
Pro-liga. “Surxon”dagi "keldi-ketdilar" haqida
Termizliklar 7 iyul kuni Toshkent viloyatining Chorvoq tog‘ hududida tayyorgarlikni boshladilar. Ta’kidlash kerakki, “Surxon”ning murabbiylar shtabida ham, tarkibida ham jiddiy o‘zgarishlar kuzatilishi ro‘y bermoqda.
Dilshod Nuraliev iste’foga chiqarilganidan keyin uning murabbiylar shtabi ham to‘liq ishdan bo‘shatilgandi. Yangi bosh murabbiy etib tayinlangan Igor Shkvirin o‘zi uchun yangi murabbiylar shtabini yig‘di. “Neftchi” jamoasida ishlagan Abdumalik Hakimov, “Paxtakor” akademiyasida selektsioner murabbiy bo‘lib ishlagan Abdumajid Toirov va buxorolik Gennadiy Kochnev Shkviringa yaqindan yordam bermoqdalar.
Endi tarkib masalasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, Islom Inomov, Ilhom Alijonov, Ibrohim Rahimov va Farhod Tojiev “Surxon”ni tark etishdi. Yana ayrim o‘yinchilarga ham javob berilishi mumkin. Ayni paytda jamoa tarkibida bir qator yangi o‘yinchilar shug‘ullanishmoqda. “Qizilqum”dan Sergey Proxorov, “Istiqlol”dan Qahramon Mahammadjonov, “Neftchi”dan Otabek Ahmadjonov, “Metallurg”dan Jamshid Yusupov, shuningdek, Tojikistonning “Regar TadAZ” jamoasidan Sirojiddin Allaev termizliklarning mashg‘ulotlariga qo‘shilishgan. Shkvirin transfer oynasi yopilguniga qadar yana bir qator o‘yinchilar bilan kelishuvga erishishni mo‘ljallab turibdi.
Fikrlar