Millioner murabbiylar (Shahzod Xolboev blogi)
Ular jamoa qayd etayotgan natijalarga javob berishadi. Natijalar salbiy tomonga keta boshlashi hamonoq murabbiyning ham kursisi qimirlab qoladi.
Xushyor mutaxassislar esa yangi jamoasi bilan shartnoma imzolayotgan vaqtda “o‘zini sug‘urtalash” uchun bitim buzilgan taqdirda katta miqdordagi tovon puli to‘lab berishni ikkinchi tomonga talab qilib qo‘ymoqda.
Quyida esa ana shunday 5 mutaxassis haqida fikr yuritiladi.
Fabio Kapello – 11 mln funt
Shu yilning arpel oyida murabbiylik faoliyatini yakunlaganligini e’lon qilgan italiyalik mutaxassis 2015 yilda Rossiya terma jamoasi bosh murabbiyligidan olinadi. RFI rahbarlari Evro-2016 ga chiqish xavf ostida qolganidan so‘ng tajribali murabbiyni iste’foga chiqarishga qaror qiladi.
Ruslar Kapello qo‘l ostida JCh-2014 da birorta o‘yinda g‘alaba qozona olmagan va keyingi natijalar ham muxlis-u mutaxassislar tanqidlari ostida qolib ketgan edi. Oqibatda rahbariyat 11 mln evro tovon puli to‘lab don Fabioni iste’foga chiqaradi. Kapello sovuq o‘lkadagi faoliyatidan so‘ng ikki yil hordiq chiqarishga qaror qildi va 2017 yilda Xitoy Superligasi vakili “Tszyansu Saynti” jamoasini qabul qilib oldi. Katta moliyaviy imkoniyatlarga qaramay qayd etilgan natija salbiy tomonga qarab ketaverdi va “boss”ning o‘zi jamoadan ketib, faoliyatini tugatganligini e’lon qildi.
Andre Villash-Boash 12 mln funt

Joze Mourino bilan “Portu”, “Chelsi” va “Inter”da faoliyat olib borgan Villash-Boash 2009 yilda mustaqil murabbiylik faoliyatini boshlashga qaror qiladi.
2011 yilda esa uning qo‘l ostida “Portu” Evropa ligasida sermahsul o‘yin ko‘rsatib, bosh sovrin egasiga aylandi. Natijada yosh mutaxassis grand klublarning e’tiboriga tushdi. Bu orada esa “Chelsi” ustamonlik qilib, portugaliyalik murabbiy bilan 3 yillik shartnoma imzoladi.
Ammo Villash-Boash “aristokratlar” boshqaruvida to‘liq bir mavsum ham ishlay olmadi. Natijalar pastlab ketgani bois, rahbariyat uni may oyidayoq iste’foga chiqardi va murabbiyga 12 mln funt tovon puli to‘ladi. Qizig‘i, Roman Abramovich “Portu” bilan shartnomasi bo‘lgan Andreni Londonga olib kelish uchun “ajdarlar”ga 13,3 mln funt to‘lagan edi.
Uning so‘nggi ish joyi “Shanxay SIPG” bo‘ldi. O‘tgan yili xitoyliklar bilan shartnomasi tugagach, ishsiz qoldi.
Luis Felipe Skolari – 12,6 mln funt

2002 yil Braziliya termasini jahon chempioni qilgan Skolari 2003-2008 yillarda Portugaliyaga ustozlik qiladi. So‘ng esa “Chelsi” raxbarlari unga ishonch bildirishadi. Ammo fevral oyidayoq unga chiqish eshiklari ko‘rsatiladi. Shunday bo‘lsada, braziliyalik mutaxassis mo‘maygina pulga ega bo‘lgan edi.
“Chelsi”dan so‘ng o‘zimizning “Bunyodkor”da, “Palmeyras” Braziliya termasi, “Gremio” va “Guanjou Evergrand”da ishladi. Hozirda esa “Palmeyras”ga ustozlik qilmoqda va uning qo‘l ostida jamoa Braziliya chempionatida g‘olib chiqishga erishdi.
Loran Blan – 17 mln funt

Frantsiya terma jamoasi tarixidagi eng yaxshi himoyachilardan biri bo‘lgan Blan murabbiylik faoliyatini “Bordo”da 2007 yilda boshlaydi. Uning jirodinliklarni kutilmaganda chempion qilgani ko‘pchilikda yaxshi taassurot qolishiga sabab bo‘lgan edi. Natijada uni Frantsiya termasiga taklif etishadi. “Uchranglilar” boshqaruvidagi ikki yildan so‘ng esa PSJga keladi. Parijliklarni uch bor mamlakatda chempion qilgach unga 2016 yil avvalida 4 yillik bitim taklif qilishadi. Ammo yozda EChLdagi natijalar yaxshi bo‘lmaganligi sababli iste’foga chiqariladi va unga 17 mlnlik chek tutqaziladi. Blan o‘shandan buyon ishsiz yuribdi.
Joze Mourino – 18 va 22,5 mln funt

Joze “Chelsi”dan ilk bor ketganida Roman Abramovich unga 18 mln funt to‘lab bergan edi. 2015 yilgi mavsumda esa 8,3 mln to‘lash “kifoya qildi”.
Ammo kuni kecha “Manchester Yunayted”dan iste’foga chiqarilgan tajribali mutaxassisga “qizil iblislar” 22,5 mln tovon puli to‘lab berilishi aytilmoqda. Ha, “benazir” iste’foga chiqarilsa ham qolganlardan yuqorida turadi)).
Fikrlar