
Mish-mishlar asossiz, kelasi mavsum ham Superligada 12ta jamoa ishtirok etadi
Futbol ishqibozlar orasida kelasi mavsum Superligada ishtirok etadigan jamoalar soni oshishi mumkinligi haqidagi xabarlar urchib ketdi. Ammo, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonovning "Daryo"ga bergan intervyusida 2019 yilgi mavsumda ham Superligada jamoalar soni 12 ta bo‘lib qolishini aytgan.
"Ba’zi klublar kelasi yil Superligada jamoalar ko‘payar ekan deb, bemalolgarchilikka berilayotganidan xabarimiz bor. Biroq ular xato o‘ylashmoqda. Professional futbol ligasi sport printsiplarini saqlab qolish uchun ham jamoalar sonini o‘zgartirmaydi. Superligada 2019 yilgi mavsumda ham 12 ta klub to‘p suradi.
2018 yilgi mavsum har bir klubning asl yuzini ko‘rsatib berdi. PFL yil boshidan buyon jamoalarni ogohlantirib kelganiga qaramay, hali ham qarzdorliklari osilib yotgan, futbol akademiyasi haqida o‘ylamayotgan klublar etarlicha. Biroq ular bilib qo‘yishsinki, futbol akademiyasi yo‘q bo‘lgan klublar kelasi mavsum ligaga qo‘yilmaydi. Bilaman, bu ishni birdaniga amalga oshirish qiyin. Biroq ular yil boshidan buyon bu haqda bilishadi, harakat esa yo‘q. Oxirida kech bo‘lishini tushunib etishmayapti. Akademiya borasida savol va qandaydir yordam kerak bo‘lsa, O‘FA yordamga tayyor. Bizning bu borada o‘z rejalarimiz bor.
10 ta ham qoldirsak bo‘lardi, biroq Chempionlar Ligasidagi kvotalarimiz kamayib ketishi mumkin. 14 ta qilib qo‘ysak, Pro-ligada maqsadsiz jamoalar ko‘payib ketadi. Pro-ligada ham yuqori divizion uchun kimdir kurashishi kerak-ku! Hozir «Mash’al» bor, «Surxon» bor, «Sho‘rtan», «Dinamo», «Istiqlol» bor. Ya’ni, 5 ta klub jiddiy kurashyapti. Shuning uchun ham Superligada 12 ta klub to‘p surishi mantiqliroq.
Ha, aytgancha, format borasida gap-so‘zlar ko‘p bo‘ldi. U boshqacha gapiradi, bu boshqacha. Murabbiylar, futbolchilar, klublar rahbariyati ko‘p gapirmay, futbolini o‘ynasin. Chempionatni hamma bir xilda 0 ochko bilan boshladi va bir xil sharoitda tugatish arafasida. Hech kimga yon bosilmagan. Shunday ekan, formatni kavlashtiravermay, futbolini o‘ynasin va qo‘lidan kelsa, hamma o‘yinni yutsin. Shunda kim ularni chempionlikdan mahrum qila oladi?!", - deydi Umid Ahmadjonov.
Ta’kidlash kerakki, 16 oktyabr kuni O‘zPFLda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda kelasi mavsum Superligaga chiqishni maqsad qilgan Pro-liga klublari o‘rtasida yig‘ilish bo‘lib o‘tgan va unda yuori divizionga chiqadigan jamoalarning oldiga qo‘yiladigan talablar aytib o‘tilgan. Klublarning moliyaviy barqarorligi hamda o‘z shaxsiy futbol akademiyasiga ega bo‘lishi shular jumlasidandir.
Fikrlar