. Jamoaning eng qimmat transferlari ham so‘ngi 5 yil ichida amalga oshirilganini ko‘rishimiz mumkin.
5. Aleksis Sanches – 31,7 mln funt
Bundan rosa 3 yil muqaddam “Arsenal” Sanchesni sotib olganligini rasman e`lon qilgan edi. Chililik forvard uchun “kanonirlar” 31,7 mln funt(35 mln evro)ni “Barselona”ga “qurtdek” sanab berishgan edi. Qayd etish joiz, Sanches hozirda “Arsenal”ning asosiy yulduzi bo‘lib turibdi. U londonliklar safida jami 145 uchrashuvda maydonga tushgan va 72 bor raqiblar darvozasini ishg‘ol etgan.
“Manchester Siti” Aleksis Sanches uchun katta pul taklif qilmoqda
4. Granit Jaka – 33,8 mln funt
Tayanch yarim himoyachisi uchun, anchagina katta summa-a? Nima dedingiz? Ushbu transferdan ko‘pchilik bundan ko‘prog‘ini kutgan edi. Jaka esa o‘zining qo‘polliklari va kulgili xatolari bilan “to‘pchilar”ning ashaddiy muxlislarining ham xafsalasini pir qildi. Ko‘ramiz, yangi mavsumda u ham yangi darajaga ko‘tarilar.
3. Shkodran Mustafi – 35 mln funt
Mustafi mavsum avvalida “Arsenal”ning g‘alaba “tumori” bo‘ldi. Axir, u maydonga tushgan ketma-ket 18 ta bahsing birortasida “kanonirlar” mag‘lubiyatga uchrashmadi-da. Qolaversa, Shkodran jamoaga Jakaga nisbatan ancha tez moslashib ketdi. Vaholanki, germaniyalik futbolchi Jakadan naqd 3 oy keyin “Emireyts”ga kelgan edi.
2. Mesut O‘zil – 38,2 mln funt
“Real”ga Luka Modrich kelganidan so‘ng, o‘ziga u erda “non yo‘q”ligini sezgan O‘zil, Madridni tark etdi. Uning uchun tejamkor “Arsenal” rahbarlari 38,2 mln funt(50 mln evro) sarf etishdan tap tortishmadi. Qayd etish joiz, ular to‘g‘ri qilishgan edi. O‘zil hozirga qadar “Arsenal” safida 158 ta o‘yinda ishtirok etdi va 32 ta gol kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Bu uning “Real”da o‘ynagan davrdagi natijadan yuqori ko‘rsatkichdir. Biroq Arsen Vengerning oldida hozirda yana bir muammo bor. O‘zilning shartnomasi kelgusi yili yakuniga etadi. Biroq hozirga qadar yangi shartnoma borasida bir qarorga kelinmadi.
Mesut O‘zil "Arsenal"dan ketmoqchi emas
1. Aleksandr Lyakazett – 45 mln funt
“Arsenal” Lyakazett uchun salkam 50 mln funt to‘lashi ma`lum bo‘ldi. Albatta, turli bonuslarni ham inobatga olganda. Bu kelishuv “Arsenal” uchun rekord miqdordagi transfer bo‘ldi. Qolaversa, “Lion” uchun ham eng qimmatbaho sotuv bo‘ldi. Frantsiya terma jamoasi a’zosi yakunlangan mavsum “Lion” chempionatda jami 30ta uchrashuvda maydonga tushgan va o‘z hisobiga 28ta gol hamda 3ta golli uzatma yozdirib qo‘yishga erishgan edi. Bilmadik, Venger shuncha hujumchini nima qilar ekan?
Lyakazett «Arsenal»da o‘ziga raqam tanladi
Shahzod Xolboev tayyorladi
Fikrlar