"Milan"dan "Inter"ga o‘tgan 8 futbolchi
Italiyada eng jiddiy qarama-qarshiliklardan biri bu "Milan derbisi"dir. Bir-biriga dushman bo‘lgan jamoadan ikkinchisiga ko‘chib o‘tish ham haqiqiy jasorat hisoblaanadi. Ushbu maqolada "Milan"dan "Inter"ga o‘tib ketgan futbolchilar haqida to‘xtalib o‘tamiz.
1. Franchesko Soldero
1892 yilda tavallud topgan Soldero "Milan" klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U 1914 yildan 1924 yilga qadar "rossonerilar" tarkibida 108 o‘yinda 9 ta gol urgan edi. 1924 yili yarim himoyachi "Inter"ga ko‘chib o‘tdi. Biroq Francheskoning ushbu jamoadagi ishlari yurishmadi. Bir mavsum davomida atigi 1 o‘yinda maydonga tushgan futbolchi faoliyatiga yakun yasadi.
2. Fulvio Kollovati
Kollovati 1957 yili tug‘ilgan. U ham "Milan" tarbiyalanuvchisi bo‘lgan. Fulvio 1976-1982 yillarda "Milan" libosida 158 uchrashuvda 4 ta gol urib, jamoa bilan birga chempionat va kubokda zafar quchdi. Shuningdek u "rossonerilar" bilan "B" ceriyada ham zafar quchdi. 1982-1986 yillarda "Inter"da 109 o‘yinda 3 gol urgan yarim himoyachi birorta ham sovrin yuta olmadi.
3. Drazden Brnchich
1957 yilda Xorvatiyada tavallud topgan Brnchich 2000 yili "Milan"ga kelib qo‘shildi. Yarim mavsumda atigi 1 o‘yinda maydonga tushgan Drazden mavsumning ikkinchi yarmida "Vichentstsa"ga ijaraga berildi. 2001 yili esa yarim himoyachini "Inter" sotib oldi. Biroq u "neradzurrilar" uchun birorta ham o‘yinda ishtirok etmadi.
4. Andres Guglilminpietro
Familiyasi juda uzun bo‘lgan futbolchi 1974 yilda Argentinada tavallud topgan. U 1998-2001 yillarda "Milan" jamoasi tarkibida 57 bahsda ishtirok etib 6 ta golga mualliflik qildi va 1999 yili A ceriya chempioni bo‘ldi. 2001 yili "Inter"ga ko‘chib o‘tgan Andres 2 mavsum davomida 30 o‘yinda ishtirok etib, gol ham ura olmadi, sovrin ham yuta olgani yo‘q.
5. Franchesko Koko
1977 yili dunyoga kelgan Koko "Milan" tarbiyalanuvchisi bo‘lgan. U 1995 yildan boshlab 2002 yilga qadar "rossonerilar" tarkibida chempionatda 56 uchrashuvda 2 ta gol urgan edi. Ana shu davr ichida u "Vichentstso", "Torino" va "Barselona" kabi jamoalarda ijarada ham to‘p surib ulgurdi. "Milan" bilan ikki marta mamlakat chempioni bo‘lgan Franchesko 2002 yili Milan shahrining boshqa jamoasi "Inter"ga ko‘chib o‘tdi. U bu jamoada 5 mavsumda chempionatda atigi 26 o‘yin o‘tkazdi. 2005 yili Italiya kubogi bosh sovriniga ega chiqdi.
6. Umit Davala
1973 yili Turkiyada dunyoga kelgan Davala 2001-2002 yilgi mavsumda "Milan" tarkibida A ceriyada 10 ta o‘yin o‘tkazdi. Osiyo qit’asida o‘tkazilgan 2002 yilgi mundialda o‘ziga xos soch turmagi vaa chiroyli o‘yinlari bilan tanilgan Davala keyingi mavsumda "Inter"ga o‘tdi. Biroq Umit ushbu jamoaning umidlarini oqlmadi. Turk o‘g‘loni "neradzurrilar" uchun birorta ham rasmiy o‘yin o‘tkazmadi.
7. Tomas Xelveg
1971 yilda Daniyada tavallud topgan futbolchi 1998 yili "Milan" bilan shartnoma imzoladi. Xelveg Milanliklar tarkibida 5 mavsumda 146 uchrashuvda 2 ta gol urdi. 1999 yili A ceriyada, 2002 yili mamlakat kubogida va 2003 yili Chempionlar ligasida oltin medallarni qo‘lga kiritgan futbolchi 2003 yilda "Inter"ga o‘tib ketdi. Bir mavsum "neradzurrilar" sharafini himoya qilgan himoyachi 32 uchrashuvda maydonga tushgan.
8. Antonio Kassano
1982 yilda tavallud topgan o‘yinchi 2011 yili "Milan"ga o‘tdi. "San Siro"da 1,5 yil davomida 40 o‘yinda 8 ta gol urib 16 ta golga hammualliflik qilgan Kassanoga 2012 yili jamoasini o‘zgartirishga qaror qildi. Biroq u baribir "San Siro"da qoldi. "Inter"da atigi 1 yil harakat qilgan Antonio 39 uchrashuvda 9 ta gol kiritib, 15 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Kassano hozircha "Milan"dan to‘g‘ridan-to‘g‘ri "Inter"ga o‘tib ketgan eng so‘ngi futbolchi hisoblanadi.
Furqat Yusupov tayyorladi
Fikrlar