Mundial sari. Tanishing - Nigeriya terma jamoasi

  • 28.05.2018 12:19
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Barchamizga ma’lumki sanoqli kunlardan so‘ng Rossiya yashil maydonlarida futbol bo‘yicha XXI jahon chempionati start oladi. Sayyoramizning eng yirik musobaqasi oldidan SPORTS.uz sayti siz aziz muxlislarni mundialda ishtirok etuvchi terma jamoalar bilan tanishtirishda davom etadi. Bu safar Afrika qit’asining eng kuchli terma jamoalaridan biri hisoblangan Nigeriya  terma jamoasi haqida fikr yuritamiz.

Nigeriya - Afrika qit’asining eng nomdor terma jamoalaridan biri hisoblanadi. Nigeriya terma jamoasiga 1945 yil asos solingan bo‘lib, ushbu yurt vakillari o‘zlarining ilk uchrashuvlarini 1949 yil 8 oktyabr kuni Serra-Leone terma jamoasiga qarshi o‘tkazishgan va 2:0 hisobida g‘alaba qozonishgan.

Jahon chempionatlaridagi ishtiroki

Nigeriya terma jamoasining mundiallardagi ilk ishtiroki 1994 yil AQSh yashil maydonlarida o‘tkazilgan jahon chempionatiga to‘g‘ri keladi. O‘shanda ular "D" guruhida Bolgariya, Argentina va Gretsiya terma jamoalariga qarshi kurash olib borishgan. Dastlabki turda Bolgariyani 3:0 hisobida engan Nigeriya ikkinchi turda Argentinaga 2:1 hisobida yutqazib qo‘ydi. Biroq, so‘nggi turda 2:0 hisobida Gretsiya mag‘lub etilgach, nigeriyaliklar guruhda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritishdi va navbatdagi bosqichga yo‘l olishdi. Ammo, ular bu bosqichda musobaqaning bo‘lajak finalchisi – Italiya terma jamoasiga to‘qnash kelishdi va yakunda 2:1 hisobida yutqazib qo‘yishdi. Shu bilan Nigeriyaning jahon chempionatlaridagi ilk ishtirokiga yakun yasaldi.

Oradan to‘rt yil o‘tib jahon chempionati uchrashuvlari Frantsiyada o‘tkazildi. Nigeriya terma jamoasi bu safar ham “D” guruhidan joy oldi. Ushbu guruhda shuningdek Bolgariya, Paragvay va Ispaniya terma jamoalari ham bor edi. Ular dastlabki ikki turda Ispaniya (3:2) va Bolgariyani (1:0) mag‘lubiyatga uchratishdi. Shu tariqa muddatidan avval pley-off yo‘llanmasini naqd qilgan Nigeriya so‘nggi turda kutilmaganda Paragvayga (3:1) imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Shu tariqa nimchorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan Nigeriyaga bu bosqichda Daniya terma jamoasi raqiblik qildi. Uchrashuv esa daniyaliklarning 4:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Nigeriya o‘zining ikkinchi mundialida ham kurashni nimchorak finalda to‘xtatdi.

Nigeriya terma jamoasi 2002 yil Yaponiya va Janubiy Koreya maydonlarida o‘tkazilgan jahon chempionadi “F” guruhidan joy oldi. Bu guruhda Shvetsiya, Angliya va Argentina terma jamoalariga qarshi bahs yuritgan nigeriyalik futbolchilar yakunda faqatgina Shvetsiya (1:1) bilan durang qayd etishdi va bir ochko bilan guruhda so‘nggi o‘rinda qolib ketishdi. Oradan to‘rt yil o‘tib Nigeriya Germaniyada bo‘lib o‘tgan JCh-2006 musobaqalarida esa saralashdan o‘ta olmadi.

2010 yilgi mundial “qora qit’a” – Afrikada o‘tkazildi. Nigeriya terma jamoasi bu safar musobaqaning “B” guruhida Argentina, Janubiy Koreya hamda Gretsiya bilan bahs yuritdi. Dastlabki ikki turda Argentina (1:0) va Gretsiyaga (2:1) yutqazib qo‘ygan nigeriyaliklar so‘nggi turda Janubiy Koreya (2:2) bilan durang qayd etishdi. Shu tariqa guruhda so‘nggi o‘rinda qolib ketgan Nigeriya uchun Janubiy Afrika mundiali muddatidan avval o‘z nihoyasiga etdi.

Oradan to‘rt yil o‘tib jahon chempionatiga Braziliya yashil maydonlari mezbonlik qildi. Nigeriyalik futbolchilar bu safar ham “F” guruhidan joy olishdi. Ular bu bosqichda Eron, Bosniya va Gertsagovina hamda Argentina terma jamoalariga qarshi kurash olib borishdi. Dastlab ular Eron bilan 0:0 hisobida nursiz durang qayd etishdi. Keyingi turda esa Bosniya va Gertsagovina terma jamoasi 1:0 hisobida taslim etildi. Ammo, so‘nggi turda azaliy raqib – Argentinaga (3:2) imkoniyat boy berildi. Shu tariqa guruhda ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan Nigeriya nimchorak finalda Frantsiyaga 2:0 hisobida yutqazib musobaqani tark etdi.

