
O‘FA bayonoti: Aziz Turg‘unboev diskvalifikatsiya qilinishi mumkin
Xabaringiz bor, ayni kunlarda futbolchi Aziz Turg‘unboevning qaysi klubga tegishli ekanligi masalasi dolzarb bo‘lib turibdi.
Shu yilning 22 yanvar kuni “Paxtakor” Aziz Turg‘unboev bilan 1 yanvar kuni tuzilgan shartnomani Chempionlar ligasi uchun ro‘yxatdan o‘tkazishga olib keldi. 28 yanvar kuni esa klub mazkur shartnomaga imzo qo‘ygan futbolchi “Navbahor” safida xorij yig‘inida ishtirok etayotgani yuzasidan shikoyat arizasi bilan PFL bosh direktoriga murojaat yo‘lladi.
Mazkur shikoyat arizasi PFL tomonidan O‘FAning “Futbolchilarning maqomi va o‘tishi bo‘yicha qo‘mita”ga oshirildi. Komissiya tez kunlar ichida bu masala yuzasidan ish boshlaydi. Ushbu masala qonuniy tarzda ko‘rib chiqiladi va hal etiladi.
Hozirda ijtimoiy tarmoqlarda ba’zi muxlislar tomonidan Aziz Turg‘unboev masalasi bo‘yicha turli videomurojaatlari e’lon qilinmoqda. O‘FA bu videomurojaatlarni ko‘rib chiqdi va u erdagi muxlislar fikrini hurmat qilishini ma’lum qiladi.
Shu bilan birga futbolchining transferi bilan bog‘liq huquqiy masala videomurojaatlar asosida emas, qonuniy yo‘l bilan hal qilinishi kerakligini ham eslatib o‘tadi.
Tomonlar bir stol atrofida o‘tirib, yuzma-yuz holda futbolchi va uning agenti ishtirokida muhokama olib borishadi. Agar bu masalada biror klub aybdor bo‘lib chiqsa, tegishli tartibda jazolanadi. Agar ayb futbolchida bo‘lsa, futbolchi diskvalifikatsiya qilinishi mumkin.
Shunday ekan, mazkur masala tegishli tartibda hal qilingunga qadar muxlislardan turli gap-so‘zlarga uchmay, oqilona yo‘l tutishni va O‘FAning yakuniy qarorini kutish hamda o‘sha qarorni hurmat qilishni so‘rab qolamiz.
Fikrlar