Mansur Muqimov: Asosiy maqsadimiz - O‘zbekiston boks federatsiyasiga iqtidorli bokschilarni etkazib berish

  • 19.08.2017 09:56
  • 0
  • Boks
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan so‘ng barcha sohalar qatori sportga ham katta e’tibor qaratildi. Yurtimizning chekka-chekka hududlarida ham yoshlarimiz uchun zamonaviy sport inshootlari barpo etildi. Natijada esa oramizdan ko‘plab Osiyo, jahon va Olimpiada chempionlari etishib chiqmoqda. 

Bunda bevosita tadbirkorlarning ham o‘rni, mehnatlari beqiyos. Sports.uz internet-axborot portali bu safar ana shunday insonlardan biri, Qo‘qon boks maktabi fidoyisi Mansur Muqimovning faoliyati bilan yaqindan tanishtiradi. Quyida ushbu inson bilan o‘tkazilgan qiziqarli suhbatni e’tiboringizga havola etamiz.

- Mansur aka dastavval ushbu inshoot bunyod bo‘lish tarixi va boksga kirib kelishingiz haqida gapirib bersangiz.

- Qo‘qon pedagogika institutining sport fakultetini tamomlagach, 6 yil o‘rta maktabda ishladim. So‘ngra o‘zimni tadbirkorlikda sinab ko‘rishga qaror qildim. O‘sha paytlardayoq boksni rivojlantirish va unga bo‘lgan qiziqish menda juda yuqori bo‘lgan. 2002 yilda shahar hokimiyatiga sport majmuasi qurish uchun er ajratib berishini so‘rab murojaat qildim. Oradan 1 yil o‘tib, ya’ni 2003 yil siz ko‘rib turgan muhtasham sport kompleksi foydalanishga topshirildi. So‘ngra, kompleks qoshida “Oltin qo‘lqop” boks klubi o‘z faoliyatini boshladi. Dastavval ishni atrofimga tajribali murabbiylarni to‘plashdan boshladim. Keyin esa o‘zim boshchiligimda boks sport turiga ishtiyoqi bor mahalliy yoshlarni chin ko‘nggildan tarbiyalashga bel bog‘ladik. Ko‘p o‘tmay ushbu mehnatlarimiz o‘z samarasini bera boshladi. Maktabimizdan Elshod Rasulov, Sardor Abdullaev va Oybek Sharipov kabi bokschlar etishib chiqdi hamda yurtimiz bayrog‘ini dunyo ringlarida yuqori ko‘tarishga erishdilar. Aytishim lozimki, bu kabi bokschilar aynan bizning maktabimizdan etishib chiqayotganligi meni quvontiradi. Chunki, jonajon vatanimizning rivojlanishida, ravnaq topishida mening ham oz bo‘lsada hissam borligidan fahrlanaman.

- Ushbu boks klubingizda siz bilan birga yana qaysi tajribali murabbiy faoliyat olib boradi?

 - Bu dargohda o‘zimning eng yaqin do‘stlarimdan biri, kursdoshim, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy Nabijon Boymatov bilan birga faoliyat olib boramiz. Tarbiyalanuvchilarimizning yutuqlarida aynan shu insonning ham mehnatlari beqiyos. Qolaversa, ayni damda sport kollejini tamomlagan va boks sport turiga befarq bo‘lmagan yosh kadrlarni ham ishga qabul qilganmiz. Ular ham yoshlarga qo‘ldan kelgancha ushbu sport turining sir-asrorlarini o‘rgatib kelishmoqda.

- Ushbu sport majmuasida boksdan tashqari yana qanday sport turlari bilan shug‘ullanish imkoniyati bor?

- Majmuamiz 2003 yilda foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, shundan so‘ng ham biz to‘xtab qolmadik. Keyinchalik sportning boshqa turlariga qiziqishi bor yoshlar uchun zamonaviy ochiq tennis korti, basseyn, badminton zali va mini futbol maydonchasi barpo etdik. Endilikda majmuamizga tashrif buyuruvchilar o‘zlari istagan sport turi bilan shug‘ullanishlari mumkin.


- Farzandini boks sport turi bilan shug‘ullantirish istagida bo‘lgan ota-onalarga qanday maslahat bergan bo‘lardingiz? Umuman boksga bolani necha yoshdan bergan ma’qul?

