
Oliy liga: Birinchi turda 5 futbolchi o‘z debyutida gol urdi
Xabaringiz bor, 3-4 fevral kunlari oliy liga-2017 birinchi tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Muxlislar ikki kun mobaynida yangi mavsum o‘yinlaridan bahramand bo‘lishdi.
Ushbu turda 5 futbolchi o‘zining yangi jamoasidagi debyut o‘yinida gol urishga erishdi.
“Paxtakor” – “Qizilqum” uchrashuvida mehmonlar safidagi yagona gol muallifi Azamat Allaniyozov bo‘ldi. Ushbu futbolchi o‘tgan mavsum Qarshining “Nasaf” jamoasi sharafini himoya qilgandi.
Kecha Namanganda “Navbahor” – “Obod” bellashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda maydon egalari 2:1 hisobida zafar quchishdi. E’tiborlisi, mezbonlarning ikkala golini “Navbahor”ning yangi haridlari o‘z nomlariga yozdirib qo‘yishdi. O‘tgan mavsum “Mash’al” safida to‘p tepgan Mirzohid G‘ofurov va G‘iyos Komilov birinchi turda “lochinlar” tarkibida maydonga tushib debyut o‘yinida gol urishga erishdilar.
Shuningdek, ushbu bahsda mehmonlarning yagona golini Navro‘zbek Haipov darvozaga kiritdi. Ushbu futbolchi o‘tgan yili birinchi liga vakili “Orol”da faoliyat olib borgan.
4 fevral sanasida “Buxoro” – “Olmaliq” o‘yini o‘tkazildi. Unda maydon egalari kichik 1:0 hisobida g‘alaba qozonishdi. Ivan Nagaev o‘zining ilk uchrashuvida “Olmaliq” darvozasini ishg‘ol qilib, buxoroliklarga 3 ochko olib keldi.
Fikrlar