
Muborak Ramazon oyida futbol muxlislari uchun qanday qulayliklar yaratiladi?
O‘zbekiston Professional futbol ligasi kirib kelayotgan qutlug‘ Ramazon oyi munosabati bilan Islom diniga e’tiqod qiluvchi o‘zbekistonliklar va mamlakatimizda mehmon bo‘lib turgan musulmonlarni muborakbod etadi hamda ularni Pepsi Superligasi o‘yinlarini stadionlardan turib tomosha qilishga taklif qiladi.
Hamma narsa muxlislar uchun
Aholining katta qismi Ramazon oyini o‘zgacha ishtiyoq bilan qarshi olishidan kelib chiqib, PFL Pepsi Superligasi uchrashuvlarini futbol muxlislari uchun nisbatan qulayroq vaqtlarga tayin qilishni rejalashtirgandi.
Bungacha chempionat o‘yinlarining boshlanishi ish vaqti yakuni — 18:00 gacha bo‘lmasligi belgilab qo‘yilgandi. Shuningdek, Jahon chempionati uchrashuvlari vaqtida milliy birinchilik tanaffusga chiqadi. Millionlar o‘yiniga mehr qo‘ygan o‘zbekistonliklardan tashqari, futbolchilar, murabbiylar va mutaxassislar ham mundial uchrashuvlarini bemalol tomosha qila olishi uchun shunday qarorga kelingan. Jahon chempionati orqali futbol ishqibozlari madaniy xordiq chiqarishlari, futbol ichidagilar esa o‘zlari uchun zarur bo‘lgan o‘zgarishlar, yangiliklardan voqif bo‘lishlari mumkin. UzReport hamda Futbol-TV telekanallari har to‘rt yillikning eng yirik futbol musobaqasini o‘zbekistonliklar uchun translyatsiya qiladi.
Endilikda Ramazon oyi munosabati bilan PFL uchrashuvlar vaqtini iftorlik vaqtiga moslashtirishga harakat qiladi. Muxlislarda og‘iz ochish hamda boshqa farzlarni ado etishda muammolar yuzaga kelmasligi tashkilot uchun muhim. O‘z navbatida bu holat stadionlarga kelayotgan muxlislar oqimining keskin kamayib ketmasligi yo‘lida xizmat qilishi mumkin.
Ro‘za oyida uchrashuvlar qanday boshlanadi?
O‘zbekistonda Ramazon oyi rasman 17 may sanasidan boshlanishi e’lon qilindi. Ma’lumki, saharlik hamda iftorlik vaqtlari Quyoshning chiqishi va botishidan kelib chiqib belgilab berilgan. Bunda mamlakatimizning sharqiy hamda g‘arbiy nuqtalaridagi tafovut deyarli yarim soatni tashkil qiladi.
Shundan kelib chiqib, PFL ham Pepsi Superligasining tur uchrashuvlarida mezbon jamoalarga e’tibor qaratadi hamda o‘yinlar vaqtini ulardan kelib chiqib belgilaydi. Rejaga ko‘ra, futbol uchrashuvlari og‘iz ochish vaqtidan roppa-rosa 45 daqiqa avval boshlanadi. Shu tariqa 1-bo‘lim yakunlanishini anglatuvchi hushtak iftorlikka yo‘l ochib beradi. Hakamning 1-bo‘limga qo‘shib berishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy daqiqalari bunda ishqibozlar uchun deyarli halal bermaydi. Chunki tanaffus 15 daqiqa davom etishidan kelib chiqib, stadionga tashrif buyurgan ro‘zadorlar og‘iz ochib olish imkoniyatini qo‘lga kiritadi.
Muxlislar uchun qanday sharoitlar bo‘ladi?
Futbol stadionlari farzlarni to‘la ado etishlari uchun mo‘ljallanmagan. Shunday bo‘lsa-da, PFL yaxshi niyat bilan ro‘zador kishilar uchun uchrashuvlar vaqtini moslashtiryapti.
Ramazon vaqtida ro‘zadorlar uchun engilliklar yaratishni niyat qilgan tadbirkorlar, sotuvchilar stadion hududida bemalol harakatlanishi mumkin. Bunda ular ichki ishlar xodimlari belgilab bergan me’yorlarga amal qilishlari talab etiladi. PFL esa stadionlar va klublar ma’muriyatidan shu hamda boshqa masalalarda muxlislar uchun haminqadar qulayliklar yaratib berishni so‘raydi.
Bunda futbol muxlislari tartib va qoidalarga rioya qilishlari juda muhim. Yuqoridagi kabi masalalar engillik bilan o‘tsa hamda hech qanday muammo kelib chiqmasa, bundan futbol muxlislari ham, PFL ham manfaat ko‘radi. Ya’ni, kelgusi shunday tadbirlar va rejalar uchun yo‘llar ochiladi.
