Mundial sari. Tanishing - Braziliya terma jamoasi

  • 31 may, 2018, 13:38
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Barchamizga ma’lumki sanoqli kunlardan so‘ng Rossiya yashil maydonlarida futbol bo‘yicha XXI jahon chempionati start oladi. Sayyoramizning eng yirik musobaqasi oldidan SPORTS.uz sayti siz aziz muxlislarni mundialda ishtirok etuvchi terma jamoalar bilan tanishtirishda davom etadi. Bu safar oltin kubokni hammadan ko‘p qo‘lga kiritgan va ushbu musobaqada uzluksiz qatnashib kelayotgan yagona terma jamoa - Braziliya haqida fikr yuritamiz.

Tecno

Braziliya - dunyodagi eng omadli terma jamoa hisoblanadi. Aynan ushbu yurt vakillari barcha jahon chempionatlarida uzluksiz ishtirok etib kelayotgan yagona jamoadir. Braziliya o‘zining ilk uchrashuvini 1914 yil 20 avgust kuni Argentinaga qarshi o‘tkazgan va 3:0 hisobida mag‘lub bo‘lgan.

Jahon chempionatlaridagi tarixi

Braziliya 1930 yil Urugvayda o‘tkazilgan ilk jahon chempionatida guruh bosqichida qolb ketdi. Oradan to‘rt yil o‘tib Italiyada tashkillashtirilgan mundialda esa ular 1/8 finalga qadar etib borishdi. 1938 yil jahon chempionati Frantsiyada o‘tkazilda va bu safar Braziliya bronza medallari bilan uyga qaytdi.

1950 yilgi jahon chempionatiga Braziliyaning o‘z mezbonlik qildi. Bu safar natija avvalgilaridan yaxshiroq bo‘ldi, braziliyalik futbolchilar kumush medallari bilan taqdirlanishdi. 1954 yil Shveytsariya jahon chempionatini o‘zida qabul qildi. Braziliya esa musobaqaning 1/4 finaliga qadar etib bordi.

Nihoyat, Braziliya futbolida tarixiy kunlar etib keldi. 1958 yil Shvetsiyada, oradan to‘rt yil o‘tib esa Chilida (1962) o‘tkazilgan mundiallarda braziliyalik futbolchilarga teng keladigan raqib topilmadi. Shu tariqa Braziliya ketma-ket ikki marta jahon chempionligini tantana qildi.

Ammo, 1966 yilgi Angliya mundialiga amaldagi chempion sifatida tashrif buyurgan Braziliya kutilmaganda guruh bosqichida qolib ketdi. Biroq, oradan to‘rt yil o‘tib, ya’ni 1970 yil jahon chempionati Meksika yashil maydonlarida o‘tkazildi. Bu safar ham braziliyaliklarga teng keladigan raqib topilmadi. Finalda Italiya terma jamoasini 4:1 hisobida taslim etgan Braziliya oltin kubokni yana o‘zi bilan birga olib ketdi.

Shundan so‘ng 1974 va 1978 yilgi mundiallarda braziliyalik futbolchilar 4- va 3-o‘rinlarni qo‘lga kiritishdi. 1982 va 1990 yilgi musobaqalarda guruhdan chiqishni uddalagan bo‘lsa, 1986 yilgi chempionatda  chorak finalga qadar etib borishdi.

Nihoyat oradan naqd 24 yil o‘tib, Braziliya yana katta sahnaga chiqdi. AQShda o‘tkazilgan JCh-1994da musobaqaning “B” guruhida Shvetsiya, Rossiya va Kamerun terma jamoalariga qarshi kurash olib borgan Braziliya yakunda etti ochko bilan guruhda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Nimchorak finalda ularga mezbon AQSh termasi to‘qnash keldi va 1:0 hisobida imkoniyatni boy berdi. Keyingi bosqichda esa Gollandiya 3:2 hisobida dog‘da qoldirildi. Yarim finalda esa ular guruhdoshi Shvetsiyaga to‘qnash kelishdi. Garchi guruhdagi o‘yin 1:1 hisobida yakunlangan bo‘lsada, bu uchrashuvda omad Braziliyaga kulib boqdi - 1:0. Hal qiluvchi bahsda esa Braziliya Italiyaga qarshi o‘yin o‘tkazdi. Uchrashuvning asosiy va qo‘shimcha bo‘limlarida hisob ochilmagach, g‘olib penaltilar seriyasida aniqlandi va unda omad braziliyalik futbolchilarga kulib boqdi. Shu tariqa Braziliya o‘z tarixidagi to‘rtinchi jahon chempionligini tantana qildi.

Oradan to‘rt yil o‘tib Frantsiya navbatdagi jahon chempionatini o‘zida qabul qildi. Braziliya esa bu safar “A” guruhida Norvegiya, Marokash va Shotlandiya terma jamoalariga qarshi kurash olib bordi. Dastlabki ikki turda Shotlandiya (2:1) va Marokashni (3:0) engan braziliyaliklar so‘nggi turda kutilmaganda Norvegiyaga 1:2 hisobida yutqazib qo‘yishdi. Biroq, shunday bo‘lsada hisobida 6 ochko bo‘lgan Braziliya guruhda birinchi o‘rin bilan pley-offga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Nimchorak finalda dastlab Chili 4:1 hisobida tor-mor keltirildi. Keyin esa chorak finalda Daniya gollar shousida 3:2 hisobida taslim etildi. Yarim finalda esa Gollandiya penaltilar seriyasiga ko‘ra dog‘da qoldirildi. Ammo, final uchrashuvida maydon egalari hisoblangan Frantsiya terma jamoasiga to‘qnash kelgan Braziliya kutilmaganda o‘z darvozasidan javobsiz 3ta to‘p olib chiqdi va kumush medallar bilan cheklandi.

