Mundial sari. Tanishing - Islandiya terma jamoasi

  • 25 may, 2018, 22:29
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Barchamizga ma’lumki sanoqli kunlardan so‘ng Rossiya yashil maydonlarida futbol bo‘yicha XXI jahon chempionati start oladi. Sayyoramizning eng yirik musobaqasi oldidan SPORTS.uz sayti siz aziz muxlislarni mundialda ishtirok etuvchi terma jamoalar bilan tanishtirishda davom etadi. Bu safar aholisi 300 mingdan sal ziyodroq bo‘lgan, ammo so‘nggi yillarda millionlab muxlislariga ega bo‘lib ulgurgan, jahon chempionatida ilk marotaba ishtirok etayotgan Islandiya terma jamoasi haqida fikr yuritamiz.

Tecno

Islandiya terma jamoasi haqida yaqin-yaqingacha ko‘pchilik deyarli axborotga ega emas edi. Ammo, ushbu mamlakat o‘zining ilk uchrashuvini 1930 yilning 29 iyul kuni Farer orollariga qarshi o‘tkazgan.  O‘yin esa 1:0 hisobida esa islandiyaliklarning g‘alabasi bilan yakunlangan.

Jahon chempionatlaridagi ishtiroki

Islandiya terma jamoasi o‘z tarixida avval hech qachon jahon chempionatlarida ishtirok etmagan. Ammo ular joriy yilning yozida Rossiya yashil maydonlarida bo‘lib o‘tadigan mundialda ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdi. Demak, keling ushbu tarixiy voqeaning qanday amalga oshirilganini bir boshidan eslaymiz.

JCh-2018 Evropa qit’asi saralashining “I” guruhidan joy olgan Islandiya bu bosqichda Kosova, Finlyandiya, Turkiya, Ukraina va Xorvatiya terma jamoalariga qarshi kurash olib bordi. Guruhda 22 ochko to‘plagan islandlar mundialga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma beruvchi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritishdi. E’tiborlisi, ushbu guruhda ular Xorvatiya, Ukraina va Turkiya kabi ancha nomdor va kuchli raqiblariga etarlicha qarshilik ko‘rsatishdi. Yakunda esa haqli ravishda jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdi.

Endi ular ushbu musobaqaning “D” guruhida Argentina, Nigeriya va saralash bosqichidagi guruhdoshi Xorvatiya terma jamoalariga qarshi bahs yuritishadi. Kim biladi deysiz, balki saralash bosqichidagi Islandiya ertagi yana davom etar...

Qit’a birinchiliklaridagi ishtiroki

E’tiborlisi, Islandiya terma jamoasi to 2016 yilgi Frantsiyada bo‘lib o‘tgan Evropa chempionatiga qadar ushbu musobaqada ishtirok eta olmagan. Ammo islandlarning “oltin avlodi” muxlislarining ushbu orzusini amalga oshirdi.

Islandiya Evro-2016 musobaqasining “F” guruhida Portugaliya, Vengriya va Avstriya terma jamoalari bilan bir guruhda joy oldi. Ular ilk turda anchayin nomdor va bo‘lajak chempion hisoblangan Portugaliya terma jamoasi bilan tengma-teng kurash olib borishdi va yakunda 1:1 hisobida durangga erishishdi. Ikkinchi turda esa huddi shu hisob Vengriya terma jamoasiga qarshi o‘yinda ham qayd etildi. Ammo, so‘nggi turda Avstriya terma jamoasi 2:1 hisobida dog‘da qoldirildi. Shu tariqa 5 ochko jamg‘argan Islandiya guruhda ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi va pley-offga yo‘l oldi. E’tiborlisi, islandiyalikar nimchorak finalda kutilmaganda Angliya terma jamoasini 2:1 hisobida taslim etib, musobaqadan chiqarib yuborishdi. Biroq, chorak finalda ularni bo‘lajak finalchi, maydon egalari Frantsiya terma jamoasi kutib turgan edi. Gollarga boy kechgan bahsda esa islandiyaliklar 5:2 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘yishdi. Shunga qaramay ushbu terma jamoa musobaqa davomida o‘ziga millionlab muxlislar ortirib oldi.

Islandiya terma jamoasi haqida qiziqarli faktlar

Eng yirik g‘alabasi: 1985 yil 10 iyul, Islandiya – Farer orolari 9:0.

Eng yirik mag‘lubiyati: 1967 yil 23 avgust, Daniya – Islandiya 14:2.

Eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi: Runar Kristinsson (104).

Eng yaxshi to‘purar: Eydur Gudonsen (26).

FIFA reytingidagi eng yuqori o‘rni: 18-o‘rin (2018).

FIFA reytingidagi eng past o‘rni: 128-o‘rin (1973).

Islandiya terma jamoasiga ayni damda 50 yoshli mahalliy mutaxassis Xeymir Xallgrimsson ustozlik qilmoqda. U bundan bir necha kun avval terma jamoaning JCh-2018da ishtirok etadigan 23 nafar futbolchidan iborat yakuniy ro‘yxatni e’lon qildi.

Darvozabonlar: Xannes Xalldorson («Ranners»), Runar Runarsson («Norshellann»), Frederik Shram («Roskille»).

Himoyachilar: Kari Arnason («Aberdin»), Ari Skulason («Lokeren»), Birkir Sevarsson («Valyur»), Sverrir Ingason («Rostov»), Xordur Magnusson («Bristol Siti»), Xolmar Eyolfsson («Levski»), Ragnar Sigurdsson («Rostov»), Samuel Fridonsson («Volerenga»).

Yarim himoyachilar: Yoxann Gudmundsson («Byornli»), Birkir Byarnason («Aston Villa»), Arnor Traustason («Rapid»), Emil Xollfredsson («Udineze»), Gilfi Sigurdsson («Everton»), Olafur Skulason («Karabyukspor»), Aron Gunnarsson («Kardiff Siti»).

Hujumchilar: Alfred Finnbogason («Augsburg»), Born Sigurdarson («Rostov»), Yon Bodvarsson («Reding»), Ryurik Gislason («Nyurnberg»), Albert Gudmundsson («PSV Eyndxoven»).

Ma’lumot uchun, Islandiya terma jamoasi mundialdagi ilk uchrashuvini 16 iyun kuni Argentinaga qarshi o‘tkazadi.

Baxtiyor TOShTEMIROV tayyorladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!