
Muxlis minbari: Taekvondo haqida siz bilgan va bilmagan ma’lumotlar
Xalqimiz orasida «Sog‘lom tanda – sog‘ aql», «Sog‘ yurak – tog‘ yurak» kabi maqollar bot-bot takrorlanadi. Aytish joizki, keltirilgan sog‘lom aqlu, tog‘day yurakka ega bo‘lishda sportning o‘rni bo‘lakchadir.
Avvalambor, sport haqida gapiradigan bo‘lsak, u jismoniy madaniyatning tarkibiy qismi hisoblanadi. Sportda asosiy maqsad kishilar sog‘lig‘ini mustahkamlash va umumiy jismoniy rivojlantirish bilan bir qatorda turli sport musobaqalarida ishtirok etib, yuqori natijalarga erishishdir.
Yurtimizda sportga bo‘lgan e’tibor juda katta. Fikrimiz tasdig‘i sifatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003- yil 3- iyunda chiqqan «O‘quvchi va talaba yoshlarni sportga jalb qilishga qaratilgan uzluksiz sport musobaqalari tizimini tashkil etish to‘g‘risida» hamda 2003- yil 4- noyabrdagi «Ommaviy sport targ‘ibotini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorlar ostida amalga oshirilayotgan ishlarni aytish mumkin. Natijada sport bilan shug‘ullanuvchi o‘g‘il-qizlarga 100dan ziyod mashg‘ulotlar uchun mo‘ljallangan inshootlar barpo etilmoqda. Barcha sport turlari bilan shug‘ullanish uchun imkoniyatlar ko‘lami kengayib bormoqda. Masalan, shaxmat, tennis, gimnastika, figurali uchish, stol tennis kabilar. Ana shunday sport turlaridan yana biri taekvondodir. Bugungi kunda u tobora taraqqiy etib bormoqda. Diyorimizda yoshlarimizning eng ko‘p shug‘ullanadigan va sevimli sport turlaridan biri hisoblanadi. Taekvondo aslida sport turi emas, balki jangovar san’at sifatida namoyon bo‘lgan. Uning vatani Koreya bo‘lib, o‘tgan asrning 50 60- yillarida tarqala boshlagan. Ushbu sport turi o‘z xalqini sevish, o‘zini tarbiyalash, ruhiy yuksalish kabilarni o‘zida mujassamlashtirgan.
Taekvondo – koreyscha «tae» – oyoq, «kvon» – qo‘l, «do» – yo‘l ya’ni, oyoq va qo‘llarning harakat yo‘li degan ma’noni anglatadi. Bunda erkak va ayollar belgilangan maydonchada o‘z vazn toifalarida yakkama-yakka olishish va jamoaviy tarzda oyoq-qo‘llarda zarbalar berish yoki zarba harakatlarini qayd etish bo‘yicha musobaqalashadilar. Taekvondo musobaqalari ikki yo‘nalishda — ITF (Xalqaro taekvondo federatsiyasi) va WTF (Jahon taekvondo federatsiyasi) yo‘nalishlarida tashkil etiladi. Bunda 6ta belbog‘ turlari: oq, sariq, yashil, ko‘k, qizil va qora bo‘lib, bosqichma-bosqich shu rangdagi belbog‘larga ega bo‘ladilar.
Taekvondoning rivojlanishida subak, xvaran kabi kurash yo‘nalishlari muhim rol o‘ynaydi.
Taekvondoning ITF yo‘nalishiga 1955- yil Koreya Xalq Demokratik Respublikasida asos solingan bo‘lib, bu yo‘nalishda sportchilarning boshga tepishi, beldan pastga zarba berishi ta’qiqlangan. Shuningdek, tananing ruxsat etilgan qismlariga qo‘l yoki oyoq bilan to‘liq zarba berish mumkin emas. Olib boriladigan janglar 8 ga 8 o‘lchamdagi dayan ya’ni maydonda o‘tkaziladi.
Taekvondoning WTF yo‘nalishiga esa Koreya Respublikasida 1961- yilda asos solingan. 2000- yilda esa sportning ushbu turi Sidney olimpiadasi dasturidan o‘rin olgan. WTF turida sportchilarning qo‘l-oyoqlarda tananing beldan yuqori, old qismiga zarbalar berishga ruxsat etiladi.
Bu sport turi 1989- yildan yurtimizda ommalashib kelgan. Olek Pak, Aleksey Kan, Adik Li va boshqalar taekvondoning diyorimizdagi dastlabki targ‘ibotchilari bo‘lishgan. Bugungi kunda bu merosni Dmitriy Shokin, Sevara Usmonova, Nikita Maksim Rafalovich, Nigora Tursunkulova, Umida Abdullaevalar davom ettirib bir qator muvaffaqiyatlarga erishib kelmoqdalar.
Bugungi kunda ushbu jangovar san’at turi bilan 20 mingdan ziyod yurtdoshimiz shug‘ullanmoqda. 1993 yil Taekvondo milliy assotsiatsiyasi tashkil etildi. O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutida faoliyat ko‘rsatayotgan taekvondo kafedrasida malakali murabbiylar tayyorlanmoqda.
So‘nggi yillarda o‘zbekistonlik sportchilar yirik xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, jahon va qit’a chempionatlarida g‘alaba qozonmoqda, Olimpiya o‘yinlarida yuqori o‘rinlarni egallamoqda.
Hozirda taekvondo WTF federatsiyasi prezidenti Chung Von Chouning ta’kidlashicha, Koreyada ushbu sport turi bilan 4 yoshdan shug‘ullanishadi hamda taekvondoni majburiy ta’lim darsligiga kiritib, boshlang‘ich sinfdan o‘quvchilarni ushbu sport turiga tayyorlab boriladi.
Bu ularning o‘zlaridagi milliy sportga bo‘lgan hurmatlarining cheksizligi va kelajak avlod qadimiy jang san’ati bilan tanishib o‘zligini anglashiga imkon beradi. Xo‘sh, nega bizda o‘zimizning milliy kurashimizni yoki jang san’atimizni o‘rganishimiz uchun ta’lim tizimiga kiritilmagan? Nazarimda, agar bizda ham Koreya davlati singari maktablarimizda ta’lim tizimiga jismoniy tarbiyaga qo‘shimcha tarzida jang san’atimizni yoki boshqa sport turi dars sifatida kiritilsa, hayot davomchilari bo‘lgan yoshlar o‘sha sportning ham tarixi, ham buguni bilan tanishadilar va sog‘lom bo‘lib etishib chiqadilar.
Muallif: Maftuna BOYXONOVA
Fikrlar