Stadionga tashrif buyurayotgan ishqibozlar bir-birini hurmat qilishi, iloji boricha atrofdagilarni zararlashi mumkin bo‘lgan holatlarga yo‘l qo‘ymasligi maqsadga muvofiqdir. Kelgusida PFL oilaviy sektorlarda chekishni to‘liq man qiladi. Shuningdek, maydon atrofidagi xodimlar, futbol mutasaddilari ham o‘yin vaqtida chekishi taqiqalanadi. Bu birinchi navbatda yosh bolalar hamda futbolchilar salomatligi uchun muhimdir.
O‘yinlar translyatsiyasi masalasi
“Sport” telekanali bilan hamkorlikda Pepsi Superligasi uchrashuvlari 2018 yilgi mavsumdan boshlab muntazam namoyish etib kelinmoqda. Bungacha bir turning bir-ikki uchrashuvi efirga uzatilgan bo‘lsa, endilikda bir mavsumning o‘zidayoq translyatsiyalar borasida katta o‘zgarishlarga qo‘l urildi. Demak, bizda barcha uchrashuvlarni tomosha qilish uchun imkoniyat bor. Jonli translyatsiyalar bunda katta ulushni tashkil qilmoqda.
Ramazon oyida bir qator uchrashuv parallel boshlanishi haqiqatga yaqin. Shundan kelib chiqib, nisbatan qiziqarliroq va keskinroq o‘tishi kutilgan uchrashuvlar jonli efirga uzatiladi. Qolgan uchrashuvlar yozib olingan holda namoyish etiladi. PFL uchun asosiysi futbol muxlislarining stadionlarga qaytishidir.
Ramazon oyi yakuniga etgach, translyatsiyalar masalasi xuddi avvalgidek davom etadi.
12-tur masalasi
12-tur bellashuvlari O‘zbekiston milliy terma jamoasining Eronga qarshi o‘yinidan kelib chiqib, boshqa muddatlarga ko‘chgandi. Keyinroq o‘yinlar vaqti e’lon qilindi. Mazkur holat yuzasidan muxlislarda bir qator tushunmovchiliklar kelib chiqqanini inobatga olib, vaziyatni ochiqlaymiz.
Ramazon oyining aynan qaysi sanadan boshlanishi rasman e’lon qilinganiga hali ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. PFL hamda “Sport” telekanali esa teledasturlar masalasini deyarli ikki hafta ilgari kelishib oladi. Bunda Ramazon oyining ehtimoliy 16 may sanasidan boshlanishi hamda bir kun avval taroveh namozlari o‘qilishi inobatga olinib, uchrashuvlar 18:00 ga tayin qilingandi. Ya’ni, muxlislar futbol uchrashuvlaridan chiqib, qolgan ishlarga ulgurishlari inobatga olingandi.
“Nasaf”ning “Neftchi”ga qarshi uchrashuvi esa “Sport” telekanalining Osiyo Chempionlar ligasining pley-off bosqichiga bo‘lgan e’tiboridan kelib chiqib, 18:00 ga qo‘yilgandi. Umid qilamizki, futbol muxlislari bu holatni to‘g‘ri tushunishadi. Zero, Ramazon oyining 17 may sanasidan boshlanishi ma’lum bo‘lganida, futbol uchrashuvlari vaqtini o‘zgartirish biroz mushkul edi. Teledasturlar rejasidan tashqari, klublarning o‘yin uchun chiqargan chiptalari, afishalari, reklama bannerlari, shuningdek, safarga boradigan jamoalarning yo‘l chiptalari, rejalashtirgan mehmonxonalari masalasi hamda qaytib ketish rejalari ham hisobga olinishi lozim.
To‘g‘ri, 18:00 da havo harorati biroz issiq bo‘ladi. Ammo sizni ishontirib aytamizki, ayni vaqtda O‘zbekistonda bu vaqtda futbol o‘ynab bo‘lmaydigan darajada issiq harorat kuzatilayotgani yo‘q. Futbolchilar kezi kelganda arab mamlakatlaridagi bundan anchagina issiq haroratda ham, sharqiy Osiyo mamlakatlaridagi bosim yuqori bo‘lgan vaqtlarda ham to‘p surgan. Sportchilar bunday holatlarga doim tayyor turishi kerak.
PFL rahbariyati sizga oldindagi sharafli bir oy davomida sabr-toqat, baxtli kunlar hamda yaxshi kayfiyat tilab qoladi. Umid qilamizki, bizning futbol muxlislari, futbol klublari hamda OAV bilan iliq munosabatlarimiz davomli bo‘ladi va barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib, millionlar o‘yinining O‘zbekistondagi rivoji yo‘lida harakat qilamiz.
Fikrlar