Qit’a birinchiliklaridagi ishtiroki

Nigeriya Afrika millatlar kubogida ilk marta 1963 yil ishtirok etgan. Biroq, o‘shanda ular musobaqaning guruh bosqichidayoq o‘z yurishlarini to‘xtatishga majbur bo‘lishgan. Shundan so‘ng nigeriyaliklar ketma-ket 4ta qit’a kubogi saralashidan o‘ta olishmadi. Biroq, 1976 va 1978 yillarda ketma-ket ikki marta musobaqaning bronza medallarini qo‘lga kiritishdi.

Nihoyat 1980 yil ushbu musobaqaga Nigeriyaning o‘zi mezbonlik qildi. O‘z muxlislari qarshisida to‘p surgan Nigeriya terma jamoasi yakunda Afrika millatlar kubogining bosh sovrinini qo‘lga kiritdi va o‘z tarixidagi ilk chempionlikni tantana qildi.

Shundan so‘ng 1984, 1988 va1990 yilgi chempionatlarda nigeriyaliklar kumush medallarni qo‘lga kiritishdi. 1992 yil esa ular yana bronza medallari bilan taqdirlanishdi.

1994 yil Nigeriya futolida yana bir shonli yil bo‘ldi. Boisi, ular bu safar Tunis yashil maydonlarida musobaqa chempionligini qo‘lga kiritishdi. Shundan so‘ng nigeriyaliklar qatorasiga ikki bor (1996, 1998) ushbu musobaqada ishtirok etmadi. Keyin 2000 yil yana kumush medallarini qo‘lga kiritishdi. 2002, 2004 va 2006 yillarda esa Afrika millatlar kubogining bronza medallari yana nigeriyalik futbolchilarga nasib etdi.

2008 yil yarim finalga qadar etib borgan Nigeriya 2010 yilgi musobaqada bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Oradan ikki yil o‘tib 2012 yil Nigeriya qit’a birinchiligining saralashidan o‘ta olmadi.

Ammo, 2013 yil Janubiya Afrikada o‘tkazilgan musobaqada Nigeriya barcha raqiblarini tor-mor keltirib, o‘z tarixidagi uchinchi chempionlikni qo‘lga kiritdi. Shundan so‘ng ketma-ket 2ta (2015, 2017) musobaqa saralashidan o‘ta olmadi.

Nigeriya terma jamoasi haqida qiziqarli faktlar

Eng yirik g‘alabasi: 1959 yil 28 noyabr, Nigeriya Dagomeya 10:1.

Eng yirik mag‘lubiyati: 1955 yil 1 iyul, Oltin qirg‘oq – Nigeriya 7:0.

Eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi: Vinsent Eneama (101).

Eng yaxshi to‘purar: Rashidi Yekini (37).

FIFA reytingidagi eng yuqori o‘rni: 5-o‘rin (1994).

FIFA reytingidagi eng past o‘rni: 82-o‘rin (1999).

Salisu Yusuf boshchiligidagi Nigeriya terma jamosi murabbiylar shtabi bundan bir necha kun oldin terma jamoaning JCh-2018da ishtirok etishi mumkin bo‘lgan 30 nafar futbolchidan iborat kengaytirilgan tarkibni e’lon qildi.

Darvozabonlar: Ikechukvu Ezenva ("Enimba"), Frensis Uzoxo ("Deportivo", Ispaniya), Deniel Akpeyi ("Chippa Yunayted", JAR), Dele Ajiboye ("Plato Yunayted").

Himoyachilar: Abdullaxi Shexu, Uilyam Trost-Ekong (barchasi – "Bursaspor", Turkiya), Tayron Ebeyi ("Den Xag", Gollandiya), Ola Ayna ("Xall Siti", Angliya), Uva Elderson Echiedjile ("Serkl Bryugge", Belgiya), Brayan Idovu ("Amkar", Rossiya), Chidozi Avazem ("Nant", Frantsiya), Leon Balogun ("Maynts", Germaniya), Kennet Omeruo ("Kasimpasha", Turkiya), Stiven Eze ("Lokomotiv", Bolgariya).

Yarim himoyachilar: Jon Obi Mikel ("Tyantszin Teda", Xitoy), Ogeni Onazi ("Trabzonspor", Turkiya), Onine Uilfred Ndidi ("Lester Siti", Angliya), Ogenekaro Etebo ("Feyrense", Portugaliya), Jon Ogu ("Xapoel" Beer-Sheva, Isroil), Uche Agbo ("Standard", Belgiya), Joel Obi ("Torino", Italiya), Mikel Agu ("Bursaspor", Turkiya).

Hujumchilar: Axmad Musa (TsSKA, Rossiya), Kelechi Ixeanacho ("Lester Siti", Angliya), Moyzes Simon ("Gent", Belgiya), Viktor Mozes ("Chelsi", Angliya), Odion Igalo ("Chanchun Yatay", Xitoy), Aleks Ivobi ("Arsenal", Angliya), Simi ("Krotone", Italiya), Junior Lokosa ("Kano Pillars").

Eslatib o‘tamiz, Nigeriya terma jamoasi JCh-2018ning “D” guruhida Argentina, Islandiya va Xorvatiya terma jamoalariga qarshi bahs yuritadi.

Baxtiyor TOShTEMIROV tayyorladi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!