
Shomurodov uchun kurashga Italiyadan yangi jamoa qo‘shildi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va eng zo‘r to‘purari Eldor Shomurodovning bozorini qaynay boshladi. “Roma”da bosh murabbiy almashganidan keyin tarkib ham jiddi o‘zgarishlarga yuz tutishi kutilyapti.
29 yoshli legionerimizning rimliklar bilan yana ikki yillik shartnomasi bor. Biroq yangi bosh murabbiy Jan Pero Gasperini hujum chizig‘iga o‘zi istagan boshqa o‘yinchilarni olib kelishga harakat qilayotgani hamyurtimizning poytaxtdagi kelajagini shubha ostiga qo‘ymoqda.
Yakunlangan mavsumning ikkinchi qismini yuqori darajada o‘tkazgan futbolchimizni o‘z safida ko‘rishni istayotgan klublar soni tobora oshib bormoqda. Shomurodovga birinchi taklifni yuborgan AQSh jamoalari hujumchi uchun kurashdan chiqqan bo‘lsa, oxirgi kunlarda Turkiyaning “Bashakshehir” va Frantsiyaning “Renn” kabi klublari Eldorni olish uchun “Roma” rahbariyatiga o‘z takliflarini yuborgan va muzokaralarni davom ettirayotgani ma’lum qilinmoqda.
Endi Italiyadagi nufuzli manbalar o‘zbek forvardiga yangi xaridor chiqqani, A Seriya klublari mehnatkash o‘yinchini boshqa ligaga ketib qolishiga yo‘l qo‘ymasligi haqida yoza boshladi.
- “Roma” har bir yo‘nalishda katta o‘zgarishlar qilyapti va shu qatori transfer bozorida ham faollik ko‘rsatadi. Klubning maqsadi aniq: 30 iyunga qadar g‘aznaga kirim qilish kerak. Buning sababi nima?
Bir necha yil oldin “Roma” moliyaviy feyr-pleyni buzgani uchun UEFA klubga har yili iyun oyida balans belgilangan chegaralardan o‘tmagani haqidagi hisobotni topshirib borish majburiyatini yuklagan. Bu gal rimliklar 30 iyunga qadar kamida 10 million evro tushun qilishi kerak. Buning eng qulay yo‘li o‘yinchilarni sotib yuborish.
Transfer bozorida eng xaridorgir aktivlardan biri shubhasiz Eldor Shomurodov. O‘zbek hujumchisi o‘tgan mavsum yuqori saviyada o‘ynadi va muhim gollar, assistlar muallifi bo‘ldi. Markaziy hujumchi har doim kurashga tayyorligi bilan muxlislar e’tibori va ehtiromini qozondi. “Bashakshexhir” va “Renn” o‘rtasida talash bo‘layotgan hujumchi uchun kurashga A Seriya vakillari ham qo‘shila boshladi, - deb yozmoqda romaforever.it sayti eksperti Frensis Dandolfo.
Bu ma’lumotlarni boshqa nufuzli manbalar ham tasdiqlab, masalaga yanada aniqlik kiritdi.
- Hammaning diqqat markazida Shomurodov. “Roma” o‘tgan mavsumning ikkinchi yarmida muhim gollari va assistlari bilan asosiy qahramonga aylangan hujumchi bilan xayrlashishga tayyor.
Sportitalia nashrining transfer bozori bo‘yicha eksperti Janluiji Longarining ma’lum qilishicha, “Kremoneze” o‘zbek forvardi uchun kurashga qo‘shildi.
Shomurodov o‘tgan mavsumda barcha turnirlarda 37 ta uchrashuvda ishtirok etib, ettita gol va beshta assist qayd etgan edi, - deb yozmoqda vocegiallorossa.it sayti.
Ta’kidlash joizki, “Kremoneze” o‘tgan mavsum yakunlariga ko‘ra, quyi ligadan A Seriyaga ko‘tarildi. Endi bu jamoa bosh murabbiyi Jovanni Stroppa tarkibni yuqori divizion klublari bilan raqobatlashadigan darajaga olib chiqishi kerak.
Oxirgi kunlarda “Roma” rahbariyati Eldor Shomurodovning transferidan 10 million evro ishlab olishni mo‘ljallayotgani haqida axborotlar tarqatilgan edi. Aksariyat manbalar klub vaziyatdan kelib chiqib, bu talabini biroz pasaytirishi mumkinligini ta’kidlayapti.
Zo‘r-ku! “Roma” Shomurodovga qancha narx belgiladi?
Husanovning uzoq kutilgan o‘yini qanday baholandi?
Fayzullaev “Real” va “Barsa”ni tanladi!
Fikrlar