
Mundial sari. Tanishing - Urugvay terma jamoasi
Sanoqli kunlardan so‘ng Rossiya yashil maydonlarida futbol bo‘yicha XXI jahon chempionati start oladi. Sayyoramizning eng yirik musobaqasi oldidan SPORTS.uz sayti mundialda ishtirok etuvchi terma jamoalar bilan tanishtirishni boshlaydi. Tanishtiruvni mezbon mamlakat – Rossiya terma jamoasidan boshlagan edik. Bu safar ruslarning guruhidagi favorit hisoblangan Urugvay terma jamoasi haqida fikr yuritamiz.
Dunyodagi eng sovrindor jamoa
Urugvay terma jamoasi 1916 yildan buyon KONMOBEL a’zosi hisoblanadi. 1923 yilda esa FIFAga a’zo bo‘ldi. Ushbu terma jamoa sayyoramizning eng sovrindor terma jamoalaridan biri hisoblanadi. Urugvayliklar ikki karra Jahon chempioni (1930 va 1950), ikki karra Olimpiada o‘yinlari g‘olibi (1924 va 1928), 15 karra Janubiy Amerika kubogi sohibi va shuningdek Jahon chempionlari kubogi (1981) g‘olibi hisoblanishadi.
Qizig‘i, Urugvay Jahon chempionatida g‘olib chiqqan aholisi eng kam mamlakat hisoblanadi. Bu borada ikkinchi o‘rinda ularning qo‘shnisi Argentina turadi. Bundan tashqari Urugvay dunyodagi eng nufuzli musobaqalarda g‘olib chiqa olgan ilk terma jamoa hamdir (jahon chempionati, olimpiada va qit’a birinchiligi).
Jahon chempionatlaridagi ishtiroki
FIFA 1930 yilda ilk marta futbol bo‘yicha jahon chemionatini tashkil etdi va unga Urugvay mezbonlik qildi. Ilk turnirga FIFA o‘zining barcha a’zolarini taklif qilgan edi. Biroq, Urugvaydagi musobaqaga faqatgina 13ta terma jamoa tashrif buyurdi (7ta Jan.Amerika, 4ta Evropa va 2ta Shim.Amerika). 68 ming muxlis ko‘z o‘ngida o‘tgan final bahsida Urugvay qo‘shni Argentina terma jamoasini 4:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi va shu tariqa jahon chempionatlarining ilk g‘olibiga aylandi.
Urugvayliklar bundan keyingi ikkita mundialda ishtirok etishmadi (1934 Italiya va Frantsiya 1938). Orada Ikkinchi jahon urishi sabab jahon chempionatlari o‘tkazilmadi. Va nihoyat 1950 yilda to‘rtinchi mundial bo‘lib o‘tdi. Braziliya mezbonligidagi musobaqada yana urugvayliklar g‘olib bo‘lishdi. Ular bu safar finalda maydon egalarini 2:0 hisobida taslim etishdi.
Shveytsariyada bo‘lib o‘tgan 1954 yilgi jahon chempionatida Urugvay terma jamoasi 4-o‘rin bilan kifoyalandi. Oradan to‘rt yil o‘tib Shvetsiyada o‘tkazilgan mundialda esa urugvaylik futbolchilar saralashdan o‘ta olishmadi va ushbu musobaqaning final bosqichida ishtirko etishmadi. 1962 yilgi Chili mundialida ular guruh bosqichidayoq o‘z yurishlarini to‘xtatishga majbur bo‘lishdi. O‘shanda ularga sobiq Yugoslaviya, sobiq SSSR va Kolumbiya raqiblik qilgan.
Angliyada bo‘lib o‘tgan 1966 yilgi jahon chempionati Urugvay uchun yana omadsiz kechdi. Ular garchi guruh bosqichidan chiqa olishgan bo‘lsada, 1/4 final bosqichda Germaniya Federativ respublikasiga 4:0 hisobida mag‘lubiyatga uchrashdi. 1970 yilgi Meksika mundialiga esa anchayin shakllangan terma jamoa tashrif buyurdi. Urugvay musobaqaning guruh bosqichida Italiya, Shvetsiya va Isroil terma jamoalariga qarshi bahslarda ishtirok etdi va 2-o‘rin bilan pley-offga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Urugvayliklar ushbu bosqichda sobiq SSSR terma jamoasiga qarshi kurash olib borishdi. Shiddatli kechgan o‘yin taqdirini qo‘shimcha vaqtlarda Esparrago tomonidan yagona gol hal qildi. Shu tariqa yarim finalga qadar etib kelgan Urugvayga azaliy raqibi hisoblangan Braziliya to‘qnash keldi. Gollarga boy kechgan uchrashuv 3:1 hisobida braziliyaliklarning g‘alabasi bilan yakunlandi. Urugvay esa keyinchalik o‘zi kabi yarim finalda mag‘lub bo‘lgan Germaniya Federativ respublikasiga qarshi 3-o‘rin uchun o‘yinda ishtirok etdi va 1:0 hisobida mag‘lub bo‘ldi.