- Bilasizmi, mutaxassislar bolalarni ushbu sport turiga 10-11 yoshdan boshlab shug‘ullanishlarini maslahat berishadi. Ammo, so‘nggi yillarda mamlakatimiz bokschilarining xalqaro maydonlarda qayd etayotgan natijalari ko‘pchilikda ushbu sport turiga bo‘lgan qiziqishni keskin oshirib yubordi. Natijada esa ko‘plab ota-onalar o‘z farzandini 7-8 yoshidayoq boks maktablariga olib kelmoqda. Biz esa murabbiylar va mutaxassislar bilan maslahatlashib, bu yoshdagi bolalarga dastavval boks haqidagi tushunchalarini kengaytirishga va ular ishtirokida boksga yo‘naltirilgan mashqlarni o‘tkazishga qaror qilganmiz. 

- Ayni damda o‘zingiz qo‘l ostingizda shug‘ullanayotgan va kelajakda ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritishi kutilayotgan umidli bokschlarni ayta olasizmi?

- 2002 yilda tavallud topgan shogirdimiz Nurislom Ismoilov yaqindagina Filippinda bo‘lib o‘tgan o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari Asadbek Umarov,  G‘iyosjon Iminjonov, Olimov Muslimbek, Xusanbek Karimov va Saidazim Madaminov kabilar ham shular jumlasidandir. Aytishim lozimki, bizning asosiy maqsadimiz O‘zbekiston Boks federatsiyasiga iqtidorli bokschlarni etkazib berish.

- Ko‘pchilik yosh bokschlarning erta professional boksga o‘tib ketayotganligi sizningcha yaxshimi yoki yomon?

- Menimcha havaskor boksda etarli marrani zabt etmay turib, professional boksga o‘tish noto‘g‘ri. Chunki, aynan havaskor boksda yaxshi natijalarni qayd etsa, u sportchini keyinchalik professional boksdagi mashxur promouterlik kompaniyalarining o‘zlari taklif bilan chiqishadi. Ana o‘shanda shu bokschining professional faoliyati ham ijobiy davom etishi mumkin. 

- So‘nggi ikki mavsumdan O‘zbekistonning “Uzbek tigers” jamoasi ham Butunjahon boks seriyasi turkumidagi musobaqada ishtirok etib kelmoqda. Biroq, bu turnirda bokschilarimizning omadi kelmayapti. Bunga asosiy sabab sifatida nimalarni ko‘rsatgan bo‘lardimngiz?

- Avvalo shuni alohida qayd etishni istardimki, Butunjahon boks seriyasi turkumidagi ushbu musobaqa bokschlarga har tomonlama tajriba to‘plashi uchun juda katta xizmat qiladi. Masalan, Xasanboy Do‘smatov dastavval “Ukraina atamanlari” jamoasi tarkibida ushbu musobaqada ishtirok etib, barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratgan holda jahon chempionligini qo‘lga kiritgan. Shunday musobaqalardan ortirgan tajribasi evaziga u Olimpiadada g‘olib chiqdi, musobaqaning eng zo‘r bokschisiga beriladigan “Vel Barker” kubogini qo‘lga kiritdi. 
Bokschilarimizning ushbu musobaqada g‘olib chiqa olmayotganiga sabablardan biri raqiblarimizning o‘ta tajribali ekanligidir. Birgina misol, Qozog‘istonning “Astana Arlans” jamoasi Butunjahon boks seriyasi loyihasi tashkil etilgan dastlabki yillardanoq ushbu musobaqada ishtirok etib kelmoqda. Kuba boks maktabi haqida esa ortiqcha ta’riflashning hojati yo‘q. Umid qilamizki kelajakda bizning yigitlarga ham omad kulib boqadi.

- Mansur aka mazmunli va maroqli suhbatingiz uchun katta rahmat. Sports.uz internet-axborot portali sizga kelajakda mana shunday savobli ishlarni amalga oshirishingizda kuch-quvvat, sab-matonat tilaydi. Ishonamizki, yaqin yillarda ushbu sport majmuasidan ham Olimpiada chempionlari etishib chiqadi. 

- Rahmat, sizlarga ham omad yor bo‘lsin!

Baxtiyor TOShTEMIROV suhbatlashdi.
 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!