Maktab zalidan chiqqan chempion Bahodir Mamajonov: Professional boksda oltin kamarni orzu qilyapman

  • 15 mart, 2017, 00:05
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO

 

Bugungi kunda faoliyatini davom ettirayotgan o‘zbekistonlik professional bokschilar orasida eng ko‘p jang o‘tkazgan charm qo‘lqop ustalaridan biri Bahodir Mamajonovdir. Bu bokschimiz faoliyatini AQShda davom ettirmoqda.

SPORTS.uz axborot portali Bahodir Mamajonov bilan uyushtirilgan suhbatni e’tiboringizga havola qiladi.

Bahodir boksni olamiga kirib kelishingiz qanday bo‘lgan?

Bolaligimdan shu sport turiga qiziqqanman. 1993 yili yozda Qo‘qondagi 22-maktabda tashkil etilgan boks to‘garagiga bordim. Shu erda birinchi murabbiyim Rafiq aka Mavlonov qo‘l ostida shug‘ullana boshladim. Boksning dastlabki sir-asrorlarini o‘zlashtirib olganimdan keyin Rafiq aka meni o‘zining hamkasbi va do‘sti Alisher Mamaziyoevning qo‘liga topshirdi. Mashg‘ulotlar ham Bolalar va o‘smirlar sport maktabi zaliga ko‘chdi. Shundan buyon ustozim Alisher aka Mamaziyoev bilan birgamiz.

Boksdagi natijalar qanday bo‘ldi?

Havaskorlar o‘rtasida ko‘p yutuqlarga erishdim. O‘zbekiston chempioni bo‘ldim, Osiyo chempionatida zafar quchdim, jahon chempionatida qatnashdim. Bokschi sifatida dunyo kezdim. Osiyo va Evropa davlatlaridagi nufuzli turnirlarda g‘olib va sovrindor bo‘ldim. Havaskor bokschilar musobaqalarida 200dan ziyod jang o‘tkazdim.

Hozir professional bokschisiz. Havaskor boksda to‘plangan tajriba hozir qo‘l kelyaptimi?

Albatta, o‘zbek boks maktabi dunyoda eng kuchlilardan hisoblanadi. Havaskor boksda o‘rganganlarimiz professional boksda foyda bersa beradiki, aslo halaqit qilmaydi. 2011 yili professional bokschilik faoliyamni boshladim. Shu kungacha professional boksda 22 ta jang o‘tkazib, 19 ta g‘alabaga erishdim va uch marta mag‘lub bo‘ldim.

Professional bokschi sifatida maqsadingiz nima?

Aslida professional bokschi sifatida jahon chempioni bo‘lishni niyat qilganman. AQShga ham shu maqsadda keldim. Bu erda professional boks juda ommalashgan. Professional boksning turli yo‘nalishlari bo‘yicha chempionlik kamarlari sohiblari faoliyatini shu Amerikada davom ettirmoqda. Shuning uchun bu erda kuchli va sovrini bor raqiblarga qarshi jang tashkillashtirish imkoni kengroq.

Hozir nima bilan bandsiz va keyingi jang qachon?

Ayni paytda jismoniy holatimni kuchaytirish va jang uslubimni kuchaytirish bo‘yicha ishlayapman. Buning uchun mashg‘ulotlarda ko‘p mehnat qilish kerak. hali navbatdagi jang vaqti va raqib aniq emas. Yangilik bo‘lishiga buni albatta muxlislarga etkazaman.

Bahodir suhbat uchun rahmat. Biz o‘zingiz orzu qilgan chempionlik kamariga sazovor bo‘lishingizni tilaymiz.

SPORTS.uz axborot portali ushbu suhbatni uyushtirishda yordam bergan instagramdagi Uzsport_no1 sahifasiga o‘z minnatdorligini bildiradi.

 

 

 

 

 

SPORTS.uz

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!