1974 yilgi Germaniya mundialida esa ular guruh bosqichida o‘z yurushlarini to‘xtatishdi. Urugvay 1978 yilgi Argentina va 1982 yil Ispaniya mezbonligida o‘tgan jahon chempionatlarida xatto saralashdan nariga o‘ta olmadi. 1986 (Meksika) va 1990 (Italiya) yilgi jahon chempionatlarida urugvaylik futbolchilar bir hil natijani qayd etishdi – 1/8 final. Shundan so‘ng Urugvay yana 2ta jahon chempionatida ishtirko eta olmadi (1994 AQSh va 1998 Frantsiya).
Nihoyat futbol ishqibozlari 2002 yil Yaponiya va Janubiy Koreya mezbonlik qilgan mundialda yana Urugvay terma jamoasini ko‘rishdi. Ammo, ular Daniya, Senegal va Frantsiya terma jamoalari joy olgan guruhdan navbatdagi bosqichga chiqa olishmadi. Germaniyada bo‘lib o‘tgan 2006 yilgi jahon chempionatida yana Urugvay saralashdan o‘ta olmadi. Ushbu natijadan kerakli xulosa chiqargan urugvaylik futbolchilar
2010 yil Janubiy Afrika mezbonligida o‘tgan jahon chempionatida ancha faol ishtirok etishdi. Meksika, JAR va Frantsiya terma jamoalari joy olgan guruhda urugvayliklar 7 ochko bilan birinchi o‘rinni egallashdi. Shundan so‘ng Urugvay birin ketin raqiblarini taslim eta boshladi. Dastlab nimchorak finalda Janubiy Koreya (2:1) dog‘da qoldirildi, Ganaga qarshi keyagan chorak final o‘yinida esa g‘olib nomi penaltilar seriyasida aniqlandi va unda omad urugvayliklarga kulib boqdi. Shu tariqa yarim finalga etib kelgan Urugvay terma jamoasini Gollandiya to‘xtatishga muvaffaq bo‘ldi - 3:2. Ular keyinroq 3-o‘rin uchun o‘tkazilgan Germaniyaga qarshi o‘yinda ham huddi shu hisobda mag‘lub bo‘lishdi va 4-o‘rin bilan kifoyalanishdi.
Braziliyada bo‘lib o‘tgan 2014 yilgi mundialda Urugvay “D” guruhidan joy oldi va Italiya, Angliya hamda Kosta-Rika terma jamoalariga qarshi kurash olib bordi. Guruhda kutilmaganda Angliya va Italiya qolib ketdi, urugvaylik va kosta-rikalik futbolchilar esa pley-off yo‘llanmasiga ega chiqishdi. Biroq, Urugvay terma jamoasining mundialdagi yurishi ushbu bosqichda Kolumbiya termasi tomonidan to‘xtatib qolindi – 2:0.
Urugvay terma jamoasi haqida qiziqarli faktlar:
Ilk o‘yin: 1901 yil 16 may Urugvay – Argentina 2:3
Eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi: Maksimilyano Pereyra – 124ta;
Eng yaxshi to‘purar: Luis Suares – 50ta;
Eng yirik hisobdagi g‘alaba: 1927 yil 6 noyabr, Urugvay – Boliviya 9:0;
Eng yirik hisobdagi mag‘lubiyat: 1902 yil 20 iyul Urugvay – Argentina 0:6;
FIFA reytingidagi eng yuqori ko‘rsatgichi: 2011 yil 2-o‘rin;
FIFA reytingidagi eng past ko‘rsatgichi: 1998 yil 76-o‘rin;
JCh-2018ga boradigan futbolchilar
Kuni kecha Urugvay terma jamoasi bosh murabbiyi Oskar Tabares JCh-2018 uchun 26 nafar futbolchidan iborat kengaytirilgan tarkibni e’lon qildi.
Darvozabonlar: Martin Kampanya («Independente»), Fernando Muslera («Galatasaroy»), Martin Silva («Vasko da Gama»).
Himoyachilar: Diego Godin («Atletiko»), Sebastyan Koates («Sporting»), Xose Ximenes («Atletiko»), Maksi Pereyra («Portu»), Gaston Silva («Independente»), Martin Kaseres («Latsio»), Gilermo Varela («Penyarol»).
Yarim himoyachilar: Naitan Nandes («Boka Xuniors»), Lukas Torreyra («Sampdoriya»), Matias Vesino («Inter»), Federiko Valverde («Deportivo»), Rodrigo Bentankur («Yuventus»), Karlos Sanches («Monterrey»), Jorjian de Arraskaeta («Kruzeyro»), Diego Laksalt («Jenoa»), Kristian Rodriges («Penyarol»), Xonatan Urretaviskayya («Monterrey»), Nikolas Lodeyro («Sietl Saunders»), Gaston Ramires («Sampdoriya»).
Hujumchilar: Kristian Stuani («Jirona»), Maksi Gomes («Selta»), Edinson Kavani («PSJ»), Luis Suares («Barselona»).
Eslatib o‘tamiz, Urugvay musobaqaning “A” guruhida Misr, Saudiya Arabistoni va mezbon Rossiya terma jamoalariga qarshi kurash olib boradi.
Baxtiyor TOShTEMIROV tayyorladi.
Fikrlar