
"Marsel" o‘z futbolchisini ortga qaytara olmadi
Baquvvat homiy topib, avvalgi mavqeini tiklashga harakat qilayotgan "Marsel" klubi o‘z tarkibini kuchaytirish maqsadida tajribali va mahoratli futbolchilarni jamoaga taklif qilmoqda.
Bu gal marselliklar "Vest Xem" pleymeykeri Dimitri Payetni o‘z safiga qo‘shib olmoqchi bo‘ldi. Frantsiyaliklar "Vest Xem"ga bu futbolchini ortga qaytarish uchun 20 million funt sterling to‘lashga va jamoa Evropa chempionlar ligasiga yo‘llanma olsa, yana 2,5 million funt qo‘shishga va’da berdi.
Biroq yaqinda futbolchi bilan amaldagi shartnomani 2021 yilgacha uzaytirgan "Vest Xem" rahbariyati bu taklifni rad etdi. Bosh murabbiyi Slaven Bilich futbolchining o‘zi bu jamoada to‘p surishni istamayotganini bilsa-da, uni hech qaysi klubga bermasligini ta’kidladi.
Dimitriy Payet 2015 yili "Marsel"dan "Vest Xem"ga 13 million funt evaziga olib kelingan. Joriy mavsumda barcha turnirlarda 22 ta uchrashuvda maydonga tushgan yarim himoyachi uchta gol va 8 ta golli pasga mualliflik qildi.
Fikrlar