
No‘’mon Hasanov: Hujumchi olish rejamiz bor
Pepsi Superliga 10-turidan o‘rin olgan «Paxtakor» - «Qo‘qon-1912» uchrashuvidan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumaning birinchi qismida qo‘qonliklar ustozi No‘’mon Hasanov va Javohir Sidiqovlar ishtirok etishdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar bermoqda.
No‘’mon Hasanov: - Ko‘rib turibsizlar, chempionatimiz saviyasi ancha oshdi. Har bir o‘yin shiddatli kurashlar ostida o‘tmoqda. Bugun g‘alaba qozonish uchun maydonga tushgandik. Bugungi o‘yin uchun yigitlarga minnatdorchilik bildiraman. O‘yindan-o‘yinga saviyamiz oshib bormoqda. Shogirdlarimning o‘z kuchlariga bo‘lgan ishonchi ortmoqda. “Paxtakor” yurtimizning eng kuchli jamoalardan biri hisoblanadi. Ular ham bugun yaxshi o‘yin namoyish etishdi.
Mehmonda durang o‘ynash yaxshi natijadir, balki, lekin biz uch ochkoni ko‘zlagandik. Biz har bir o‘yinda g‘alaba qozonish uchun maydonga tushamiz.
Hujumchi olish rejamizda bor. Menimcha, hujumchi etishmovchiligi hamma jamoalarda bo‘lsa kerak. Nosir Otaqo‘ziev bugun yaxshi o‘ynadi, uni jamoamizga ko‘p foydasi tegdi.
Bizning kuchimiz bu bir oila ekanligimiz. Bizda juda ahil jamoa jamlangan. Shuning evaziga yaxshi natijalarga erishyapmiz. Safarda ettita o‘yinni o‘tkazganimizni ham unutmaslik lozim.
“Paxtakor”ga qarshi hujumkor o‘ynab bo‘lmasligini hamma bilsa kerak. Shuning uchun bugun qarshi hujumga tayanib maydonda harakat qildik. Golni ham qarshi hujumda kiritdik. Ikkinchi golni ham urishimiz mumkin edi. Lekin aynan o‘sha gol bizga etishmadi.
Javohir Sidiqov: - Bugun ancha shiddatli o‘yin bo‘ldi. “Paxtakor” chempionatimiz peshqadami sanaladi. Shuni bilgan holda tayyorgarlik ko‘rgan edik. Murabbiylarimiz ko‘rsatmalarini 100 foiz bajarganimizda g‘alaba qozonishimiz mumkin edi. Bugun nimadir etishmadi. Safardan bir ochko bilan qaytish ham yomon emas. Lekin biz g‘alabani ko‘zlagan edik. Keyingi o‘yinda g‘alaba qozonib, muxlislarimizni xursand qilamiz, degan umiddaman. Bizni tinimsiz qo‘llab-quvvatlab kelayotgan muxlislarimizga minnatdorchilik bildirib o‘taman.
Fikrlar