Braziliyaliklar uchun 2002 yilgi Janubiy Koreya va Yaponiyada o‘tkazilgan mundial ham tarixiy chempionliklardan birini taqdim etdi. Musobaqaning “S” guruhida Turkiya, Kosta-Rika va Xitoy terma jamoalariga qarshi kurash olib borgan braziliyalik futbolchilar ushbu bahslarning barchasida g‘alaba qozonishib, guruhda birinchi o‘rin bilan nimchorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdi. Bu bosqichda ular Belgiyani 2:0 hisobida engishdi. Keyinroq esa chorak finalda Angliya 2:1 hisobida dog‘da qoldirildi. Yarim finalda guruhdoshi Turkiya 1:0 hisobida taslim etildi. Shu tariqa hal qiluvchi final uchrashuviga qadar etib kelgan Braziliya bu o‘yinda Germaniya qarshiligini sindirishga erishdi. Yakuniy hisob 2:0 braziliyaliklar foydasiga. Bu bilan Braziliya o‘z tarixidagi beshinchi va hozircha oxirgi bo‘lib turgan jahon chempionligini qo‘lga kiritdi.

Shundan so‘ng ular ketma-ket ikkita jahon chempionatida (2006 va 2010) o‘z yurishlarini 1/4 finaldayoq to‘xtatishga majbur bo‘lishdi.

2014 yilgi mundial esa Braziliya yashil maydonlarida o‘tkazildi. Maydon egasi sifatida musobaqada ishtirok etgan Braziliya bu safar “A” guruhida Meksika, Xorvatiya hamda Kamerun terma jamoalariga qarshi kurash olib bordi. Xorvatiya (3:1) va Kamerunni (4:1) engan mezbonlar Meksika (0:0) bilan durang o‘ynashdi. Shunday bo‘lsada guruhda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan Braziliya nimchorak finalda Chilini penaltilar seriyasiga ko‘ra  mag‘lubiyatga uchratgan bo‘lsa, chorak finalda Kolumbiya 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratildi. Ammo, yarim finalda Germaniyaga qarshi bo‘lib o‘tgan bahs, butun Braziliya futboli tarixida o‘chmas iz bo‘lib qoldi. Boisi, shu kuni Braziliya Germaniyaga 7:1 hisobida yutqazib qo‘ydi.

Qit’a birinchiliklaridagi ishtiroki

Braziliya terma jamoasining Amerika kuboklaridagi ilk ishtiroki 1916 yilga to‘g‘ri keladi. Qayd etish lozimki o‘shanda musobaqa Argentina maydonlarida o‘tkazilgan  edi. Yakunda Braziliya musobaqaning bronza medallarini qo‘lga kiritdi.

Braziliyaliklar shu kunga qadar ushbu musobaqada jami etti marta (1916, 1917, 1920, 1942, 1959, 1976 va 1979) bronza medallarini o‘ziniki qilib olishgan. 1921, 1925, 1937, 1945, 1946, 1953, 1957, 1959, 1983, 1991, 1995 yillarda esa ular finalda engilishib, kumush medallarni qo‘lga kiritishdi.

1919, 1922, 1949, 1989, 1997, 1999, 2004 hamda 2007 yillarda esa Braziliya qit’a chempionligini qo‘lga kiritdi.

Braziliya terma jamoasi haqida qiziqarli faktlar

Eng yirik g‘alabasi: 1975 yil 17 oktyabr, Braziliya – Nikaragua 14:0.

Eng yirik mag‘lubiyati: 2014 yil 8 iyul, Braziliya – Germaniya 1:7.

Eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi: Kafu (142).

Eng yaxshi to‘purar: Pele (77).

FIFA reytingidagi eng past o‘rni: 22-o‘rin (2013 yil).

Braziliya terma jamoasi bosh murabbiyi Tite Rossiyada bo‘lib o‘tadigan mundialda ishtirok etuvchi 23 nafar futbolchidan iborat yakuniy ro‘yxatni e’lon qildi.

Darvozabonlar: Alisson, Ederson, Kassio Ramos.

Himoyachilar: Danilo, Pedro Jeromel, Marselo, Miranda, Markinos, Tiago Silva, Filipe Luis, Fagner.

Yarim himoyachilar: Kazemiro, Fernandino, Paulino, Renato Augusto, Fred Rodriges, Filippe Koutino, Villian.

Hujumchilar: Neymar, Duglas Kosta, Gabriel Jezus, Tayson, Roberto Firmino.

Eslatib o‘tamiz, Braziliya terma jamoasi musobaqaning guruh bosqichida Shveytsariya, Kosta-Rika va Serbiyaga qarshi kurash olib boradi.

Baxtiyor TOShTEMIROV tayyorladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!